O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindiston Elchisi bilan muzokaralar to‘g‘risida
2020-07-02 | Siyosat
2020-yil 1-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Favqulodda va Muxtor Elchisi Santosh Ja bilan videokonferensiya shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va ularni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston-Hindiston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, so‘nggi yil davomida jadal rivojlandi, muhim kelishuv va natijalarga erishildi.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida tegishli vazirlik va idoralar barcha zamonaviy aloqa vositalaridan foydalangan holda hamkorlikni davom ettirgani qayd etildi.
Shuningdek, turli darajalardagi bo‘lajak ikki tomonlama uchrashuvlarni o‘tkazish muddatlari bo‘yicha takliflar yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat so‘ngida Vazir Santosh Jaga ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi.
Elchi Hindistonning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyati doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik izhor etdi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi