Shaxsiy masʼuliyat, mustahkam intizom va tashabbuskorlik – samarali mehnat poydevori
Joriy yil 10-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladilar.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharririning Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi R.V. Abduqodirov bilan suhbati mazkur Farmonda koʻtarilgan va respublika boshqaruv organlari hamda hokimliklari oldida turgan tizimli vazifalarning muhimligi va ahamiyati xususida boʻldi.
— Mazkur Farmonni qabul qilishning asosiy mohiyati va sabablari haqida soʻzlab bersangiz. Ushbu masalalarga avval qabul qilingan qonunchilik hujjatlarida alohida eʼtibor qaratilmaganmi?
— Bu savolga javob berish uchun tarixga murojaat qilish zarur.
Birinchidan — 1999-yil 12-yanvarda Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 12-son qarori qabul qilindi. Oʻtgan yillar mazkur hujjatni qabul qilishning maqsadga muvofiqligini, boshqaruv organlarining ishlash amaliyoti va bu borada erishilgan natijalar esa — ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilayotgan mexanizmlar, shakllar va usullar oʻz samarasini berayotganini yaqqol tasdiqladi.
Ikkinchidan — 2016-yil mamlakatda yangi zamonaviy Oʻzbekistonni rivojlantirish boʻyicha boshlangan tub oʻzgarishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi hamda ijro intizomini yana-da mustahkamlash uchun Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish masalasini kun tartibiga olib chiqdi va buni alohida taʼkidlash oʻrinlidir.
2017-yil yanvarda Hukumatning 2016-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga bagʻishlangan majlisida Vazirlar Mahkamasi kompleksining har bir rahbariga, Hukumatning aksariyat aʼzolari va hududlar hokimlariga prinsipial hamda qatʼiy baho berildi. Majlisda shaxsiy intizom, masʼuliyat va tashabbuskorlikning yoʻqligi jiddiy kamchiliklar va xatoliklar asosini tashkil qilishi alohida taʼkidlandi. Shundan soʻng davlatimiz rahbari tomonlaridan 2017-yil 11-aprelda PQ-2881-son maxsus qaror qabul qilindi. Alohida oʻtkazilgan majlisda Hukumatning barcha rahbarlari va aʼzolari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari hamda respublika hududlari hokimlari ushbu muhim hujjatning mutlaqo yangi yondashuvlari bilan tanishtirildi.
Oʻtgan besh yil Prezidentimizning tashabbuslari bilan qabul qilingan chora-tadbirlarning maqsadga muvofiqligi va zarurligini qatʼiy isbotladi. 2016-2021-yillarda zamonaviy boshqaruv usullarini amaliyotga joriy etish, ijroni nazorat qilish va tekshirish shakllarini takomillashtirish, talabchanlikni kuchaytirish borasidagi amaliy ishlar, shuningdek, rahbarlar shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha qabul qilingan qatʼiy chora-tadbirlar davlat qurilishining serqirra vazifalarini bajarish, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirish, bugungi murakkab sharoitlarda
respublikani barqaror va jadal rivojlantirishning kafolati boʻldi.
Uchinchidan — hayot bir joyda toʻxtab turmaydi, balki oldimizga yangi va yangi talablarni qoʻymoqda. Shu yilning 18-yanvarida davlatimiz rahbari kengaytirilgan selektor majlisida Oʻzbekistonni rivojlantirishning zamonaviy bosqichida muhim tub oʻzgarishlar sifatida qonunchilik hujjatlarining ijrosini samarali tashkil etish boʻyicha kompleks vazifalarni yana bir bor aniq belgilab berdilar.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: ushbu masalaning koʻtarilishiga nima sabab boʻldi? Bu borada “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining ayrim asosiy va muhim yoʻnalishlariga eʼtibor qaratsak. Makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, faol investitsiya siyosatini davom ettirish, eksport salohiyatini oshirish, davlat kompaniyalarini transformatsiya qilish, tovar va moliya bozorlarida erkin raqobat muhitini shakllantirish, hududlarni, ayniqsa, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishdan orqada qolayotgan 33 ta tumanni yana-da kompleks rivojlantirish, 84 ta shahar va tumanda sanoat salohiyatini oshirish, texnoparklar, klasterlar va logistika markazlarini tashkil qilish, muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun bir qator litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni bekor qilish Davlat dasturida ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilangan.
Shu bilan birga, oʻtgan yilning oxiri va shu yilning boshida oʻtkazilgan uchrashuvlarga muvofiq turli toifadagi yoshlar bilan ishlash, taʼlim, ilm-fan, sogʻliqni saqlash va madaniyat, shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini faollashtirish hamda ularni yangi mazmun-mohiyat bilan boyitish zarur. Eng muhimi — respublika aholisining barcha toifalarini ijtimoiy himoya qilish darajasi va sifatini yana-da oshirishni taʼminlash kerak.
Bularning barchasi, albatta, nafaqat koʻplab qonunchilik hujjatlarini qabul qilish, balki ularni samarali bajarishni yana-da takomillashtirilgan darajada tashkil qilish, belgilangan vazifalar va maqsadli parametrlarga toʻliq hajmda erishishni taqozo etadi.
Farmon talablarini amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari
— Aytingchi, Prezidentimizning mazkur Farmonlarida belgilangan maqsadlarga erishish uchun ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha qaysi prinsipial masalalarga eʼtibor qaratish zarur?
— Juda toʻgʻri savol berdingiz. Afsuski, boshqaruv organlarining koʻpgina rahbarlari va mutaxassislarida ijro intizomi — bu qonunchilik hujjatida belgilangan topshiriqni faqat oʻz vaqtida, yaʼni belgilangan muddatda bajarish, degan notoʻgʻri fikr shakllangan.
Ishlarni tashkil qilishning aynan mana shu dastlabki bosqichida aksariyat rahbarlar va mutaxassislar orasida keng tarqalgan bunday notoʻgʻri fikr ijro intizomi darajasi pastligining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. Misol uchun, qonunchilik hujjatlari talablariga va belgilangan muddatlarga qatʼiy rioya etmasdan, yuqori texnologiyali va rentabelli korxonani, klaster yoki logistika markazini tashkil qilish, yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni foydalanishga topshirish va boshqa ishlarni bajarish nihoyatda qiyin.
“Ijro intizomi”, aytaylik, YAIM kabi oʻziga xos integratsiyalashgan koʻrsatkich sifatida tizimli va ustuvor vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish asosini belgilab beradigan bir qator muhim tarkibiy qismlarni oʻz ichiga oladi, desam, hech qanday mubolagʻa boʻlmaydi. Ular orasida:
birinchi tarkibiy qism — iqtisodiyotning har bir tarmogʻini, ijtimoiy sohani, hudud, shahar va tumanni, yangi talablarni inobatga oladigan boʻlsak — har bir mahallani rivojlantirish holatini har tomonlama atroflicha va tanqidiy tahlil qilish;
ikkinchi tarkibiy qism — qonunlar, Prezidentimizning, Oliy Majlis har ikki palatasining hujjatlari va topshiriqlari, shuningdek, Hukumat qarorlarini amalga oshirish samaradorligini har kuni tizimli asosda tanqidiy tahlil qilish. Mamlakatimiz Parlamentiga Murojaatnomada “...soʻnggi 4 yilda keng koʻlamli islohotlarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan 150 ta qonun, qariyb 2 mingta Farmon va qaror qabul qilingani” qayd etildi. Albatta, ularning barchasi toʻliq hajmda soʻzsiz amalga oshirilishi darkor. Zero, har bir hujjatda mamlakatimiz va jamiyatni rivojlantirish hamda fuqarolar farovonligini taʼminlash boʻyicha tizimli vazifalar belgilangan. Har bir rahbarning faoliyati va shaxsiy masʼuliyati ham bu borada erishilgan natijalarga muvofiq baholanishi zarur;
uchinchi tarkibiy qism — iqtisodiyot tarmoqlariga oid va shaharlar hamda tumanlar, shuningdek, mahallalar kesimida respublika hududlari boʻyicha muntazam yangilab boriladigan va quyidagi asosiy maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish: a) iqtisodiy va moliyaviy koʻrsatkichlar; b) investitsiya faoliyati; v) eksport salohiyatini kengaytirish; g) bandlik masalalari; d) tadbirkorlik va ijtimoiy sohani rivojlantirish; ye) tarmoqlar va hududiy darajada hal etishni talab qiladigan muammoli masalalar alohida aks ettirilishi lozim; j) oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda amalga oshirishni talab qiladigan tizimli vazifalar roʻyxati.
Ushbu uchta tarkibiy qism boʻyicha tayyorgarlik ishlari har yili dekabrda amalga oshirilmoqda. Boshqaruv organlari hayʼatlarida va hokimliklar majlislarida yanvar oyining boshida har tomonlama muhokama etilib, keyinchalik 2021-yilda boʻlgani kabi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va Prezident Administratsiyasi rahbari boshchiligida Vazirlar Mahkamasida ushbu ishlarning yakunlari sarhisob qilinadi. Ayniqsa, soʻnggi besh yilda toʻplangan tajriba shundan dalolat beradiki, mazkur uchta muhim tarkibiy qism shakllantirilib amalga oshirilmas ekan, mustahkam va ishonchli Tashkiliy, ijro va nazorat faoliyatining yagona tizimini yoʻlga qoʻyib boʻlmaydi. Aynan mana shu vazifa davlatimiz rahbarining mazkur Farmonlarida ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Ijro intizomini mustaHkamlash mexanizmlari, shakllari va usullari
— Qabul qilingan ushbu Farmon koʻplab hujjatlar — ilovalarni oʻz ichiga olgan. Aytingchi, ularning mazmun-mohiyati nimalardan iborat va qanday yakuniy maqsadlar nazarda tutilgan?
— Savolingiz oʻrinli. Davlatimiz rahbarining mazkur Farmonlarida belgilangan amaliy mexanizmlar, shakllar va usullar ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha yagona va uzluksiz “texnologik zanjir”ni tashkil qilishi zarur. Bu borada quyidagi ustuvor masalalarga alohida eʼtibor qaratish kerak:
birinchi — boshqaruv tizimini yangi zamonaviy Oʻzbekistonni rivojlantirishning yangi bosqichi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha, shuningdek, respublika hududlarining maqsadli hamda ustuvor vazifalariga muvofiq takomillashtirish. Shu munosabat bilan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, barcha darajalardagi hokimliklarning kalendar ish rejalarini puxta shakllantirish masalalari yuqorida qayd etilgan uchta tarkibiy qismni samarali amalga oshirish uchun alohida ahamiyat kasb etadi. 2010-yil Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir oʻrinbosarlari, apparat boʻlinmalari rahbarlari va mutaxassislarining shaxsiy ish rejalarini tuzish, shuningdek, erishilgan natijalarni tizimli tahlil qilish amaliyoti joriy etilgan edi. Oʻtgan yillar ushbu amaliyotning maqsadga muvofiqligini va zarurligini isbotladi;
ikkinchi — asosiy jihatlardan yana biri — bu hujjatlar, yaʼni qonunlar, farmonlar, qarorlar va boshqa hujjatlar loyihalarini har tomonlama puxta hamda yuksak professional darajada tayyorlash. Bu borada ayrim maʼlumotlarni keltirib oʻtmoqchiman. 2020-yilda Vazirlar Mahkamasi apparati tomonidan vazirliklar va idoralar, shuningdek, hokimliklar bilan birgalikda davlatimiz rahbarining 344 ta hujjatlari tayyorlanib, Prezident Administratsiyasiga kiritildi. Respublika Hukumatining 834 ta qarori va 580 ta farmoyishi qabul qilindi. Albatta, bu mashaqqatli mehnat samarasidir.
Biroq, ayrim loyihalar, ayniqsa, konsepsiyalar, dasturlar va strategiyalar loyihalarini iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish darajasining pastligi, aniq va tushunarli mexanizmlarning, shuningdek, topshiriqlarni bajarish muddatlarining yetarli darajada ishlab chiqilmayotgani, bu borada shaxsiy tashabbus va talabchanlik koʻrsatilmayotgani pirovardida, ijro intizomi darajasining pastligi, ustuvor vazifalar va topshiriqlarning oʻz vaqtida hamda toʻliq amalga oshirilmasligining asosiy sabablaridan biri boʻlmoqda.
Ifodali qilib aytadigan boʻlsak, qabul qilinadigan hujjatning deyarli har bir bandida uchta savolga aniq va tiniq javob boʻlishi kerak: qoʻyilgan maqsadlarga erishish uchun, birinchidan — kim tomonidan (vazirlik, idora, hokimlik yoki ularning rahbarlari shaxsan); ikkinchidan — aniq nimani (shakllantirilgan vazifa yoki topshiriq); uchinchidan — qanday muddatlarda (optimal aniq) amalga oshirish zarur?
Hujjatlar loyihalarini tayyorlashda yuqorida qayd etilgan kamchiliklar, shuningdek, asosli tahliliy bazaning yoʻqligi, shu jumladan, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganmaslik va undan foydalanmaslik, ularni tegishli boshqaruv organlarida, avvalambor, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi, Markaziy va boshqa banklarda uzoq vaqt kelishishning asosiy sabablari boʻlmoqda. Bundan tashqari, boshqaruv organlarining ayrim rahbarlari bu boradagi ishlarni shaxsan nazorat qilmasdan, vujudga kelgan masalalar va kelishmovchiliklar yuzasidan bosh qotirmasdan, ushbu vazifalarni oʻz oʻrinbosarlariga topshirib qoʻyish bilan cheklanmoqda yoki toʻliq kelishilmagan hujjatlar loyihalarini respublika Hukumatiga yubormoqda. Bu esa, oʻz navbatida, Vazirlar Mahkamasi Reglamenti talablarining buzilishiga hamda topshiriqlar ijrosi belgilangan muddatlarda taʼminlanmasligiga olib keladi.
Shu sababli davlatimiz rahbarining quyidagi koʻrsatmalarini esga olish maqsadga muvofiq va oʻta muhimdir: “Rahbarlar, qanday lavozimni egallamasin, avvalo, qogʻoz bilan emas, balki yuzaga kelgan muammo yoki vazifa bilan ishlashi, ularni maksimal qisqa muddatlarda va yuksak yakuniy natija bilan hal qilishning samarali yoʻllarini qatʼiyat bilan topishi hamda taklif etishi shart”. Shuning uchun ushbu topshiriqqa va Farmonning 5-bandiga muvofiq birinchi rahbarlar endi nafaqat qonunchilik hujjatlari loyihalarining tayyorlanishini va kelishilishini shaxsiy nazoratiga olishi, balki ularning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi boʻlinmalarida, Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilari huzurida himoya qilinishini taʼminlashi zarur;
uchinchi — qabul qilingan qonunchilik hujjatining ijrosini tashkil qilish. Boshqaruv organlari ish amaliyotida nazorat rejalari va harakatlar dasturlarini, soʻnggi yillarda esa qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va tasdiqlash mustahkam oʻrin egalladi. Bu, albatta, sezilarli natijalar bermoqda. Masalan, toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsirga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning zudlik bilan qabul qilingani, shoshilinch chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirishga doir ishlar tezkor tashkil qilingani va qatʼiy nazorat darajasi COVID-19 pandemiyasiga qarshi haqiqiy kurashda jiddiy oqibatlarning oldini olish hamda ulardan saqlanish imkonini berdi.
Shu bilan birga, boshqaruv organlarining, ayniqsa, oʻrta va quyi boʻgʻinlarida, shuningdek, tumanlar va shaharlar hokimliklari apparatlarida yuzaga kelgan quyidagi holatlar tashvishga solmoqda: birinchidan, rahbarlar muammoli vazifalar mohiyatini chuqur anglamayapti, balki “ijro uchun” topshiriqlar bilangina cheklanib qolmoqda; ikkinchidan, koʻpincha tizimli vazifalarni amalga oshirishni oʻz oʻrinbosarlariga, boshqarma boshliqlariga yoki mutaxassislarga topshirib qoʻymoqda; uchinchidan, joylarda ijro intizomi hech qanday tanqidiy tahlilsiz va masʼuliyatsiz ijrochilarga nisbatan tegishli talabchanlik koʻrsatilmagan holda nomigagina tekshirilmoqda.
Ushbu kamchiliklar, albatta, boshqaruv organlari, ayniqsa, barcha darajalardagi hokimliklar kundalik ish amaliyotida ularning qatʼiy oldini olishni va bartaraf etishni talab etmoqda. Buning uchun Farmonda hujjatlar va topshiriqlar ijrosini bevosita boshqaruv organlari va hokimliklarning birinchi rahbarlari huzurida har hafta va har oyda tanqidiy muhokama qilish reglamenti belgilangan. Shuningdek, vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini Vazirlar Mahkamasi kotibiyatlarida, boshqarmalarida va boʻlimlarida, shuningdek, Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilari huzurida videokonferensaloqa orqali eshitish boʻyicha yaqinda joriy etilgan amaliyot ham oʻz samarasini bermoqda.
Shu munosabat bilan davlat boshqaruvi organlari va hokimliklar rahbarlari hamda xodimlarining huquqiy savodxonlik darajasini doimiy asosda monitoring qilish va baholash amaliyotini joriy qilish maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalarida qonunchilik hujjatlarining bajarilish holatini “Prezident qarorlari — hayotda va nazoratda” rukni ostida jamoatchilik nazoratidan keng foydalangan holda yoritish barcha darajalardagi rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini oshirishning muhim vositasi boʻlishi zarur;
toʻrtinchi — qonunchilik hujjatlarining bajarilish holatini maqsadli oʻrganish va aniqlangan kamchiliklar boʻyicha tezkor choralar koʻrish. Bu boradagi ishlar holatini oʻrganish shundan dalolat beradiki, masalan, 2020-yilda Energetika, Qurilish, Investitsiyalar va tashqi savdo, Moliya, Qishloq xoʻjaligi, Sogʻliqni saqlash vazirliklari tizimlarida, shuningdek, Navoiy, Samarqand, Toshkent, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hokimliklarida idoraviy mansub tuzilmalardagi ishlar holatini tanqidiy hamda tizimli oʻrganish masalalari boshqaruv organlari tizimining eng zaif boʻgʻinlaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan murojaatlarning muayyan qismi turli organlarga yoʻllanayotgani ham qabul qilingan hujjatlarning oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarilmasligi boʻyicha kamchiliklarning oʻziga xos “koʻzgusi” hisoblanadi. Misol uchun, oʻtgan yili Vazirlar Mahkamasiga, davlat boshqaruvi organlari va hokimliklarga umumiy murojaatlar soni 806 mingdan ortiqni tashkil qildi. Ularning 187 mingdan ziyodi vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalariga yoʻllangan. Buning ustiga, murojaatlar soni 2019-yilga nisbatan 10 foizga koʻpaygan. Murojaatlarning aksariyat qismi Bandlik va mehnat munosabatlari, Suv xoʻjaligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirliklariga, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Agrobank”, “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” ATBlarga yoʻllangan.
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilarining — viloyatlar hamda Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari majlislarida, viloyatlar hokimliklari rahbarlarining — tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari majlislarida, tumanlar (shaharlar) hokimlari va sektorlar rahbarlarining — mahallalarda fuqarolar yigʻinlari majlislarida hisobot berish amaliyoti joriy etilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad — birinchidan, fuqarolarning fikrlarini, tashvish va ehtiyojlarini eshitish, ikkinchidan, qabul qilingan hujjatlar ijrosini taʼminlashda zaif jihatlarni aniqlash, uchinchidan, aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tezkor choralar koʻrishdan iborat.
Prezidentimizning mahallalar, muassasalar va tashkilotlarda oʻtkazilgan shaxsiy uchrashuvlari, suhbatlari, joylarda tezkor choralar qabul qilinishi, shu jumladan, rahbarlar faoliyatiga shaxsan baho berishlari bunday amaliyotni barcha joylarda joriy qilish zarurligining yorqin tasdigʻidir. Davlatimiz rahbarining yaqinda Fargʻona va Namangan viloyatlariga tashriflari barchamiz uchun ijroni amalda nazorat qilish, ish vaqtidan, ayniqsa, xizmat safarlarida unumli foydalanish boʻyicha yaqqol misol boʻlib xizmat qiladi;
beshinchi — boshqaruv organlarining apparatlari va hududlar hokimliklarida ushbu ishlarni muvofiqlashtirish vazifasi yuklangan boʻlinmalar (boshqarmalar, boʻlimlar, sektorlar, guruhlar va mutaxassislar) ijro intizomini mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi. Mazkur lavozimlarga munosib nomzodlarni puxta tanlab olish maqsadida Farmonda ularni Vazirlar Mahkamasida tajriba orttirgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijro intizomini taʼminlash shoʻbasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlashning yangi tartibi belgilangan;
oltinchi — qonunchilik hujjatlari qabul qilingandan boshlab, ularning tanqidiy tahlilini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, Hisob palatasi va Prezident Administratsiyasiga taqdim etgan holda, ijrosini tashkil etish boʻyicha barcha jarayonlarni oʻz ichiga olgan “Ijro.gov.uz” tizimini joriy qilish.
Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosining nazoratini yuritish boʻyicha ushbu yangi tizimni joriy qilish borasidagi asosiy vazifalar va funksiyalar Adliya vazirligiga hamda uning tuzilmasida tashkil etiladigan maxsus hududiy boshqarmalarga yuklanmoqda. Bu, shuningdek, birinchidan, qabul qilingan hujjatlarning oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarilishi puxta tahlil qilinishini taʼminlash, ikkinchidan, muammoli masalalar boʻyicha tezkor choralar koʻrish va uchinchidan, oʻz vaqtida va ishonchli hisobdorlikni taʼminlash uchun ham juda muhimdir.
Ushbu masalalar, avvalambor, davlatimiz rahbarining protokol qarorlari qabul qilingan hududlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari, shuningdek, sogʻliqni saqlash, madaniyat, bandlik, pensiya taʼminoti, aholining mehnat qilishi, turmushi va dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish sohalaridagi ishlar holati maʼlum darajada samarali faoliyat yuritishiga bogʻliq boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari uchun alohida ahamiyatga egadir;
yettinchi — Farmonning 5-bandida joriy etilayotgan Tashkiliy, ijro va nazorat faoliyatining yagona tizimining natijadorligi uchun rahbarlarga shaxsiy masʼuliyat belgilangan. Hujjatda oʻtgan yilning oʻzida ijro intizomini susaytirib yuborganligi va kadrlarga nisbatan talabchanlik qilmaganligi uchun sogʻliqni saqlash, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirlari, ayrim davlat qoʻmitalari va agentliklari rahbarlari, shuningdek, 25 ta tuman va shahar hokimlari egallab turgan lavozimidan ozod etilgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari faqat intizom choralarini qoʻllash ijro intizomini mustahkamlashda asosiy omil boʻlmasligi, balki har bir rahbar va mutaxassisni masʼuliyat, matonat va sobitqadamlik bilan mehnat qilishga undaydigan Yagona tizim aniq va puxta ishlashi zarurligini har doim taʼkidlaydilar. Bu nafaqat qonunchilik hujjatlarida, balki sifatli hamda belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan koʻpgina nazorat topshiriqlarida ham koʻzlangan maqsadlar va vazifalarga erishish kafolatidir.
Misol uchun, bugungi kunda hududlarni rivojlantirishning protokol qarorlari boʻyicha 1455 ta topshiriq, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha 2109 ta topshiriq, oliy darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha qabul qilingan “yoʻl xaritalari”ning 960 ta bandi bajarilgan. Oʻtgan yilning oʻzida 26 ta parlament soʻrovlari, senatorlar va deputatlarning 362 ta soʻrovlari oʻrganilib, ular boʻyicha javoblar yuborildi, parlament eshituvlari va “parlament soati”da 36 ta vazirlik hamda idoralar rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Yana bir muhim jihat — bu erishilgan natijalarni xolis baholash va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni konstruktiv tanqid qilish. Xodimlarni, jumladan, ish staji, ilmiy va martaba darajasi, unvoni uchun moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha bugun respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan tizim shubhasiz, har bir rahbar va mutaxassisni yuksak samara, masʼuliyat va albatta, natijadorlik bilan mehnat qilishga undashi darkor. Yaʼni, bu ish har birimiz uchun ongli ravishda ehtiyojga va kerak boʻlsa, “temir” qoidaga aylanishi zarur.
Bu borada shuni taʼkidlash kerakki, ayrim xodimlar katta maosh va mukofotlar olsa-da, ijro intizomini qoʻpol ravishda buzmoqda, hujjatlar loyihalarini sifati past darajada tayyorlamoqda, nazorat topshiriqlarining oʻz vaqtida ijrosini taʼminlamayapti, kerakli tashabbusni koʻrsatmayapti. Bunday holatlarga, albatta, mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
Shu bilan birga, ayrim rahbarlar muammo yoki vazifaning mohiyatini tushuntirmasdan, ularni hal qilishning aniq mexanizmlari, shakllari va usullarini taklif etmasdan, amalda hujjatlar va topshiriqlar ijrochilarini faqat doimiy tanqid qilish hamda ularga nisbatan koʻplab, baʼzida esa asossiz maʼmuriy jazolar chiqarish bilan band. Ammo, shunga qaramasdan, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari va respublika hududlarida tizimli vazifalarning toʻliq amalga oshirilishi taʼminlanmayapti.
Shu munosabat bilan Prezidentimizning 2016-yil oktyabrda Hukumat majlisida aytgan quyidagi soʻzlarini eslatish oʻrinlidir: “Oʻz ishiga sodiq, oʻzining toʻgʻridan-toʻgʻri vazifalarini sidqidildan va masʼuliyat bilan bajarayotgan rahbarga tegishli xulosalar chiqarishi uchun bir marta aytishning oʻzi yetarlidir. Konstruktiv va asosli tanqid mavjud salohiyatni namoyon etish va foydalanilmayotgan zaxiralarni samarali ishlatish imkonini beradi, faqat nomiga aytilgan tanqid esa siljimas togʻ yaratadi”.
Farmonni amalga oshirish boʻyicha qabul qilingan birinchi galdagi amaliy chora-tadbirlar
— Farmon qabul qilinganidan buyon deyarli bir oy oʻtdi. Aytingchi, ushbu hujjat talablarini bajarish borasida qanday amaliy choralar koʻrildi?
— Siz haqsiz, vaqt kutib turmaydi. Boz ustiga, bu yerda boshqaruvning barcha darajalarida ijro intizomini mustahkamlash haqida soʻz bormoqda. Bugungi kunda bu borada quyidagi amaliy choralar koʻrildi:
birinchi — Vazirlar Mahkamasi tomonidan Farmon va uning ilovalari amalga oshirilishini nazorat qilish rejasi tasdiqlandi. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va hududlar hokimliklarining hayʼat majlislarida “yoʻl xaritalari” atroflicha koʻrib chiqildi va tasdiqlandi;
ikkinchi — Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-fevraldagi 48-f-farmoyishi bilan Energetika vazirligi, Andijon viloyati va Asaka tumani hokimliklari misolida qonunchilik hujjatlari boʻyicha nazorat va hisobdorlik ijrosini tashkil qilish namunalari ishlab chiqilib tasdiqlandi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimida, shuningdek, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklarida ushbu Farmon talablari hisobga olingan holda, ijro intizomining holatini kompleks oʻrganish boshlandi;
uchinchi — boshqaruv organlari va barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlari hamda mutaxassislarining shaxsiy ish rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash chora-tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda. Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va mutaxassislarining ish rejalari namuna sifatida yuborildi;
toʻrtinchi — Vazirlar Mahkamasi apparatida vazirliklar va idoralar rahbarlari, shuningdek, olimlarni taklif etib, tarkibiy boʻlinmalarning Farmon talablarini amalga oshirish boʻyicha hisobotlari va iqtisodiy oʻqishlar mavzulari tasdiqlandi. Boshqaruv organlari va hokimliklarga shunday amaliyotni joriy qilish uchun materiallar yuborildi;
beshinchi — joriy yilning 1-10-mart kunlari 118 ta vazirlik va idoralar, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklarda Hisob palatasi bilan hamkorlikda ijro intizomini mustahkamlash masalalari zimmasiga yuklangan rahbarlar va mutaxassislar uchun amaliy seminarlar oʻtkaziladi;
oltinchi — vazirliklar va idoralar, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklarda hujjatlar hamda topshiriqlar ijrosini tashkil qilish masalalari boʻyicha zimmasiga masʼuliyat yuklangan rahbarlar va mutaxassislarning sifatli tarkibini oʻrganish ishlari boshlandi;
yettinchi — Farmonning 8-bandiga muvofiq Adliya vazirligi Hisob palatasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda “Ijro.gov.uz” tizimining toʻliq faoliyat koʻrsatishini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqmoqda.
Oldimizda bajarilishi lozim boʻlgan katta hajmdagi ishlar turibdi. Bu esa, oʻz navbatida, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va respublika tumanlari hokimliklari rahbariyati va apparatining ijro intizomini mustahkamlash shakllari hamda usullarini takomillashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarini va eng asosiysi, amaliy chora-tadbirlarini maksimal darajada yoʻnaltirishni talab qiladi.
Shu munosabat bilan boshqaruv va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining barcha rahbarlariga iltimos bilan murojaat qilib, shuni aytmoqchimanki: apparatlar xodimlari ijro intizomini mustahkamlashda sizlarning birinchi yordamchilaringiz hisoblanadi. Bu borada aniq rahbarlik, shaxsiy masʼuliyat, qatʼiy intizom hamda tashabbuskorlik zarur va bularning barchasi samarali hamda natijali mehnat poydevori boʻlishi zarur.
Ushbu serqirra ishda har birimiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning “Erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmaslik kerak, barchamiz, egallab turgan lavozimlarimizdan qatʼi nazar, mamlakatni yana-da izchil rivojlantirishni taʼminlash haqida har doim oʻylashimiz shart. Yangi Oʻzbekiston kelajagi uchun yashash va mehnat qilish — yuksak masʼuliyat va sharafdir!”, degan koʻrsatmalariga amal qilishimiz zarur.
Salim Doniyorov suhbatlashdi.
Manba: «Yangi O"zbekiston»