O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yoshlar parlamenti - yoshlarning siyosiy faolligini ta’minlashga xizmat qiladi

2020-08-27 | Yoshlar

Oliy Majlis Senati huzurida tashkil etilgan Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirokida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda Yoshlar parlamentining o‘rni va istiqboldagi dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan onlayn davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Senat Raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Bugungi kun yoshlari dunyo miqyosida o‘z erkinliklari, qonuniy huquqlari va manfaatlariga oid dolzarb muammolarni hal qilish va ularga ta’sir ko‘rsatishda demokratik va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonining haqiqiy ishtirokchisiga aylanmoqda.

Respublikamizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.

Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etildi.

Bu esa yosh avlodga ularning manfaatlariga ta’sir ko‘rsatadigan muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy muammolarni hal qilish jarayonida ishtirok etish uchun platforma vazifasini bajaradi.

- Davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi bu - yoshlarga oid siyosat bo‘lib, uning maqsadi yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va kamol topishi, ijodiy iqtidori jamiyat manfaatlari yo‘lida imkoni boricha to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqishi uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratish hamda ularni kafolatlashdan iborat, - deydi Tanzila Norboyeva. - 100 nafar faol yoshlardan tashkil topgan Yoshlar parlamentining aksariyat a’zolari, aniqrog‘i 84 nafari mahalliy Kengashlar tarkibidagi yosh, salohiyatli deputatlar orasidan saylangan. Endilikda yoshlar parlamentining har bir a’zosi o‘zi istiqomat qiladigan hudud yoshlariga tegishli muammolarni o‘rganib, uning sabablarini aniqlab, ushbu muammolarni yoshlar o‘rtasida muhokama qilib, uni bartaraf etish yuzasidan loyiha tayyorlashi, yoshlarning yangi tashabbuslarini olib chiqishi talab etiladi.

Yoshlar parlamenti yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini parlament minbariga olib chiqish, qonun ijodkorligida yoshlarning ishtirokini ta’minlash, bo‘lg‘usi deputatlar, Senat a’zolari hamda siyosatchilarni tayyorlash, yoshlarni ulkan maqsad va aniq loyihalarga yo‘naltirib borish kabi vazifalarni bajaradi. Yoshlar parlamenti tomonidan qabul qilingan hujjatlar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi.

Davra suhbatida Yoshlar parlamenti raisi Mohistara Muhammadyunusova ushbu tuzilma komissiyalarining kelgusidagi vazifalari, parlament ish rejasi va reglamenti loyihalari haqida aytib o‘tdi.

Xususan, Yoshlar parlamenti a’zolari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni chinakam xalq harakatiga aylantirish, hududlardagi raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari va “Bir million dasturchi” loyihasiga o‘g‘il-qizlarni keng jalb etish, muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihalarida joylardagi yoshlar manfaatlari ifoda etilayotganini tahlil qilish, Mehribonlik uylari bitiruvchilari va imkoniyati cheklangan yoshlarning jamiyatga moslashuviga ko‘maklashish, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarda faol qatnashish kabi rejalarni ustuvor maqsad qilib belgilagan.

- Prezidentimiz, qolaversa, Senat tomonidan endigina tashkil etilgan Yoshlar parlamentiga juda katta ishonch bildirilayotgani biz yoshlarga yanada mas’uliyat yuklaydi, - deydi Yoshlar parlamenti a’zosi Behzod To‘xtamurodov. - Biz o‘z ish faoliyatimiz davomida yoshlarning muammolarini, taklif va tashabbuslarini olib chiqishimiz, ayniqsa, hududlardagi yoshlar bilan bog‘liq vaziyat, qabul qilinayotgan qonunlarda yoshlar manfaati qanchalik aks etayotganini chuqur o‘rganishimiz zarur. Qisqa davr ichida auditoriya bilan ishlash, Yoshlar parlamenti tashkil etilgani to‘g‘risida ularni kengroq xabardor qilish, ularning fikr va g‘oyalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali qabul qilish bo‘yicha ishlarni boshladik. Tez orada yoshlar faol bo‘lgan ijtimoiy tamoqlarda auditoriyamizni shakllantirib olamiz.

Tadbir davomida Senatning har bir qo‘mitasi Yoshlar parlamenti bilan yaqin hamkorlikda ishlashi zarurligi ta’kidlanib, komissiyalar tegishli qo‘mitalarga biriktirildi.

 

Nurillo NASRIYEV, Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA

Manba: O'zA

Поделиться