O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida Opera va baxshichilik maktabini borib koʻrdi
2020-10-02 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-oktabr kuni Nukus shahridagi Opera va baxshichilik maktab-internatini borib koʻrdi.
Maʼlumki, qoraqalpoq elining oʻziga xos baxshichilik yoʻnalishi bor. Mustaqillik yillarida bu yerda opera ham rivojlandi. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq baxshilari, xizmat koʻrsatgan artistlar yetishib chiqdi.
Opera va baxshichilik maktab-internati ushbu anʼanani davom ettirish, yosh avlodga yetkazishga xizmat qiladi. Mazkur ixtisoslashtirilgan taʼlim maskani oʻtgan oyda ishga tushirildi.
Muassasa 150 oʻringa moʻljallangan boʻlib, unga 9 sinfni bitirgan iqtidorli oʻquvchi yoshlar tanlov asosida qabul qilinadi. Hozirda 30 nafar oʻgʻil-qiz oʻqishni boshladi.
Ularga taniqli sanʼat ustalari va pedagoglar saboq bermoqda.
– Bunday maktablarni tashkil etishimizdan asosiy maqsad – tariximizni, madaniyatimizni chuqur oʻrganish, oʻzligimizni anglash. Baxshichilik – qoraqalpoq elining ulugʻ anʼanasi, uni rivojlantirish uchun hamma sharoitlarni yaratamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti