O‘zbekiston Prezidenti Shimoliy iqtisodiy hamkorlik xalqaro forumida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 30-oktabr kuni Seul shahrida videoanjuman shaklida o‘tgan Shimoliy iqtisodiy hamkorlik ikkinchi xalqaro forumida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Ta'kidlash joizki, ushbu tadbir Prezident Mun Chje In tashabbusi bilan o‘tkazilgan bo‘lib, bu gal uning ishida Qozog‘iston, Turkmaniston va Mo‘g‘uliston yetakchilari ham ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, koronavirus infeksiyasi global miqyosda tarqalishining salbiy oqibatlariga qarshi birgalikda kurashish va sa'y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish hamda ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida jahondagi mushkul vaziyat va global inqiroz sharoitida aynan shunday ko‘p tomonlama muloqot yangi xatar va tahdidlarga samarali qarshi turish uchun imkoniyat yaratib, mamlakatlarimiz barqarorligi, farovonligi va izchil taraqqiyotini ta'minlashga xizmat qilishini alohida ta'kidladi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti xalqaro siyosatning eng muhim jihatlari va mintaqaviy hamkorlik istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, COVID-19ga qarshi kurashish uchun yaqin muvofiqlashuv va keng xalqaro hamkorlik zarurligi qayd etildi.
Muhim yo‘nalishlarda, shu jumladan, Koreya kompaniyalari bilan birgalikda tashkil etilayotgan farmasevtika klasteri negizida samarali vaksina va zardoblar, kasalliklarni tez va aniq tashxislash tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish taklifi bildirildi.
Bundan tashqari, zamonaviy laboratoriyalar yaratish va chegaralardagi sanitariya nazorati punktlarini modernizasiya qilish, yuqori malakali vrachlarni tayyorlash, tibbiy chiqindilarni utilizasiya qilish korxonalarini tashkil etish, mintaqada epidemiologik vaziyatni monitoring qilish va barvaqt prognozlashtirishning integratsiyalashgan tizimini joriy etish muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Koreya Respublikasini mamlakatimizga raqamli va «yashil» texnologiyalarni keltirishda asosiy hamkorlardan biri deb bilishini alohida ta'kidladi.
O‘zbekiston kelgusi yilda Seul shahrida bo‘lib o‘tadigan «Yashil» taraqqiyot va 2030-yilga qadar global maqsadlar uchun sheriklik xalqaro sammitida faol ishtirok etishi ma'lum qilindi.
Samarali mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish alohida dolzarb ahamiyatga ega ekani ta'kidlandi. Bu borada so‘z yuritilganda, avvalo, Transsibir' magistrali va «G‘arbiy Yevropa – G‘arbiy Xitoy» yo‘lagi marshrutlarini mintaqamizda yangi temir yo‘llar qurish loyihalari bilan o‘zaro bog‘lash zarurligini qayd etish lozim.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari ushbu noyob loyihalarni amalga oshirish masalasini ekspertlar darajasida ko‘rib chiqishni boshlash taklifini ilgari surdi.
«Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» forumi doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi. Ushbu format doirasidagi sheriklikni yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqish hamda forum yig‘ilishini hukumat rahbarlari ishtirokida o‘tkazishga ob'ektiv zarurat sezilayotgani qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Mun Chje Inning Koreya yarimorolidagi mustahkam tinchlikka erishish borasidagi faol sa'y-harakatlarini mintaqaviy va global xavfsizlikni ta'minlashga muhim hissa sifatida qo‘llab-quvvatlashini alohida ta'kidladi.
Keng tajriba almashish maqsadida Yadroviy qurolsizlanish, yadroviy quroldan xoli hududlar yaratish masalalari bo‘yicha xalqaro ekspertlik forumini o‘tkazish taklif etildi.
Nutqini yakunlar ekan, davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Janubiy Koreya alohida ahamiyatga ega, ishonchli strategik sheriklar ekanini, munosabatlarimiz bir necha ming yillik tarixga egaligini ta'kidladi. Ushbu forum mamlakatlarimizning uzoq muddatli va serqirra hamkorligini butun mintaqa tinchligi va ravnaqi yo‘lida rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochib berishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, tadbir dasturiga muvofiq forumda Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov nutq so‘zladilar, Mo‘g‘uliston Prezidenti Xaltmaagiyn Battulg‘aning murojaati o‘qib eshittirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti