O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
IHT Bosh kotibi o‘rinbosari bilan muzokaralar to‘g‘risida
2020-07-02 | Iqtisodiyot
2020-yil 2-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidikov Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Ahmad Ssenyomo bilan videokonferensaloqa shaklida muzokaralar o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning IHT bilan ko‘p qirrali hamkorligi, jumladan, savdo-iqtisod, investitsiya va turizm sohalaridagi aloqalari holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatdoshligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda O‘zbekiston IHT va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi.
Iqtisodiyot va savdo sohasida hamkorlikni rivojlantirish IHT bilan munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi qayd etildi. O‘zbekiston IHT Bosh kotibiyati, Islom taraqqiyot banki, COMSEC, Savdoni rivojlantirish bo‘yicha islom markazi va tashkilotning boshqa tuzilmalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdor bo‘lib, bu mamlakatimizda loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga imkon beradi.
Tomonlar, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi sharoitida IHT ishtirokchilari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni qayta tiklash masalasini muhokama qildilar va koronavirusning salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha birgalikda harakat qilish muhimligini ta’kidladilar.
IHT Bosh kotibi o‘rinbosari O‘zbekiston hukumati tomonidan iqtisodiy faollikni va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi