O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon”

2020-04-14 | Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga yana bir bor alohida toʻxtalib oʻtdi. Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:

– Kundalik matbuotdan xabaringiz bor, butun dunyoda, jumladan respublikamizda ham kasallikka chalinganlar soni tobora koʻpayib borayotgani barchamizdan, butun xalqimizdan hushyorlik va ogohlikni keskin kuchaytirishni, karantin bilan bogʻliq joriy etilgan barcha tartib-qoidalarga soʻzsiz va qatʼiy amal qilishni talab etmoqda.

Albatta, barcha amalga oshirayotgan saʼy-harakatlarimiz hamda shifokorlarimizning qahramonona mehnatlari evaziga bugungacha ushbu kasallikka chalingan 100 nafar yurtdoshimiz toʻliq tuzaldi.

Karantinga olingan 222 ming nafar kishidan 141 ming nafari undan chiqarildi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Hukumat komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari quyidagi kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrishlari zarur.

Birinchidan, biz pandemiya bilan bogʻliq jarayonlarning izidan quvib emas, balki uning barvaqt oldini olish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni va barcha resurslarimizni safarbar etishimiz zarur.

Ikkinchidan, mavjud vaziyatni har tomonlama chuqur tahlil qilib, boʻlajak xavf-xatarlarni, ular bilan bogʻliq muammolarni oldindan prognoz qilishimiz va ularning yechimiga aniq reja va puxta choralarimiz bilan tayyor turishimiz zarur.

Uchinchidan, bu kasallikni yengish uchun barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikni yana-da kuchaytirishimiz kerak.

Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Isroil, Buyuk Britaniya, Germaniya va Yaponiyaning yetakchi mutaxassislari bilan bemorlarni davolash boʻyicha telemeditsina orqali olib borayotgan muloqotlarimizni boshqa ilgʻor davlatlar bilan ham kengaytirishimiz, ularning tavsiyalarini oʻzimizda faol joriy etishimiz shart.

Bugun Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi ekspertlari bilan oʻtkazilgan videokonferensiya ham, albatta, bemorlarimizni davolashda oʻzining ijobiy natijasini beradi, deb qatʼiy ishonaman.

Toʻrtinchidan, Respublika komissiyasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birga, joylardagi hokimlar, sektorlar rahbarlarining koronavirus tarqalishi oldini olish hamda uning iqtisodiyot va insonlar hayotiga salbiy taʼsirini imkon qadar cheklash uchun masʼuliyatini yana-da oshirish choralarini kuchaytirishi kerak.

Ayniqsa, hokimlar va sektor rahbarlari aholining eng muhim hayotiy ehtiyojlarini toʻliq taʼminlash, narx-navoning oshib ketmasligiga erishish va kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligi uchun shaxsan javob beradi.

Ayni paytda, kam taʼminlangan, ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarga muruvvat va saxovat koʻrsatish, ularning holidan xabar olish, bu kabi ezgu tashabbuslarni koʻpaytirish joylardagi barcha mutasaddi rahbarlarning asosiy vazifalaridan biri boʻlmogʻi lozim.

Hurmatli doʻstlar!

Taʼkidlash kerakki, pandemiya va karantin bilan bogʻliq mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, xalqimiz tushkunlik va sarosimaga tushgani yoʻq.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan biron-bir tizim toʻxtab qolmadi. Biz vaziyatdan kelib chiqib, xalqimizning sogʻligʻini oʻylab, ishimizni boshqa shaklda tashkil etyapmiz.

Aqliy mehnat, taʼlim-tarbiya bilan bogʻliq faoliyat turlari masofadan turib, “onlayn” rejimda olib borilmoqda.

Shu bilan birga, rahbarlarga murojaat qilib shuni aytmoqchimanki, respublikamiz hududlarida qishloq xoʻjaligida, sanoat va qurilish, iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida, tadbirkorlik subyektlarida ishlarni samarali davom ettirishimiz kerak.

Chunki kun kutib turmaydi, hayot davom etmoqda. Bugungi yoʻqotilgan vaqt va imkoniyatlarni ertaga tiklab boʻlmaydi.

Bizning oldimizda 34 millionlik aziz xalqimizni boqish barobarida qanchadan-qancha yetishtirgan mahsulotlarimizni chetga eksport qilish vazifalari ham turibdi.

Albatta, biz yaxshi tushunamiz, uyda oʻtirish oson ish emas, lekin biz ayni paytda elimizning sogʻligʻini va hayotini saqlab qolish uchun eng maqbul vosita sifatida shu tavsiyaga amal qilishga majburmiz.

Biz karantinni qachon bekor qilishni xalqimiz bilan bamaslahat, har tomonlama chuqur oʻylab va tahlil qilib, albatta, koʻrib chiqamiz.

Koʻpni koʻrgan, turli sinovlarda toblangan mard va matonatli xalqimiz bilan bu vaqtinchalik qiyinchiliklarni biz, albatta, yengib oʻtamiz.

Buyuk shoirimiz Abdulla Oripov qalamiga mansub, hammamiz gʻurur bilan kuylaydigan Davlat madhiyamizda “Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon”, degan chuqur maʼnoli soʻzlar bor.

Chindan ham, mana shunday murakkab va sinovli damlarda biz ulugʻ va mehnatkash xalqimizning qudrati, aql-zakovati va sabr-matonati, mehr-oqibati va samimiyati bilan ushbu ogʻir sinovlarni ham, albatta, yengib oʻtamiz, – deb taʼkidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, markaziy idoralar rahbarlaridan, boshqa mutasaddilardan ular biriktirilgan hududlarda har bir bemor ahvoli yuzasidan hisobot oldi, yaratilgan sharoitlar haqida batafsil soʻrab surishtirdi.

Undan tashqari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot ilmiy markazlari rahbarlari oʻzlari masʼul boʻlgan hududlardagi har bir bemor holidan shaxsan xabar olishlari, davlatimiz tomonidan yana qanday sharoit va yordam kerakligi ustida tinimsiz qaygʻurishlari zarurligi taʼkidlab oʻtildi. Hech bir fuqaro qiyinchilik bilan yuzma yuz qolmasligi yana bir bor alohida qayd etildi.

 

Поделиться