O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Afg‘onistonda O‘zbek tili kunini nishonlashda ishtirok etdi
Joriy yilning 20-oktabr kuni Afg‘oniston Islom Respublikasiga tashrifi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligidagi O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasi Qobul shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbek tili kunini nishonlashda ishtirok etdi.
Afg‘oniston tomonidan tadbirda Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani hamda mamlakatning oliy rahbariyati ishtirok etdi.
Tadbir davomida jahon sivilizasiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ikki mamlakat xalqlarining umumiy ajdodlarining madaniy merosini asrab-avaylashga katta e'tibor qaratgani uchun O‘zbekiston hukumati nomidan do‘st bo‘lgan Afg‘oniston hukumati va xalqiga chuqur minnatdorchilik bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi o‘qib eshittirildi, unda o‘zbek va afg‘on xalqlarining tarixiy taraqqiyoti yagona ilmiy va madaniy makon va zamonda ro‘y berganligi madaniyat va an'analarning yaqinligini saqlab qolish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida mustahkam do‘stona munosabatlarning shakllanishi uchun shart-sharoitlar vujudga kelishiga imkon bergani alohida ta'kidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlari rivojida muhim qadam bo‘lgan ushbu tadbir kelgusidagi madaniy, ilmiy va gumanitar hamkorlikni faollashtirish uchun kuchli rag‘batlantiruvchi omil bo‘lishiga qaratilganligini ta'kidladilar.
Tadbirda Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani va Afg‘oniston jamoatchiligi a'zolari ham so‘zga chiqdilar.
Qayd etish kerakki, Afg‘onistonda 21-oktabr – rasmiy jihatdan bayram kuni - O‘zbek tili kuni deb e'lon qilingan. Afg‘oniston Konstitusiyasiga mamlakatning rasmiy tillaridan biri sifatida kiritilgan o‘zbek tili Afg‘onistonning 10 viloyatida keng tarqalgan va yildan-yilga ommalashib bormoqda. Afg‘onistonda o‘zbek tilida bir nechta tele- va o‘nlab radiokanallar ham efirga uzatiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi