O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BAA tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari bilan muzokaralar to‘g‘risida
2020-08-26 | Siyosat
2020-yilning 25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidikov Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Xalifa Shahin al-Marar bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va boshqa sohalarga oid ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil mart oyida BAAga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochib, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgani hamda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni amaliy mazmun bilan boyitgani ta’kidlandi.
Shuningdek, turli darajadagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlar, xususan, ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi bosqichini tashkil etish muddatlari bo‘yicha ham fikr almashildi.
Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ayniqsa, qonun ijodkorligi va parlament nazorati yo‘nalishida ilg‘or tajriba almashish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar BAAda mehnat цqilayotgan vatandoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalarini ham muhokama qildilar.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi