O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Isroil savdo-iqtisodiy hamkorligining asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi
2020-08-31 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 29-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Isroil Davlatining O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Favqulodda va Muxtor Elchisi E.Shapira bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarni chuqurlashtirishga berilayotgan muhim ahamiyat ta’kidlandi. Ushbu yo‘nalishda Isroilning iqtisodiy rivojlanish tajribasini o‘zlashtirish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va turizm kabi sohalarga Isroil investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalarini jalb qilishning istiqbollari belgilab olindi.
Naslchilikni rivojlantirish bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni joriy etish sohasida Isroilning ilg‘or tajribalarini tizimli ravishda o‘rganishni tashkil etishga alohida qiziqish bildirildi, buning uchun epidemiologik vaziyat barqarorlashgani bilan isroillik mutaxassislarning O‘zbekistonga tashrifi tashkil etiladi.
Shuningdek, o‘zaro savdo hajmini oshirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida kelgusida hamkorlik qilishga tayyorlik bildirildi.
O‘zbekiston-Isroil biznes-forumini joriy yilning dekabr oyida Tel-Aviv shahrida rejalashtirilgan O‘zbekiston-Isroil Hukumatlararo komissiyasining 1-chi yig‘ilishi doirasida o‘tkazish istiqbollari va tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar tibbiy turizm sohasida tajriba almashish va epidemiologik vaziyat barqarorlashgani bilan O‘zbekistonning yirik shaharlarida qo‘shma tadbirlar, festivallar va turizm yarmarkalarini tashkil etishni nazarda tutgan holda madaniy-gumanitar sohada hamkorlik uchun muhim salohiyat mavjudligini ta’kidladilar.
Mintaqalararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratildi, shu munosabat bilan Buxoro va Halon shaharlari o‘rtasida qardoshlik aloqalarini o‘rnatish uchun imkoniyatlar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tomoni E.Shapiraga O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi ikki tomonlama sheriklikni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi