O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xizmatlar sohasini rivojlantirish kelgusi yilgi ustuvor yo‘nalish etib belgilandi

2020-11-24 | Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda xizmatlar va servis sohasini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Xizmatlar iqtisodiyotning muhim qismi. Dunyoda servis sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi o‘rtacha 61 foizni tashkil etadi. Mamlakatimizda bu ko‘rsatkich 36 foizdir. Lekin 86 foiz qo‘shilgan qiymat shu sohada yaratiladi.

Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryoda aholi jon boshiga xizmatlar hajmi mamlakatimizdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2 barobar past.

Yig‘ilishda bu sohada zaxiralar ko‘pligi ta’kidlanib, hududlarda xizmatlar va servis sohasini rivojlantirish kelgusi yilgi ustuvor yo‘nalish etib belgilandi.

Avvalo, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini yaxshilash orqali 700 milliard so‘mlik qo‘shimcha xizmatlar yaratish imkoni borligi ta’kidlandi. Jumladan, 150 dan ortiq tuman va shahardan o‘tadigan 10 ming kilometr yo‘lda 400 dan ziyod yirik servis ob’ektlari uchun ehtiyoj mavjud.

Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga Toshkent–Andijon, Toshkent–Termiz hamda Samarqand–Nukus xalqaro yo‘llari yoqasida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etish, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Investorlar ishtirokida istirohat bog‘lari hamda xiyobonlarning bir qismida yengil konstruksiyali savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar ob’ektlar tashkil etish, ta’lim, madaniyat, sport va sog‘liqni saqlash ob’ektlarining bo‘sh turgan qismini tadbirkorlarga berish orqali ham ko‘plab xizmatlarni yo‘lga qo‘yish mumkin.

Tadbirkorlarni jalb qilgan holda sport ob’ektlari qurish uchun kelgusi yilda 500 milliard so‘m kredit ajratilishi belgilandi.

Bugungi kunda agrosanoat tarmog‘i izchil rivojlanib, zamonaviy issiqxonalar, intensiv bog‘lar va chorvachilik xo‘jaliklari uchun agronom, zootexnik, veterinar, o‘simliklarni himoya qilish, urug‘chilik bo‘yicha mutaxassislarga talab oshib bormoqda.

Shu bois sohada zamonaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish,  xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, amaliy o‘quv kurslari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Transport sohasi xizmatlarda eng yuqori ulushga ega. Bu borada aholining eng ko‘p noroziligiga sabab bo‘layotgan jamoat transporti bo‘yicha Toshkent shahrida yangi tizim joriy etilmoqda.

Transport vazirligiga xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Nukus shahri, viloyatlar markazi va yirik shaharlarda ham jamoat transporti tizimini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Xizmat ko‘rsatish sohasini qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, xizmatlar bo‘yicha yillik tushumi 1 milliard so‘mdan kam bo‘lgan tadbirkorlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini chorak yakuni bo‘yicha to‘lash tartibi davom ettirilishi ma’lum qilindi. Ushbu chora 8 mingdan ziyod tadbirkor ixtiyorida bir chorakda 220 milliard so‘m aylanma mablag‘ qolishiga imkon beradi.

Shuningdek, tovar va xizmatlarni eksport qilgan korxonalarga qo‘shilgan qiymat solig‘i valyuta tushumini kutmasdan qaytarib beriladi. Bu qulaylik natijasida tadbirkorlar ixtiyorida bir chorakda 200 milliard so‘m aylanma mablag‘ qoladi. Mutasaddi vazirliklarga shu bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Umuman, har bir viloyat, tuman va shahar hokimi o‘z hududida xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturini tuzib, so‘zsiz amalga oshirishi kerakligi belgilandi. Bu borada namunaviy loyihalar ishlab chiqib, moliyalashtirishga ko‘maklashish uchun tijorat banklari hududlarga biriktirildi. Barcha tumanlar kesimida aniq vazifalarni o‘z ichiga olgan hukumat qarori qabul qilish vazifasi qo‘yildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться