O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida investisiya, sanoat va eksport faoliyatini kuchaytirish borasidagi ishlarning asosiy yo‘nalishlari belgilandi

2020-09-22 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 19-20 sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida hamda vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlaridan iborat eksport va investisiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Andijon va Namangan viloyatlarining investisiya, sanoat va eksport imkoniyatlarini o‘rganish hamda ushbu hududlarning mavjud iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanishga qaratilgan birinchi darajali chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ishlar yakunlarini sarhisob qildi. 

Tegishli ishchi guruhlari tomonidan ushbu viloyatlarda joylarga chiqqan holda 15dan 20-sentabrgacha ish olib borildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil iyun' oyida Farg‘ona viloyatiga amalga oshirigan tashrifi chog‘ida berilgan ko‘rsatmalar ijrosining tahlili ham olib borildi.
 
Ish jarayonida korxonalarga chiqqan holda Andijon viloyatida barcha 7914ta, Namangan viloyatida esa 6098ta sanoat ob'ektlarining joriy holati tahlil qilindi.
 
Natijada ishlab chiqarish faoliyatida 1105ta korxona muammolarga duch kelganligi, shu jumladan aylanma mablag‘larni to‘ldirish va texnologik uskunalarni sotib olish uchun kredit resurslarini olish, muxandislik kommunikasiyalariga ulanish, ishlab chiqarish uchun xom ashyoni olib kelish, ruxsat beruvchi hujjatlar va lisenziyalar olish, yer maydonlarini ajratish, oldindan to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini qaytarish, debitor qarzlarini undirish va ilgari olingan kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni tarkibiy o‘zgartirishga muhtoj ekanligi aniqlandi.
 
Aniqlangan masalalarni zudlik bilan hal etish maqsadida manzilli qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish va ishlab chiqarish ob'ektlarini loyihaviy quvvatlariga belgilangan muddatlarda olib chiqish maqsadida ikkala viloyatlardagi har bir korxonaga tegishli tarmoq idoralari va birlashmalari, tijorat banklari hamda viloyat tuman va shaharlar hokimliklari mas'ul rahbarlari biriktirildi.
 
Har ikki viloyatning hududiy investisiya dasturlari qayta ko‘rib chiqildi - ishlab chiqarishning yuqori sur'atlari, eksport va yaratilgan ish o‘rinlari soni bilan ajralib turadigan iqtisodiy nuqtai nazardan eng istiqbolli investisiya loyihalari tanlab olindi. Ushbu loyihalarni joriy yil oxirigacha foydalanishga topshirish maqsadida ularning amalga oshirilishi tezlashtiriladi.
 
Andijon viloyatining Hududiy investisiya dasturi 21,3 trln so‘mlik 994ta investisiya loyihani qamrab olgan. Optimallashtirishdan so‘ng qiymati 167 mlrd so‘m bo‘lgan 17ta loyihani foydalanishga topshirish muddati 2021-yildan 2020-yilga ko‘chirildi. Shu bilan birga qiymati 75 mlrd so‘mlik 13ta loyihalar amalga oshirilishi 2021-yilga o‘tkazildi.
 
Namangan viloyatida Dastur bilan 25 trln so‘mlik 1994ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Dasturni qayta ko‘rib chiqish natijasida 1,8 trln so‘mlik 95ta loyihaning amalga oshirilishi 2020 yilga o‘tkazildi hamda 1,4 trln so‘mlik 153ta loyihaning ishga tushirish muddatlari 2021-yilga ko‘chirildi.
 
Shuningdek, Hukumat komissiyasining faoliyati doirasida mahalliy bozorlarda yuqori talabga ega va mahalliy sanoat korxonalari tomonidan foydalanadigan mahsulotlarning import o‘rnini bosishga qaratilgan bir qator loyihalar ishlab chiqildi.
 
Andijon viloyatida amaldagi mahalliylashtirish dasturi doirasida 2020 yilda 226 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan va bunga qo‘shimcha ravishda Hukumat komissiyasi a'zolari tomonidan 212 yangi, istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi. Namangan viloyatida 42ta yangi loyiha shakllantirilib, mahalliylashtirish dasturiga kiritildi. Jami ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishining 230,5 mln dollarga o‘sishi ta'minlanadi.
 
“Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasi va Andijon viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan 11ta kichik sanoat zonalari faoliyati atroflicha o‘rganildi. Qariyb 2,3 mingta yangi ish o‘rni yaratilishini nazarda tutgan umumiy qiymati 101,8 mlrd so‘mlik 133ta investisiyaviy loyihalar shakllantirildi. 2020-2021 yillar davomida Andijon viloyati kichik sanoat zonalarining muhandislik kommunikasiyalariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun 196,5 mlrd so‘m ajratiladi. Shuningdek, viloyatda 10ta yangi kichik sanoat zonalarini yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
 
Namangan viloyatining faoliyat ko‘rsatayotgan kichik sanoat zonalarida 969,9 mlrd so‘mlik 201ta loyiha amalga oshirilmoqda, shundan joriy yilda 6,8 mingta yangi ish o‘rinlari yaratishga mo‘ljallangan qiymati 819,1 mlrd so‘mlik 189ta loyiha ishga tushiriladi. Ushbu hududda 18ta mavjud va yangi kichik sanoat zonalarini kanalizasiya, gaz, elektr energiyasi va suv ta'minoti tarmoqlariga ulash uchun 23,1 mlrd so‘m ajratiladi.
 
Mazkur hududlarda mavjud bo‘lgan qo‘shimcha qiymat zanjirlarini atroflicha o‘rganish ishlari amalga oshirilib, ularni rivojlantirish chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Buning uchun Andijon viloyatida iqtisodiy o‘sishning ustuvor yo‘nalishlari, xususan, to‘qimachilik sohasi, ipakchilik, farmasevtika, oziq-ovqat, charm-poyabzal sanoati ajratilib, ushbu sohalarda to‘liq ishlab chiqarish sikllari tashkil etiladigan 32ta ilmiy-sanoat klasterini yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
 
Namangan viloyatida ham xuddi shu tartibda qurilish materiallari, to‘qimachilik, farmasevtika, charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarishda 18ta klasterlarni yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
 
"O‘zstandart" Agentligi Andijon va Namangan viloyatlarida sinov laboratoriyalari va yaratilayotgan ishlab chiqarish klasterlarida ishchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlarini tashkil etish bo‘yicha choralar ko‘radi.
 
Namangan viloyatida Hukumat komissiyasi faoliyati davomida ishlab chiqilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi sanoat mahsulotlarining yillik ishlab chiqarish hajmini prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 107% oshirib, 11,4 trln so‘mgacha yetkazish hamda 37,8 ming yangi ish o‘rinlarini yaratish va byudjetga 1,7 trln so‘m miqdorida tushumlarni kelib tushishini ta'minlashga imkon beradi, bu esa tasdiqlangan prognozning 106,3 foizini tashkil etadi.
 
Andijon viloyatida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi joriy yilda 36,4 trln so‘mgacha yetkaziladi, bu esa prognoz ko‘rsatkichlarning 104,5 foizini tashkil etadi. 29,3 ming yangi ish o‘rni yaratilib, byudjetga tushumlar hajmi 2,0 trln so‘mni (tasdiqlangan prognoning 125 foizi) tashkil etadi.
 
Mo‘ljallangan tadbirlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazorat Bosh prokuratura tomonidan doimiy ravishda amalga oshiriladi. Har oyda ishlab chiqilgan dasturlar bajarilishi Hukumat komissiyasining alohida yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladi.
 
Joriy yilning 20 sentyabr' kuni Komissiya a'zolari Farg‘ona viloyatida alohida ish olib bordilar - ular joriy yilning avgust oyida Komissiyaning viloyatga tashrifi chog‘ida sanoatni rivojlantirishni jadallashtirish, sanoat klasterlarini tashkil etish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy chora-tadbirlar rejasi ijrosini tahlil qilishdi.
 
Rejalashtirilgan 173 ta chora-tadbirlarning batafsil tahlili o‘tkazildi va tadbirkorlar duch kelayotgan ayrim masalalar, jumladan, debitorlik qarzlarni undirish, kredit resurslarini ajratish, oldin to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish, muhandislik kommunikasiyalariga ulanmaganligi va zarur ruxsatnomalar olish bilan bog‘liq savollar yechimida kechikishlar mavjudligi aniqlandi.
 
Shu munosabat bilan mazkur masalalarni hal etish uchun mas'ul vazirlik, idora va tijorat banklari mas'ul rahbarlariga Farg‘ona viloyatiga kelib, tadbirkorlar bilan yaqindan ishlash va mavjud muammolarni to‘liq hal etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
 
Hududiy dastur doirasida 2020-yilda Farg‘ona viloyatida qiymati 6,9 trln so‘mlik 697 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 20,6ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Ushbu yo‘nalishda kreditlar ajratish bilan bog‘liq bir qator hal etilmagan masalalar aniqlanib, ular munosabati bilan tijorat banklari rahbarlariga har bir alohida holatni puxta o‘rganish va investisiyaviy loyihalar tashabbuskorlariga moliyaviy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rish topshirildi.
 
Viloyatda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va to‘liq qiymat zanjirlarini yaratish maqsadida 26 ta sanoat klasterlariga birlashtiriladigan 47ta yangi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish ob'ektlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar tahlili oziq-ovqat, elektrotexnika, ipak va mebel' sanoatida bir qator klasterlar bo‘yicha rejalashtirilgan choralarni amalga oshirishda kechikishlar mavjudligini ko‘rsatdi. Tarmoq idoralarining mas'ul rahbarlariga mahalliy hokimliklar va tijorat banklari rahbarlariga masalalar yechimini aniq belgilab berilgan muddatlarda hal etilishini ta'minlash topshirildi.
 
Mahalliylashtirish yo‘nalishida shunga o‘xshash masalalar aniqlandi - Komissiya ishi davomida avgust oyida 132,6 mlrd so‘mlik 42ta qo‘shimcha import o‘rnini bosuvchi loyihalar ishlab chiqildi, shundan 2020-yil oxiriga qadar 23ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Shu bilan birga, hududiy mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan 62 ta loyihaning ishga tushirilishi hisobiga 2020-yilning yanvar-avgust oylari mobaynida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar 323,6 mlrd so‘m miqdorida ishlab chiqarildi va bu tasdiqlangan ko‘rsatkichlardan 1,5 barobar oshdi.
 
Farg‘ona viloyatining erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish sohasidagi masalalar alohida tartibda ko‘rib chiqildi, ularning aksariyati muhandislik infratuzilmasini rivojlantirishni moliyalashtirish va EIZ va KSZ ob'ektlarini kanalizasiya, gaz, elektr va suv ta'minoti tarmoqlariga ulash bilan bog‘liq edi.
 
 
Umuman, Hukumat komissiyasi tomonidan Farg‘ona viloyatida olib borilgan faoliyati davomida belgilab berilgan chora-tadbirlarning to‘liq amalga oshirilishi natijasida joriy yil oxiriga qadar sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,4 trln so‘mga yetkazilib, prognoz ko‘rsatkichlarning 103 foizini tashkil etadi va 16 ming yangi ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga, sanoat korxonalari soliq to‘lovlarining hajmi joriy yil oxirigacha 2,6 trln so‘mgacha oshadi va tasdiqlangan prognozning 118%ni tashkil etadi.
 
Hukumat komissiyasi hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarning eng yuqori samaradorligini ta'minlash hamda tadbirkorlar, sanoat korxonalarga, investisiyaviy loyihalar tashabbuskorlariga va Respublikaning barcha hududlardagi eksportchilarga samarali yordam berish maqsadida tasdiqlangan choralar ijrosini muntazam nazorat qilib borishda davom etadi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться