O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aziz Abduhakimov “Ipak yo‘li” XTU talabalari va ularning ota-onalariga murojaat qildi
2020-10-20 | Ta’lim
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi va “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti (XTU) rektori Aziz Abduhakimov talabalar va ularning ota-onalariga murojaat qildi:
“Ushbu murojaatim universitetimizga qabul qilingan omadli talabalar va ularni tarbiyalagan ota-onalariga qaratilgan. Omadli deyishimga sabab, bu yilgi qabul imtihonlarga bir joy uchun 110 nafar abituriyent kurash olib bordi.
Buyuk Ipak yo‘lining asosiy chorrahasi, qadimiy va navqiron Samarqand shahrida joylashgan universitet Siz uchun turizm dunyosi eshiklarini keng ochib beradi. Shu kunlarda universitetimiz yangi binosining ochilishi 2 katta muhim tarixiy sana bilan bog‘liq.
Birinchisi, bundan ikki yil avval (2018-yil iyun oyida) Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan edilar. Bu tashabbus ortidan tashkil etilgan xalqaro oliygohimiz bugun o‘zining yangi kampusiga ega bo‘ldi va bu ikkinchisi katta tarixiy sana bilan bog‘liq. Chunki bundan roppa-rosa 600 yil avval, 1420-yilda shoh va olim, bobokalonimiz Mirzo Ulug‘bek tomonidan Registon maydonidagi ilk madrasa ochilgan edi va o‘z davri uchun maʼrifiy Renessansni boshlanishiga sababchi bo‘ldi.
Bugun esa universitetimiz sizni O‘zbekistonning turizm sohasidagi uyg‘onish davri faollari bo‘lishga taklif etamiz.
Butunjahon turizm tashkiloti maʼlumotiga ko‘ra, xalqaro turizm sohasida Markaziy Osiyo mintaqasi eng katta o‘sish dinamikasiga ega hudud sifatida tan olindi – 2019-yilda mintaqa 15 milliondan ortiq chet ellik sayyoh qabul qildi. Buyuk Ipak yo‘li mamlakatlariga kelgan turistlar soni esa yarim milliarddan oshdi.
Bu ko‘rsatgichlar turizm sohasidagi yosh mutaxassislarga bo‘lgan talabni oshiribgina qolmay, ularning daromadini ham belgilab beradi.
Universitetimiz sohadagi malakali va mohir professorlar jamoasiga ega. So‘nggi axborot texnologiyalari va innovatsiya yutuqlaridan foydalanib, sohadagi yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga bel bog‘lagan.
Xorijiy hamkor universitetlar geografiyasi ham kundan kunga kengayib bormoqda va bu talabalarimiz uchun double degree va xorijda amaliyot o‘tashga yordam beradi. Universitet kampusi turizm talabalari uchun o‘qish, amaliyot va hordiq chiqarish uchun qulay manzilda joylashgan. Bir tarafda – “Talabalar xiyoboni – Bulvar”, boshqa tarafda – “Turizm ko‘chasi”, boshqa tarafda esa – tarixiy obidalar va yulduzli mehmonxonalar joy olgan. Qo‘shni viloyat yoki respublikalardan tashrif buyurgan talabalar yangi tashkil etilayotgan mehmon uylarida qolib, mahalliy mehmondo‘stlikdan bahramand bo‘lishlari mumkin.
Talabalar o‘qish jarayoni qiziq va mazmunli o‘tkazishi uchun – muntazam ravishda turli soha ekspertlarini taklif etib boramiz. Ekspertlar o‘z kasbi sirlari bo‘yicha mahorat darslari, leksiyalar tashkil etishadi.
Aziz talabalar, sizlarni Ipak yo‘lining ming yillik turizm markazi bo‘lgan Samarqandda, oliygohimizda kutib qolamiz!”
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi