O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston - Rossiya: kengaytirilgan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligi sari
2020-08-20 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 19-avgust kuni Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakovning Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining o‘rinbosari A.Overchuk bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligi masalalarining keng ko‘lami muhokama qilindi.
Suhbatda ikkala mamlakat o‘rtasidagi ishonchli munosabatlarning yuqori darajasi hamda turli darajadagi ikki tomonlama hamkorlikning ochiq va konstruktiv xarakteri qayd etildi. Ikkala tomon ustuvor sohalardagi hamkorlik dinamikasini ijobiy baholab, iqtisodiy sheriklik va sanoat kooperatsiyasining yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish aniq kelishuvlarga erishish uchun yuksak istiqbolga ega ekanligi to‘g‘risida yagona fikrga keldilar.
Rossiya va O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgani bilan yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va savdo shartnomalari tuzish maqsadida vazirliklar, idoralar va hududiy ma’muriyatlar rahbarlarining hamda tadbirkorlik vakillarining tashriflarini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, birgalikda o‘tkazilishi rejalashtirilgan bir qator tadbirlarni, jumladan, II Mintaqalararo hamkorlik forumi, Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi (XXYK) hududida "O‘zbekiston Respublikasi ko‘rgazma madaniy markazi"ning ochilishi, Moskva shahrida "Made in Uzbekistan" Milliy ko‘rgazmasi, Ta’lim forumi va Mediaforumini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Rossiya Federatsiyasida O‘zbekiston fuqarolarining mehnat faoliyatini tashkil etishning oshkora mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutgan holda RF hududidagi o‘zbekistonlik migrant fuqarolarning faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar amaliy hamkorlik va aniq choralarni amalga oshirish, shu jumladan, tegishli hukumatlararo bitimlarni tezkor ravishda tuzish hamda mehnat migratsiyasi sohasida maxsus mexanizmlarini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha yaqin kelajakda ikki tomonlama hamkorlikni ilgari surish yuzasidan amalga oshiriladigan qo‘shma tadbirlar kelishib olindi va muhokama etilgan yo‘nalishlar doirasida kelgusida birgalikda ish olib borish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi