O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Banklar faoliyatining barqarorligini taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi
2020-04-09 | Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-aprel kuni koronavirus pandemiyasi sharoitida bank tizimining barqaror ishlashini hamda iqtisodiyotga moliyaviy koʻmakchi boʻlishini taʼminlash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha barcha choralar koʻrilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 19-mart va 3-aprel kunlari qabul qilingan farmonlarida bu borada koʻplab imtiyoz va preferensiyalar belgilandi.
Xususan, tadbirkorlar va aholining jami 19,5 trillion soʻmlik kredit qarzlarini toʻlash muddati 1-oktyabrgacha kechiktiriladi. Albatta, bu ularga karantin sharoitida katta madad boʻladi. Lekin, shu bilan birga, moliya-kredit muassasalariga tushadigan mablagʻ kamayishini ham nazardan qochirib boʻlmaydi.
Shu bois yigʻilishda banklarning barqaror ishlashini taʼminlash, bandlik va aholi daromadlarini saqlab qolish masalalari muhokama qilindi.
Jahon iqtisodiyotida boshlanayotgan inqiroz holatlarini hisobga olib, banklarning loyihalar portfelini tanqidiy koʻrib chiqish vazifasi qoʻyildi.
Yaʼni, hali boshlanmagan, uzoq muddatli loyihalarni aniqlab, ularni joriy yilning oʻzida samara berishni boshlaydigan yangi loyihalarga almashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Bu borada banklarga mablagʻlarni ustuvor ravishda kichik biznes subyektlariga yangi ish oʻrinlari yaratish uchun hamda uy sharoitida oʻzini oʻzi band qilish uchun yoʻnaltirish tavsiya etildi.
Joriy yilda Agrobank, Xalq banki, Mikrokreditbank orqali bandlikni taʼminlash dasturlariga 4 trillion soʻm yoʻnaltirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi orqali Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga qoʻshimcha 500 milliard soʻm ajratiladi.
Ushbu mablagʻlar koʻplab yangi loyihalarga asos boʻladi. Prezidentimiz birinchi navbatda oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, kichik biznes va hunarmandchilik loyihalariga ustuvor ahamiyat qaratish zarurligini taʼkidladi.
Karantin davrida ham agrar sohadagi ishlar toʻxtamaganini hisobga olib, qishloq xoʻjaligi tarmoqlariga biriktirilgan tijorat banklari hozirning oʻzida yangi loyihalarni koʻpaytirishlari lozimligi qayd etildi.
Maʼlumki, oʻtgan haftada 24 ta bank tashabbus koʻrsatib, jismoniy shaxslar uchun kredit taʼtili eʼlon qildi. Bugungi yigʻilish chogʻida banklar shu kabi oddiy, lekin aholida ishonch va hurmat uygʻotadigan yana koʻplab tashabbuslar bilan chiqishi maqsadga muvofiqligi aytib oʻtildi.
Masalan, muddati tugagan omonatlarning muddati uzaytirilib, bu haqda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinsa, karantin vaqtida uyida oʻtirgan aholiga qulaylik yaratiladi.
Karantin tugaganidan keyin koʻplab korxonalarga oʻz faoliyatini tiklash uchun ancha vaqt va mablagʻ kerak boʻladi. Shu bois Markaziy bankka ishlab chiqarish korxonalari faoliyati toʻxtab qolmasligi uchun banklar orqali 30 trillion soʻm aylanma mablagʻlar ajratilishini taʼminlash topshirildi. Zarur hollarda, korxonalarga ish haqi toʻlash uchun ham kreditlar ajratilishini yoʻlga qoʻyish lozimligi taʼkidlandi.
Masofaviy xizmat koʻrsatish turlari va qamrovini kengaytirish boʻyicha ham vazifalar belgilandi.
Videoaloqa tarzida oʻtgan yigʻilishda soha mutasaddilari va tijorat banklari rahbarlari tegishli axborot berdi.
Manba: O'zA