O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jizzax va Samarqand viloyatlarining o‘sish nuqtalari belgilandi
2020-07-06 | Iqtisodiyot
3-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligida hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari tarkibidagi ishchi guruh yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi orasida kambag‘allikni qisqartirish, shuningdek, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniqlash bo‘yicha joylarga chiqqan holda o‘z ishini boshladi.
Jizzax viloyatida birinchi navbatda mintaqaviy rivojlanish dasturi doirasida loyihalarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi: 2020-2021-yillarda 12,4 trln so‘mlik 726 loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan, shulardan joriy yilda 4,9 trln so‘mlik 549 ta loyiha amalga oshiriladi. Ushbu loyihalarni ishga tushirilishi 2021-yil oxiriga borib 20,1 ming ish o‘rinlarini yaratishga imkon beradi. Mas’ul rahbarlarga mazkur loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish va ishga tushirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish, shuningdek, viloyatda yangi loyihalarni shakllantirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash topshirildi.
Kasanachilikni rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ustida ish olib borildi - asosan to‘qimachilik va parrandachilik sohasi va bog‘dorchilikda jami 28,2 mln dollarlik 44 ta, jumladan, 24 ta keng ko‘lamli loyihalar ishlab chiqildi. Chorvachilik, asalarichilik, quyonchilik va baliq ovlash sohasida qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasining mintaqa iqtisodiy rivojlanishining alohida “drayveri” sifatidagi salohiyati o‘rganildi. Guruh faoliyati davomida bir qator investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirish uchun hozirgi vaqtda mavjud bo‘lgan muhandislik - kommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish zarurligi aniqlandi. Shu munosabat bilan tegishli boshqarmalar rahbarlariga aniq texnik parametrlar va muddatlarni hisobga olgan holda qo‘shimcha transformator podstantsiyalarini qurish, yuqori voltli elektr uzatish tarmoqlari, avtomatik gaz taqsimlash stantsiyalari va gaz quvurlarini barpo etish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruktsiya qilish topshirildi. Ushbu choralarning amalga oshirilishi nafaqat erkin iqtisodiy zona ishtirokchilari maqomini olgan va hozirda faoliyat yuritayotgan korxonalar muammolarini hal qilishga yordam beradi, balkim EIZ hududining bo‘sh qismida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkonini yaratadi.
«Zomin-farm» erkin iqtisodiy zonasining ishga solinmagan ulkan salohiyati mavjudligi aniqlandi, shu sababli mas’ul rahbarlar tomonidan ushbu EIZ hududida ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan yuqori sifatli farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan istiqbolli va yuqori texnologiyali loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha konstruktiv takliflar ishlab chiqish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Eksport klasterlar modelini joriy etish orqali Jizzax viloyatida bog‘dorchilikni rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. Viloyatda meva ekinlari yetishtirish uchun foydalaniladigan jami 11,3 ming gektar, shu jumladan, intensiv bog‘dorchilik uchun ajratilgan 3,9 ming gektar yer maydoni mavjud. 2020-yilda ushbu sohani rivojlantirish uchun qo‘shimcha 4,1 ming gektar yer maydoni ajratilmoqda va bu 2021-yil oxirigacha yillik meva yetishtirish hajmini 130 ming tonnaga ko‘paytiradi hamda 2019-yilga nisbatan 40 foizga o‘sishini ta’minlaydi. Natijada viloyatda yetishtirilayotgan mevalarni qayta ishlash darajasi 2019-yildagi 10,3% dan 2021-yil oxiriga qadar 15% gacha oshadi. Loyihalarni moliyalashtirish manbalarini va tashabbuskorlarini aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
To‘qimachilik, elektrotexnika hamda qurilish materiallari sanoati iqtisodiy o‘sishning alohida nuqtalari sifatida belgilandi. Misol uchun to‘qimachilik sanoatida umumiy qiymati 257,9 mln dollarga teng bo‘lgan 31 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 8218 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Natijada 2021-yilga kelib mahalliy kalava ipni qayta ishlash darajasi 60% ga yetadi (o‘sish - 80%), trikotaj mato bo‘yicha o‘sish - 78%, ip gazlama bo‘yicha o‘sish - 76%, tayyor tikuv trikotaj mahsulotlari bo‘yicha o‘sish - 2,7 barovarni tashkil etadi. Qurilish materiallari sohasida 36 yangi foydali qazilmalar konlarini (marmar oniksi, sement, tabiiy dekorativ toshlar, gips va angidrit, ohaktosh, keramzit, silikat qumi) ishlatishni boshlash va sement, ohak, gips, pishiq g‘isht, qum, tabiiy qoplamali toshlar, gazli beton va temir-beton mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha umumiy qiymati 4,5 trln so‘mlik 66 ta investitsiya loyihasidan iborat paket shakllantirilib, 198,1 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan. Joriy yillning o‘zida 556 milliard so‘mlik 36 ta loyiha amalga oshiriladi va natijada 2500 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining biologik resurslaridan foydalanishning hozirgi holati o‘rganib chiqildi. Bu tizimda hosildorlikning pasayishi tufayli nafaqat baliq ovlashning qisqarishi, balki qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun Sirdaryo daryosidan chuchuk suv ajratilishining ko‘paygani aniqlandi. Bu, o‘z navbatida, hudud yerlarining ortiqcha sho‘rlanishiga olib kelmoqda. Ishchi guruh tomonidan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan foydalanilishi tahlil qilindi va uning samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Jumladan, ko‘llar tizimini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish, suv resurslarini tarqatishni elektron tizim orqali optimallashtirish hamda baliq ovlash sanoati uchun kvotalar joriy etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, baliqchilikni yagona tizimga integratsiya qilish mexanizmlarini joriy etish, brakonerlikka qarshi himoya tizimini mustahkamlash va logistika infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, safar davomida Samarqand viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniqlash borasidagi ishlarning borishi o‘rganildi.
16,4 trln so‘mlik 1268 ta loyihani o‘z ichiga olgan hududiy rivojlantirish dasturining ijrosi tahlil qilindi. 2021-yilning birinchi choragi yakunigacha 10,3 trln so‘mlik 1183 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar doirasida 2021-yil oxiriga borib viloyatda 25 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
To‘qimachilik, meva-sabzavotchilik, oziq-ovqat sanoati, ipakchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, hunarmandchilik, asalarichilik va zargarlik sohalarida amalga oshirish uchun 153 ta loyiha ishlab chiqildi, shundan 27 ta yirik loyiha aholi bilan hamkorlikni rivojlantirish va kasanachilikni tashkil etish orqali ularning bandligini oshirishga qaratilgan. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 104,2 mln dollarni tashkil etadi.
Mintaqadagi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish jarayoni ko‘rib chiqildi. Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasidan jalb etilgan 90 mln dollar Samarqand shahri ichimlik suvi ta’minoti tizimini zamonaviylashtirishga, Jahon banki tomonidan ajratilgan 66 mln dollar - viloyat va alohida tarzda Kattaqo‘rg‘on shahrida suv ta’minoti va sanitariya tarmoqlarini qurish va qayta ta’mirlashga yo‘naltirilgani, jami bu yo‘nalishdagi loyihalarning umumiy miqdori 273,5 mln dollarni tashkil etgani ta’kidlandi. Xalqaro moliya institutlarining 117,5 mln dollar miqdoridagi qo‘shimcha mablag‘lari 6 ta tuman markazlari va shahar tipidagi posyolkalarda kanalizatsiya tizimlarini qurish va zamonaviylashtirish uchun yo‘naltiriladi.
Umumiy miqdori 217 mln dollarni tashkil etuvchi Samarqand shahri markaziy ko‘chalarini modernizatsiya qilish shuningdek, viloyatda asosiy yo‘llarni qurish va jihozlash bo‘yicha yangi loyihalarni ishlab chiqish jadallashadi.
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati tahlil qilindi. Mazkur EIZ hududida gilam to‘qish, tayyor charm-poyabzal mahsulotlari, shuningdek, maishiy texnikani ishlab chiqarish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari ishlab chiqildi. EIZni kengaytirish uchun unga Urgut va Paxtachi tumanlarida, shuningdek, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida chegaralari aniq belgilangan 730 gektar yer maydonalari qo‘shiladi.
Xorijda yashab, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlar imkoniyatlari bilan amalga oshiriladigan kator istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi. Ushbu yo‘nalishda umumiy qiymati 366,1 mln dollarlik 43 loyiha rejalashtirildi.
Viloyatning iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda mahsulotlarni yetishtirish, yig‘ish, qayta ishlash, saqlash, sertifikatlash va tashish jarayonlarini qamrab oladigan eksport klasterlari modelini keng joriy etish orqali bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishga topshiriq berildi. 2020-2021-yillarda bu loyihalar uchun 3,1 ming gektar, shu jumladan, ilgari paxta va bug‘doy yetishtirish uchun foydalangan 800 gektar maydon ajratiladi. Shu bilan birga, ushbu loyihalar natijasida viloyatda yillik meva ishlab chiqarish hajmi 334 ming tonnadan 431,5 ming tonnaga (30% o‘sish) oshishi kutilmoqda.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, tadbirkorlarning mavjud muammolarini hal etish, shuningdek, yuqorida qayd etilgan loyihalarning aniq tashabbuskorlari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash maqsadida ishchi guruh Jizzax va Samarqand viloyatlarida ishini davom ettiradi.
Shu bilan birga, safar davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi joriy yilning 1chi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha eksport faoliyati yakunlari shuningdek, respublika ayrim mintaqalarining kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ishlab chiqilgan takliflar videokonferentsiya shaklida muhokama qilindi.
Tadbirda joriy yilning 6 oyi davomida mahalliy korxonalar tomonidan 6,1 mlrd dollarlik mahsulot eksport qilingani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, 950 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi va 85 ta yangi mahsulot turlari xorijga eksport qilinishi yo‘lga qo‘yildi.
Tarmoq idoralari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining hisobotlari tinglanib, ular asosida eksport faoliyatini amalga oshirishga xalaqit berayotgan tizimli muammolar tahlil qilindi va eksport qiluvchi korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning samaradorligiga baho berildi. Misol uchun, to‘qimachilik korxonalariga o‘z vaqtida va manzilli tarzda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kreditlar ajratilishi natijasida to‘qimachilik sanoatida 828 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Joriy yilning ikkinchi yarmida respublika sohalari va mintaqalarining tashqi iqtisodiy faoliyatiga tashqi omillarning ehtimolli salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalarining faoliyati alohida qayd etildi, ularning fidokorona mehnati tufayli joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida 2,7 mlrd dollar miqdorida qo‘shimcha eksport amalga oshirildi.
Shuningdek, hududlar va tarmoqlarning eksport salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan konstruktiv takliflar muhokama etildi. Mas’ul rahbarlarga barcha mavjud resurslardan foydalanish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tovarlarini eksportga yetkazib berishni oshirish maqsadida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlab chiqilgan mexanizmlardan to‘liq foydalanish hamda eksport yo‘nalishlari va mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilish topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlari, xususan, So‘x tumanining jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirishga oid vazifalarining ijrosi alohida ko‘rib chiqildi. 2020-2021-yillarda ushbu hududda jami 216,1 mlrd so‘mlik 98 investitsiya loyihasini amalga oshirish va 4920 yangi ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalishda ishlar allaqachon boshlangani ta’kidlandi - tijorat banklari va investorlar mablag‘lari hisobidan ushbu tumanda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘lar ajratilmoqda.
Videokonferentsiya yakunlariga ko‘ra, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklarning mas’ul rahbarlariga amalga oshirish muddatlari aniq belgilangan topshiriqlar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi