Milliy matbuot markazida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Oʻzbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurash boʻyicha olib borilayotgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Maʼlumki, majburiy mehnatni taqiqlovchi normalar xalqaro va milliy qonunchiligimizda oʻz aksini topgan. Mamlakatimiz hozirgi kunga qadar Xalqaro mehnat tashkilotining “Majburiy mehnat toʻgʻrisida”gi hamda “Majburiy mehnatni tugatish toʻgʻrisida”gi Konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan.
Prezidentimizning “Odam savdosiga hamda majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan aynan majburiy mehnatga qarshi kurashish bilan shugʻullanuvchi turli davlat organlari vakillaridan tuzilgan Odam savdosiga hamda majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi va uning tarkibida Majburiy mehnatga qarshi kurashish kichik komissiyalari oʻz faoliyatini boshlagan.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, Oʻzbekistonda urf-odatga aylanib qolgan hashar tadbirlarining qanday tartibda tashkillashtirilishi hamda majburiy mehnatdan farqiga aniqlik kiritib berildi. Ushbu hujjatlar majburiy mehnatga oid qonunchilik hujjatlari hisoblanadi.
Hozirgi kunda Xalqaro standartlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi boʻyicha majburiy mehnatga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.
Majburiy mehnat boʻyicha maʼmuriy javobgarlik choralari 1994-yildan belgilab berilgan boʻlsa, 2020-yilning 22-yanvar kuni qonunchiligimizga kiritilgan soʻnggi oʻzgartirishlar natijasida Jinoyat kodeksida majburiy mehnatga takroran yoʻl qoʻyganlik uchun jinoiy javobgarlik normalari ham belgilab berildi.
Mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun maʼmuriy jarima miqdori 2019-yilda bazaviy hisoblash miqdorining 30-50 baravarigacha oshirilgan boʻlsa, 2020-yil 22-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq, maʼmuriy javobgarlik choralari, yaʼni jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50-100 baravarigacha qilib belgilandi.
Huddi shunday huquqbuzarlik takroran sodir etilgan boʻlsa, Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi modda boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining 100-150 baravarigacha jarima, 2 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish va 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari kabi jinoiy jazo belgilandi.
Milliy qonunchiligimizga kiritilgan oʻzgartirishlar majburiy mehnat holatlarining yildan-yilga kamayib borishga zamin yaratmoqda.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, 2019-yilda turli tarmoqlar orqali majburiy mehnat bilan bogʻliq jami 1 ming 282 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 609 tasi paxta va boshqa qishloq xoʻjaligi ishlariga, 384 tasi obodonlashtirish ishlariga, 228 tasi qurilish, taʼmirlash ishlariga va 61 tasi navbatchilikka jalb qilish bilan bogʻliq masalalarga oiddir.
Majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha mamlakatimizda qator ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Biroq ayrim mansabdor shaxslar tomonidan qonun buzilishlari sodir etilishi, fuqarolarning huquqlarini poymol etishi kabi xunuk holatlar ham uchrab turibdi.
Oʻtgan yilda majburiy mehnatga tizimli ravishda qarshi kurashish maqsadida 2 ming 779 ta korxona va tashkilotda oʻrganish oʻtkazilib, majburiy mehnat boʻyicha jami 259 ta holat qayd etildi. Shundan, 112 tasi bevosita obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga xodimlarni majburiy jalb etish bilan bogʻliqdir. Eng koʻp holatlar Samarqand (16 ta), Qashqadaryo (12 ta) va Buxoro (10 ta) viloyatlarida qayd etilgan. Shuningdek, ish haqlarini oʻz vaqtida bermagan va mehnat sharoitlari yaratmagan 56 nafar mansabdor shaxsga qonunchilikda belgilangan tartibda maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi.
Joriy yilning 6 oyi davomida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan majburiy mehnat boʻyicha 39 ta holat aniqlangan boʻlib, ularning barchasida mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi. Eng koʻp holatlar Toshkent va Samarqand viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida kuzatildi.
Karantin davrida Davlat mehnat inspeksiyasiga fuqarolardan 9 ming 901 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, shulardan 4 ming 170 tasi Ishonch telefoni orqali, 1 ming 144 tasi veb-sayt orqali, 519 tasi telegram kanali orqali va 4 ming 68 tasi boshqa manba orqali yuborilgan.
Yuqoridagi arizalarning aksariyatini oylik ish haqi va boshqa toʻlovlarni toʻlamaslik, noqonuniy ishdan boʻshatish bilan bogʻliq murojaatlar tashkil etadi. Ushbu murojaatlarning eng koʻpi, yaʼni 1 ming 723 tasi qurilish tashkilotlarida ishlaydigan fuqarolardan kelib tushgan boʻlsa, 1 ming 363 tasi sogʻliqni saqlash tizimi xodimlari tomonidan yuborilgan.
Yuqoridagi murojaatlarning 4 mingdan ortigʻi qanoatlantirilgan.
Nurillo NASRIYEV, OʻzA
Manba: O'zA