O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ekstremal va sport turizmini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2020-10-08 | Turizm
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida O‘zbekistonda turizmning ekstremal va ommabop turizm turlarini qo‘llab-quvvatlash va ularni yana-da rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Ekstremal turizm federatsiyasi, Aeronavtika federatsiyasi va Paraplanizm federatsiyasi vakillari qatnashishdi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda sport, ekstremal va dam olish turizmini rivojlantirish borasida sezilarli islohotlar amalga oshirildi. Shunday bo‘lsa-da, zamonaviy talablar va qo‘llab-quvvatlashni talab qiluvchi yana qator yo‘nalishlar mavjud. Paraplanizm, deltaplanerizm, aeronavtika, kichik aviatsiya, tog‘ turizmi, veloturizm, skayranning, mototurizm, avtoturizm kabi yo‘nalishlar shular jumlasidandir. Mazkur yig‘ilish turizmning ekstremal va faol turlarini rivojlantirish maqsadida yig‘ilish utkazildi.
Chorvoq suv ombori bilan chegaradosh «Yusufxona» joylashgan paradeltadrom o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, hududda aeronavtika, suv, tog‘ va piyoda yurish kabi turizmning faol turlarini rivojlantirish uchun iqlimiy sharoitlar mavjud. Tadbir doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi hamda Aeronavtika federatsiyasiga yuqorida qayd etilgan hududda turizmning ekstremal va faol turlarini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy Xalqaro markaz yaratishga oid taklif kiritildi. Ushbu hududda uchuvchilar, faol sayyohlar va mehmonlarni yil davomida qabul qilish hamda joylashtirish uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish zarurati qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida mehmonxona, nazariy va amaliy mashg‘ulotlar uchun sport zallari, yer usti xizmat ko‘rsatish tizimlari, qutqaruv xizmatlari, tibbiy yordam ko‘rsatish shoxobchalari, parashyut hamda paraplan parvozlari, suv va faol turizm turlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini amalga oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Muzokaralar doirasida turizm va sport o‘rtasida yaqin aloqaga ega bo‘lgan ushbu sohani qo‘llab-quvvatlash zarurati bilan bog‘liq qator masalalar muhokama qilindi. Bu boradagi xorijiy tajribalarni chuqur o‘rganish, turizm sohasining ushbu tarmoqlarini rivojlantirishda xorijiy hamkorlar va investorlarni jalb etish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, Ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasiga sport turizmining zamonaviy bazasini rivojlantirish, tog‘ instruktor-gidlar maktabi va doimiy ravishda musobaqalar, ekspeditsiyalar, sport sayohatlarini tashkil etish, jamoat qatnovlarining nazorati hamda birinchi yordam tibbiy punktlarini yaratish maqsadida Chimyon hududidan joy ajratish muhimligi taʼkidlandi. Qolaversa, turizm kollejlarida instruktorlar maktabi uchun o‘quv qo‘llanmasi ishlab chiqish va universitetlar asosida sport yo‘nalishlari bo‘yicha seksiyalar tashkil qilish masalasi ko‘tarildi. Taʼkidlash joizki, ushbu turdagi ekstremal sport turlarining rivojlanishi har yili o‘n minglab sayyohlarni mamlakatga jalb qilish, keyinchalik sport va turistik xizmatlar monetizatsiyasini kuchaytirish imkonini beradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi