O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2020-07-02 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Soʻnggi yillarda respublikada dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, “Tomorqa xizmati” MCHJ moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, faoliyatini yana-da kengaytirish va aholi tomorqalarini xizmatlari bilan qamrab olish darajasini oshirish, shuningdek, mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini yana-da koʻpaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:
aholi tomorqalariga kafolatlangan koʻchat va urugʻlarni tizimli yetkazib berishni tashkil etish uchun “Tomorqa xizmati” MCHJlarga issiqxona, sovutgichli omborxonalar, chorvachilik majmualari qurish uchun asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq yer maydoni ajratish;
“Tomorqa xizmati” MCHJlar kuzatuv kengashlari tarkibiga, tuman mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi, tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi aʼzo boʻlib kirishlari;
aholi tomorqalariga kafolatlangan koʻchat va urugʻlarni tizimli yetkazib berish, mahsulotlarni sotishni tashkil qilish uchun viloyatlar va tuman (shahar)lar markaziy dehqon bozorlarida, aholi gavjum punktlarida “Tomorqa xizmati” MCHJlar uchun maxsus savdo maydonlarini ajratish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:
1-ilovada keltirilgan klaster usulida faoliyat yuritadigan “Tomorqa xizmati” MCHJlarga 3 yil muddatga kredit yoki ularning ustav kapitaliga keyinchalik sotish huquqi bilan ulush ajratsin;
aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash uchun 20-30 tonnalik kichik hajmli sovutgichlar barpo etish uchun kredit ajratsin;
tijorat banklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasida uch oy imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 4 foiz bank marjasini hisobga olgan holda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish yoʻnalishida 2 million soʻmgacha Oilaviy tadbirkorlik markazi xulosasisiz On-line tarzda tomorqa yer egalariga mikrokreditlar ajratish mexanizmini joriy etsin.
3. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan:
2023-yil 1-yanvarga qadar “Tomorqa xizmati” MCHJ hamda qishloq xoʻjaligi kooperativlariga beriladigan kreditlar boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 3 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan hajmda kafillik berilishi belgilansin;
fermer, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalari, “Tomorqa xizmati” MCHJ va qishloq xoʻjaligi kooperativlariga Fermer, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom talablarini hisobga olgan holda, ajratiladigan kreditlar foiz stavkasining 7,5 foizli punktigacha qoplab berish tizimi joriy etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib asosida kamida 30 ta aholi tomorqalarini sugʻorish uchun yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash xarajatlarining 70 foizini, biroq 120 million soʻmdan oshmaydigan qismini qoplashga subsidiya ajratsin.
5. 2022-yil 1-yanvarga qadar 2-ilovaga muvofiq tovarlarni olib kirishda bojxona bojining (bojxona rasmiylashtiruvi uchun toʻlov va qoʻshilgan qiymat soligʻidan tashqari) nol stavkalari belgilansin.
6. “Oʻzbekchorvanasl” agentligi bir oy muddatda sisternada avtomatlashgan sut hajmini oʻlchash va tozalash mexanizmiga ega sut mahsulotlari yigʻish mashinalari hamda motokultivatorlarga boʻlgan talabni hisobga olgan holda “Oʻzavtosanoat” AJga texnik vazifani kiritsin.
“Oʻzavtosanoat” AJ “Oʻzbekchorvanasl” agentligining texnik vazifasi asosida, bir oy muddatda sisternada avtomatlashgan sut hajmini oʻlchash va tozalash mexanizmiga ega sut mahsulotlari yigʻish mashinalari hamda motokultivatorlarni mahalliylashtirish boʻyicha aniq choralarni koʻrsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda har yili 1-aprel va 1-avgustga qadar suv taʼminoti ogʻir hududlardagi aholi tomorqalarida qaziladigan quduqlarning manzilli dasturini shakllantiradi va tasdiqlaydi;
loyiha tashabbuskorlariga belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatga asosan ajratiladigan subsidiyalar 2020-2021 yillarda Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan hamda 2022-yildan boshlab Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
bir oy muddatda tuproq-iqlim xususiyatlaridan kelib chiqib, qishloq xoʻjalik ekinlarining urugʻ va koʻchatlarini hududlar kesimida ekish, yetishtirish va sifatli mahsulot olish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqilishini va joylarga yetkazilishini;
2021-yil 1-yanvarga qadar Fargʻona viloyatida “Tomorqa xizmati” MCHJ takliflari asosida Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari huzuridagi “Axborot-maslahat markaz”lari (Extension center) hamda “In-vitro” laboratoriyasi tomonidan hududlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻlari va koʻchatlarini tayyorlash, yetkazib berish, oʻsimliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish hamda yetishtirish agrotexnikasi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash yuzasidan maslahat va tavsiyalar berish boʻyicha xizmatlarni shartnoma asosida tashkil etilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borib, koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun aholi tomorqalaridan samarali foydalangan holda ikki marta hosil olish ishlarini tashkil etsin.
10. Toshkent davlat agrar universiteti, Fargʻona viloyati Quva tumanidagi Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi “Tomorqa xizmati” MCHJlar takliflari asosida ularning xodimlarini va birga ishlovchi tomorqa yer egalarining malakasini oshirishni tizimli tashkil etsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyev hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Xaitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2020-yil 30-iyun
Manba: O'zA