O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2020-08-25 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Soʻnggi yillarda respublikada ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur yoʻnalishlarda olib borilgan ishlar litsenziyalash va ruxsat berish tizimini liberallashtirish hamda institutsional isloh qilishning yangi bosqichini boshlash uchun mustahkam asos yaratdi.
Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish hamda byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish orqali tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun yana-da keng shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. Adliya vazirligi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
birinchi bosqichda (2020-yil davomida) – fuqarolar sogʻligʻiga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning ayrim turlarini qisqartirish va tartibga solishning muqobil usullariga oʻtkazish, tadbirkorlik subyektlaridan ortiqcha hujjat talab qilmaslik va ularning vaqt hamda mablagʻlari sarflanishini kamaytirish uchun tartib-taomillarni soddalashtirish, tegishli hujjatlarni berish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish orqali shaffoflikni taʼminlash;
ikkinchi bosqichda (2020-2021-yillar davomida) – litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi qonun hujjatlarini tizimlashtirish, davlat xizmatlari koʻrsatishning pasportlarini ishlab chiqish, ayrim turdagi litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar berishning namunaviy maʼmuriy reglamentlarini joriy qilgan holda normativ-huquqiy hujjatlar sonini tubdan qisqartirish.
2. Belgilansinki 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
a) litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning:
1-ilovaga muvofiq ayrim turlari bekor qilinadi;
2-ilovaga muvofiq ayrim turlari birlashtirish yoʻli bilan bekor qilinadi;
3-ilovaga muvofiq ayrim turlari xabardor qilish tartibi joriy etilishi yoʻli bilan bekor qilinadi;
b) 4-ilovaga muvofiq litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning ayrim turlarini rasmiylashtirish muddatlari qisqartiriladi.
Xabardor qilish tartibi joriy etilgan faoliyat (harakat) uchun rasmiylashtirilgan litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning amal qilishi oʻz kuchida qoladi va ushbu faoliyat (harakat)ni amalga oshirish uchun vakolatli organni xabardor qilish talab etilmaydi.
Litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli hamda xabarnomalarni qabul qiladigan organlar (keyingi oʻrinlarda – vakolatli organlar) 2021-yil 1-yanvarga qadar avval rasmiylashtirilgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar reyestrini xatlovdan oʻtkazsin va yangi tartib asosida yuritilishini taʼminlasin.
3. Litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini yana-da qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
a) turizm faoliyatini litsenziyalashda turoperatorlar xizmatlarini sertifikatlash ixtiyoriy etib belgilansin;
b) quyidagilar bekor qilinsin:
kredit byurolari faoliyatini litsenziyalashda kamida 10 ta tijorat banki bilan kredit almashinuvini amalga oshirishga roziligini tasdiqlovchi hujjat mavjudligi talabi;
dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalashda ushbu faoliyat uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan ularning xuddi shunday faoliyat bilan shugʻullanuvchi filiallari tashkil etilganda har bir filial manzilini asosiy litsenziyada koʻrsatish amaliyotini joriy qilish orqali filiallarga alohida litsenziya rasmiylashtirish amaliyoti;
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya olishda talabgordan mahalliy davlat hokimiyati organlarining kafolat xatlarini olishni talab qilish tartibi.
5. Belgilansinki:
xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat jumlasiga faoliyatni boshlash yoki harakatni amalga oshirish uchun vakolatli organ tomonidan qaror qabul qilinishi talab etilmaydigan, biroq davlat tomonidan tartibga solinishi hamda tegishli faoliyat bilan shugʻullanayotgan subyektlarning hisobini yuritishni taʼminlash uchun qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga rioya etish majburiyatini oʻz zimmasiga olish orqali amalga oshiriladigan faoliyat turlari kiradi;
xabarnoma yuborish orqali jismoniy va yuridik shaxslar xabardor qilish tartibi joriy etilgan faoliyat yoki harakatni amalga oshirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga muvofiq ekanliklarini tasdiqlaydi. Bunda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga muvofiqligi hujjatlarni taqdim etish jarayonida ustuvor ravishda inson aralashuvisiz tekshiruvdan oʻtkaziladi;
amalga oshirilishi uchun litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat va vakolatli organni xabardor qilish talab etiladigan faoliyat turlari roʻyxatlari qonun bilan tasdiqlanadi hamda tegishli qonun qabul qilingandan soʻng ushbu roʻyxatlarga kiritilmagan faoliyat yoki harakatni amalga oshirish uchun jismoniy va yuridik shaxslardan maʼmuriy tartib-taomillardan oʻtishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Vakolatli organlar tomonidan quyidagi harakatlarning amalga oshirilishi taqiqlansin:
litsenziyalar berish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish va ularni qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining elektr energiyasi, tabiiy gaz yetkazib berish, suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari, qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlar boʻyicha, shuningdek, ijro hujjatlari boʻyicha qarzdorligi mavjudligi sababli davlat xizmatlari koʻrsatishni rad etish;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida tuziladigan oʻzaro shartnomalarga almashtirish;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish haqidagi arizalarni koʻrib chiqish, ushbu hujjatlarni berish, shuningdek, nazorat funksiyalarini amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik subyektini litsenziya va ruxsat berishga doir talab va shartlarda nazarda tutilmagan haq evaziga boshqa turdagi xizmatlardan foydalanishga yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olishga bevosita yoki bilvosita majburlash.
7. 2020-yilda muddati tugaydigan barcha litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning amal qilish muddati 2021-yil 1-yanvarga qadar uzaytirilsin va ularning muddati oʻtganligi munosabati bilan javobgarlikka tortish va boshqa choralar qoʻllanilishi taqiqlansin.
8. Faoliyatning litsenziyalanadigan turi bilan shugʻullanadigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tashkil etilgan davlat unitar korxonalari va nodavlat tashkilotlarning tegishli litsenziyani olmasdan faoliyatini amalga oshirish huquqi 2021-yil 1-yanvardan bekor qilinsin.
9. Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari bilan bogʻliq barcha jarayonlarni qamrab olgan, idoralararo elektron oʻzaro hamkorlik qilish imkoniyatiga ega hamda maxsus mobil ilovasi mavjud boʻlgan “Litsenziya” axborot tizimi ishlab chiqilishi va ishga tushirilishini taʼminlasin.
Bunda, “Litsenziya” axborot tizimi quyidagi imkoniyatlarga ega boʻlishi nazarda tutilsin:
a) litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan oʻtish borasida:
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish yoki amal qilish muddatini uzaytirish uchun ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni topshirish, QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan elektron litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish;
vakolatli organlar tomonidan arizalarni koʻrib chiqish hamda litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish yoki berishni rad etish haqida qarorlar qabul qilish;
faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida vakolatli organni xabardor qilish uchun xabarnomalar yuborish va xabarnoma qabul qilinganligi toʻgʻrisida tasdiqnomalar olish;
arizani koʻrib chiqish uchun davlat boji, yigʻim va barcha turdagi toʻlovlarni Yagona billing tizimi orqali elektron toʻlash;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish va bekor qilish haqidagi arizalarni qabul qilish va koʻrib chiqish;
b) litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda vakolatli organlarning oʻzaro hamkorligi borasida:
boshqa vakolatli organlardan qoʻshimcha hujjat va maʼlumotlarni olish hamda ular bilan kelishishni “bir darcha” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektining ishtirokisiz mustaqil ravishda amalga oshirish;
berilgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning hamda xabarnoma yuborgan tadbirkorlik subyektlarining avtomatlashtirilgan reyestrlarini yuritish;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarga hamda xabarnomalarga aloqador maʼlumotlarni tegishli idoralarning maʼlumotlar bazasi orqali avtomatik tarzda tekshirish;
v) litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar hamda xabarnomalarga tegishli boʻlgan talab va shartlarning bajarilishini monitoring qilish borasida:
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar hamda xabarnomalarga doir talab va shartlarga rioya etilishi ustidan vakolatli organlar tomonidan masofaviy nazoratni amalga oshirish;
davlat xizmati koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning koʻrib chiqilishini kuzatib borish;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar hamda xabarnomalar bilan bogʻliq harakatlar, shu jumladan, bekor qilish va toʻxtatib turish boʻyicha vakolatli organlar tomonidan sud va boshqa idoralarga murojaat qilish;
arizalarni koʻrib chiqish, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish yohud berishni rad etish, uning amal qilishini toʻxtatib turish haqidagi qarorlar ustidan jamoatchilik nazoratini joriy etish, shuningdek, tegishli faoliyat bilan litsenziyasiz yoki boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz yohud xabarnoma yubormasdan shugʻullanish hamda belgilangan talab va shartlarni buzish holatlari haqida toʻgʻridan-toʻgʻri joylashish nuqtasini koʻrsatgan holda maʼlumot berish;
vakolatli organlarning avtomatik shakllantiriladigan reytingini yuritish;
vakolatli organlar tomonidan berilgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning hamda xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatlarning xususiyatidan kelib chiqib, jismoniy va yuridik shaxslarning faoliyati (harakati) davomida nazorat qilishning aniq mezonlarini belgilagan holda “xavfni tahlil etish” tizimini joriy qilish.
10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari bosqichma-bosqich toʻliq elektron tarzda “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi, bundan tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlariga “Yagona darcha” bojxona axborot tizimidan foydalangan holda beriladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar hamda davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan tartib-taomillar mustasno;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish hamda vakolatli organni xabardor qilish haqidagi arizalar va ularga ilova qilingan hujjatlar elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalangan holda Internet tarmogʻi orqali qabul qilinadi;
barcha turdagi litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar hamda xabarnoma qabul qilinganligi va reyestrga kiritilganlik haqida xat ularning haqqoniyligini onlayn tekshirish imkonini beradigan QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda rasmiylashtiriladi va ularni maxsus blankalarda berish tartibi bekor qilinadi, bundan xalqaro shartnomalarga muvofiq maxsus qogʻoz blankalarida rasmiylashtirishni talab qiladigan hujjatlar mustasno;
boshqa vakolatli organlardan qoʻshimcha hujjatlarni olish yoki ular bilan kelishish asosiy vakolatli organ tomonidan tadbirkorlik subyektining ishtirokisiz “Litsenziya” axborot tizimi orqali mustaqil ravishda, shu jumladan, javob berishni talab etmaydigan, toʻgʻridan-toʻgʻri maʼlumot olishga imkon beruvchi integratsiyalashgan platformaga ulanish orqali amalga oshiriladi. Belgilangan muddatlarda boshqa vakolatli organlar tomonidan javob berilmaganda qoʻshimcha hujjatlar olingan yoki ular bilan kelishilgan hisoblanadi, bunda mazkur vakolatli organlar vujudga kelishi mumkin boʻlgan barcha oqibatlar uchun javobgar boʻladi;
tegishli faoliyat bilan litsenziyasiz yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz yohud xabarnoma yubormasdan shugʻullanish hamda belgilangan talab va shartlarni buzish holatlari bilan bogʻliq, shuningdek, vakolatli organlar tomonidan arizalarni koʻrib chiqish, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish yohud berishni rad etish hamda uning amal qilishini toʻxtatib turish bilan bogʻliq qonun buzilishlarini aniqlab, bu haqda vakolatli organlarga xabar bergan jismoniy shaxslar huquqbuzarlik oʻz tasdigʻini topganda undirilgan jarimaning 10 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi;
vakolatli organlar tashabbusi bilan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni tugatish va bekor qilish faqat sud tartibida amalga oshiriladi, bundan litsenziatning litsenziya berganlik uchun davlat bojini toʻlamagan hollar mustasno;
litsenziya daʼvogari maʼlum bir sohada litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻla turib, xuddi shu sohadagi alohida faoliyat turiga litsenziya berish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilsa, u tomonidan litsenziyalovchi organga faqatgina qoʻshimcha litsenziya talablari va shartlarini qanoatlantiradigan maʼlumotlar taqdim etiladi;
faoliyatni boshlaganlik haqida vakolatli organni xabardor qilishda bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizigacha yigʻim undiriladi, bundan qurilish-montaj ishlarini va alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilishni boshlaganlik haqidagi xabarnomalar mustasno.
11. “Litsenziya” axborot tizimi Davlat xizmatlari agentligi, BMTning Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqining “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlari taqdim etishni takomillashtirish va mahalliy boshqaruv darajasini oshirish” qoʻshma loyihasi grant mablagʻlarini jalb qilgan holda ochiq tender asosida ishlab chiqilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
“Litsenziya” axborot tizimi ishlab chiqilishi munosabati bilan davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini hamda ularning talab va shartlari nazoratini amalga oshirish borasidagi barcha elektron dasturlar ishlab chiqilishi toʻxtatilsin, bunda ushbu dasturlarni ishlab chiqish Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ijobiy xulosasiga muvofiq davom ettirilishi mumkin.
Ishlab chiqilishi toʻxtatiladigan dasturlar uchun moʻljallangan mablagʻlar “Litsenziya” axborot tizimining ishlashi uchun zarur boʻlgan idoraviy infratuzilma va elektron bazalarni yaratishga yoʻnaltirilsin.
12. Davlat xizmatlari agentligi “Litsenziya” axborot tizimini yuritish boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin hamda unga litsenziyalash, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish va xabardor qilish tartib-taomillarining davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish vakolati berilsin.
13. “Litsenziya” axborot tizimini takomillashtirish hamda uning davlat organlarining idoraviy axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari bilan integratsiyalashuvini tashkil etish boʻyicha ishlar Davlat xizmatlari agentligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilsin.
“Litsenziya” axborot tizimi elektron hukumat tizimining ajralmas qismi ekanligi inobatga olinsin va kelgusida texnik-qoʻllab quvvatlash boʻyicha masʼul organ etib Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi belgilansin.
Adliya vazirligi “Litsenziya” axborot tizimi toʻliq ishga tushirilganidan soʻng ikki oy muddatda uni oʻrnatilgan tartibda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tasarrufiga begʻaraz ravishda oʻtkazib bersin.
14. Belgilab qoʻyilsinki:
har bir litsenziyalash, ruxsat berish hamda xabardor qilish tartib-taomili uning amal qilishi natijasida erishilgan maqsadlarni, ijtimoiy-iqtisodiy, innovatsion va texnologik rivojlanishning joriy holatini, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining xarajatlarini baholagan holda kamida har besh yilda qayta koʻrib chiqiladi;
normativ-huquqiy hujjat loyihasida yangi turdagi litsenziyalanadigan faoliyat yoʻnalishi yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni yoxud faoliyatni boshlashning xabardor qilish tartibini joriy etish nazarda tutilayotganda ushbu tartib-taomilning tartibga solish taʼsirini baholash majburiy hisoblanadi;
yangi turdagi litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va faoliyatni boshlashning xabardor qilish tartibini joriy etishni hamda ularni tartibga solish shakllarini oʻzgartirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining ijobiy xulosalari mavjud boʻlgandagina, shuningdek, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan holda Adliya vazirligiga kiritiladi.
15. Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini kompleks va tizimli isloh qilishning ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun:
a) uch oy muddatda “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi va “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlarni birlashtirish yoʻli bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi yaxlit qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillaridan oʻtishning yagona va shaffof tartibini oʻrnatish;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtiradigan, kelishadigan hamda xabarnomalarni qabul qiladigan vakolatli organ va tashkilotlarning vakolatlarini belgilash;
litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish jarayonida vakolatli organ va tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatda boʻladigan jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlari himoyasining yagona tizimini joriy qilish;
litsenziyalanadigan faoliyat turlari, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar, shuningdek, vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat va harakatlar roʻyxatini tasdiqlash;
litsenziya shartnomasini rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechgan holda, litsenziya talab va shartlarini qonun hujjatlarida belgilash;
yuridik shaxslarning filial va vakolatxonalari tomonidan litsenziyalanadigan, ruxsatnoma olish yoki xabardor qilish talab etiladigan faoliyat turlarini amalga oshirish tartibini aniqlashtirish;
litsenziyani chaqirib olish tartibini va ushbu tartibga asosan chaqirib olinishi mumkin boʻlgan faoliyat turlarini aniq belgilash;
“xavfni tahlil etish” tizimini joriy qilish orqali litsenziya va ruxsat berishga doir talab va shartlarga rioya qilish ahvolini nazorat qilish;
b) 2021-yil 1-fevralga qadar Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va vakolatli organlar bilan birgalikda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi qonun hujjatlarini tizimlashtirish maqsadida ularning pasportlarini ishlab chiqish va kodifikatsiyalash boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Adliya vazirligi quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Bosh prokuratura bilan birgalikda uch oy muddatda yuridik va jismoniy shaxslarning litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar olinishi hamda xabardor qilinishi shart boʻlgan faoliyat bilan litsenziyasiz yoki ruxsatnomasiz yoxud xabarnoma yubormasdan shugʻullanganligi, shuningdek, xabardor qilish tartibida faoliyat yuritish uchun belgilangan talab va shartlarning bajarilganligi yuzasidan vakolatli organga yolgʻon yoki notoʻgʻri maʼlumotlar berganligi uchun javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasini;
2020-yil 1-dekabrga qadar tegishli huquqbuzarlik holatlarini aniqlab, tegishli vakolatli organlarga xabar yuborgan jismoniy shaxslarni ragʻbatlantirish tartibini;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni.
17. Ushbu Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
a) Bosh vazir oʻrinbosari J.Qoʻchqorov ayrim turdagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari oʻrniga xabardor qilish tartibi joriy etilishi munosabati bilan tegishli qonun qabul qilinganidan soʻng xabardor qilish tartibi boʻyicha nizomlar qisqa muddatlarda tasdiqlanishini taʼminlasin;
b) Adliya vazirligi (Davletov):
vakolatli organlar bilan bevosita va onlayn videoaloqa tizimi orqali uchrashuvlar tashkil etish grafigini tasdiqlasin;
tasdiqlangan grafikka asosan vakolatli organlarga mazkur Farmonda nazarda tutilgan tartiblarni va “Litsenziya” axborot tizimining ishlash tamoyillarini tushuntirib borsin;
vakolatli organlarga tegishli loyihalarni tayyorlashda amaliy yordam koʻrsatsin;
v) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov):
Adliya vazirligi bilan birgalikda litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni taqdim etadigan va kelishish jarayonlarida ishtirok etadigan barcha davlat organlari idoraviy axborot tizimlarining “Litsenziya” axborot tizimi bilan integratsiyalashuvini taʼminlash choralarini koʻrsin;
“Litsenziya” axborot tizimining uzluksiz ishlashini taʼminlasin hamda Davlat xizmatlari agentligi tomonidan “Litsenziya” axborot tizimi faoliyatida nuqson va nosozliklar aniqlanganida, Agentlik talabnomasiga asosan ularni uch kunda bartaraf etib borilishini taʼminlasin;
g) vakolatli organlar:
ikki oy muddatda “Litsenziya” axborot tizimiga ulanish va oʻzlarining elektron tizimlarini integratsiya qilish, tegishli infratuzilmani yaratish hamda oʻz elektron bazalarini shakllantirish choralarini koʻrsin;
amaldagi faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi hamda xabardor etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqsin;
mazkur Farmon qabul qilinguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlari bilan tashkil etilgan va litsenziyalanadigan faoliyat bilan shugʻullanadigan tashkilotlarga ularning murojaatlariga asosan belgilangan tartibda litsenziyalar berilishini taʼminlasin;
d) Bosh prokuratura (Yoʻldoshev):
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan birgalikda litsenziyalash, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan tizimli nazoratni oʻrnatsin;
belgilangan muddatlarga rioya qilmaslik oqibatida avtomatik tarzda litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar, shu jumladan, ularni idoralararo kelishuvda ijobiy xulosalar berilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni tahlil qilsin, korrupsiyaviy holatlar yuzaga kelishining oldini olish choralarini koʻrsin;
ye) Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (Sharipov) litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berish va xabardor qilish jarayonida asossiz rad etish yoki harakatsizlik orqali bozorlarga yangi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kirishiga (faoliyat yuritishiga) toʻsiq qoʻyish yoʻli bilan raqobat cheklanishining oldini olsin, ruxsat etish tartib-taomillari uchun davlat boji va yigʻimlar miqdori shakllantirilishining asosliligini nazorat qilsin;
j) Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (Kasimov) vakolatli organlar tomonidan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjati mavjud subyektlar faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlar litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat talablari doirasida amalga oshirilishi ustidan nazoratni olib borsin;
z) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (Xodjayev) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilgan holda mazkur Farmonda belgilangan chora-tadbirlarni aholi orasida keng yoritish choralarini koʻrsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2020-yil 24-avgust
Manba: O'zA