O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholi sog‘lig‘i va iqtisodiyot barqarorligi – hayotiy muhim vazifalar
2020-07-20 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, shuningdek, hududlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishini kamaytirish hamda iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mamlakatimiz, xalqimiz joriy yil boshida o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan edi. Butun dunyoga tarqalgan koronavirus infeksiyasi mart oyida yurtimizga kirib keldiyu rejalar o‘zgarib ketdi. Davlatimiz birinchi navbatda odamlar sog‘lig‘ini saqlash choralarini ko‘rdi.
Respublika maxsus komissiyasi tuzildi. Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazildi. Qisqa muddatda maxsus shifoxona va karantin zonalari qurildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada ta’minlandi. Buning uchun byudjetdan zarur mablag‘lar ajratildi.
Shu sertashvish besh oyda Prezidentimiz koronavirus bilan bog‘liq qator farmon va qarorlar qabul qildi. Ularga muvofiq, aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlari imkon darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Davlatimiz rahbari epidemiologik holatni jiddiy nazoratga olgan. Deyarli har bir yig‘ilishda bu masalaga e’tibor qaratilmoqda. Ma’lumki, avvalroq poytaxtimiz va Toshkent viloyatida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat har tomonlama tahlil qilingan edi. Bu galgi videoselektor yig‘ilishida barcha hududlardagi ahvol, dolzarb chora-tadbirlar muhokama etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlari kasallik ko‘rsatkichlari, davolanayotganlar soni va bu borada yaratilgan zaxira o‘rinlari bo‘yicha hisobot berdi. Aholi murojaatlari, shoshilinch tibbiy yordam mashinalari, dori-darmon ta’minoti bo‘yicha holat tahlil qilindi.
Yig‘ilishda joylardagi muammolar ochiq muhokama qilindi. Koronavirusga qarshi kurashish uchun qaysi hududga qanday texnika va vositalar kerakligi belgilandi.
Prezident mutasaddilarga vaziyatning haqiqiy holatini real vaqt rejimida nazorat qilib, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etib borish bo‘yicha qat’iy topshiriq berdi.
Davolash ishlarini sifatli va xavfsiz tashkil etish, shu bilan birga, aholi va ob’ektlarni dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlab, kasallik yuqishining oldini olish muhimligini ta’kidlandi.
Har bir hudud ehtiyojidan kelib chiqib, yetarlicha dori-darmon, tibbiy buyumlar va test tizimlari bilan ta’minlash, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish manbalari belgilandi.
Shuningdek, videoselektorda hududlar rahbarlari pandemiya sharoitida iqtisodityotni barqaror rivojlantirish, investitsiya jalb qilish va eksport hajmini oshirish borasidagi 6 oylik yakunlari bo‘yicha ham xisobot berdilar.
Keskin sur’atlarda davom etayotgan pandemiyaning iqtisodiyotga ko‘rsatayotgan ta’sirini avvaldan baholash va mamlakat makroiqtisodiy barqarorligini ta’minlash, investitsion loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi, sanoat va qurilish sohasidagi prognozlarni bajarish, eksportni ko‘paytirish, hududlarni kompleks rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalari tahlil qilindi.
Davlatimiz rahbari har bir hududdagi korxonalarda pul tushumlari kamayganini qayd etib, 2020-yil 1-oktabrga qadar tijorat banklari bilan birga qurilish va sanoat korxonalarining aksar qismini, yil yakunigacha esa 100 foiz korxonalarning faoliyatini tiklash bo‘yicha topshiriq berdi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida ham qator hududlarda iqtisodiy prognozlar bajarilmaganini ko‘rish mumkin. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti qiymati prognozga nisbatan 59 milliard so‘mga kam bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida 177 milliard, Sirdaryo viloyatida 173 milliard, Toshkent viloyatida 129 milliard so‘mni tashkil qiladi.
Shavkat Mirziyoyev har bir hududda takroriy maydonlar hisobiga sabzavot va poliz mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi qoloqliklarni qoplash, aholi xonadonlariga parranda tarqatish ishlarini jadallashtirish hamda chorvachilik, baliqchilik sohasida intensiv texnologiyalarni keng qo‘llash hamda yil yakuniga qadar hududlar salohiyatini inobatga olgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni 3-4 % ga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti