O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2020-04-08 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Tibbiy-sanitariya xodimlarini kasbiy rivojlantirish tizimini yaxshilash, sohada yetuk va chuqur bilimga ega kadrlarni zamonaviy taʼlim standartlari asosida tayyorlash, tibbiyot tashkilotlari, ayniqsa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini professional mutaxassislar bilan taʼminlash, tibbiyot taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining mavqeini oshirish, shuningdek, 2019–2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab 1-ilovaga muvofiq 47 ta tibbiyot kollejini Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari etib qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari faoliyatini samarali tashkil qilish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi Kompleks dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda uning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini taʼminlasin:
Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarining moddiy-texnik bazasini yana-da kuchaytirish, amaliyot xonalarini belgilangan normativlarga asosan jihozlash, oʻquv-simulyatsion auditoriyalarni tashkil etish;
valeologiya, tibbiy psixologiya, nutritsiologiya, diyetologiya, farmakologiya, kineziologiya, reabilitologiya, profpatologiya fanlarining chuqurlashtirilgan holda oʻqitilishini joriy etish hamda mazkur texnikumlarning oʻquv rejalari va fan dasturlarini ilgʻor xorijiy tajribalar asosida ishlab chiqish;
tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining yuqori malakali professor-oʻqituvchilarini jalb qilgan holda Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida masofaviy taʼlim orqali dars mashgʻulotlarini oʻtkazish.
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarini:
muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi;
joriy saqlash, faoliyat yuritish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kadrlar tayyorlash xarajatlari Vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari, oʻquvchilarni davlat buyurtmasi va toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
3. Belgilansinki, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab:
a) tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining davolash (amaliyot) ishlari prorektorlari (direktor oʻrinbosarlari) bir vaqtning oʻzida ushbu oliy taʼlim muassasa klinikalarining bosh shifokorlari hisoblanadi;
b) tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida:
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari, magistratura va klinik ordinatura (rezidentura) mutaxassisliklari oʻquv rejalaridagi mutaxassislikka oid boʻlmagan fanlar ulushi 2 barobarga qisqartiriladi;
klinik ordinaturaga (rezidenturaga) maqsadli qabul qilingan talabalarning bitiruv kursini viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalarida tashkil etish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
v) hududlarning shifokorlarga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bakalavriatning “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Kasbiy taʼlim (davolash ishi)” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat granti asosida oʻqishga qabul koʻrsatkichlari doirasidagi maqsadli qabul parametrlari tuman (shahar)lar kesimida shakllantiriladi;
g) tibbiyot oliy taʼlim muassasalari “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Kasbiy taʼlim (davolash ishi)” yoʻnalishlari bitiruvchilari yashash boʻyicha roʻyxatga olingan joyidan qatʼi nazar, davlat granti asosida maqsadli qabul parametrlarida koʻrsatilgan tuman (shahar)da kamida 5 yil ishlab berish majburiyati kiritiladi.
Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandning “v” va “g” kichik bandlarida koʻrsatilgan takliflarni amalga oshirish mexanizmlarini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Vazirlik Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2020/2021 oʻquv yilida tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda tibbiyot kadrlariga ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlar uchun bakalavriat va magistraturaga davlat granti asosida oʻqishga maqsadli qabul parametrlarini 50 foizgacha oshirishni inobatga olsin.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab:
a) taʼlim bosqichidan qatʼi nazar, 2-ilovaga muvofiq chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi xalqaro sertifikatga ega boʻlgan tibbiyot oliy taʼlim muassasalari talabalariga (mutaxassislik fanlarni “qoniqarli” bahoga oʻzlashtirayotgan talabalardan tashqari) Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har oylik stipendiyasiga bazaviy stipendiya miqdorida qoʻshimcha toʻlov amalga oshiriladi;
b) davlat tibbiyot muassasalarining xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingidagi tibbiyot yoʻnalishida birinchi 200 oʻrinni egallagan oliy taʼlim muassasalarida klinik ordinatura (rezidentura) va magistratura mutaxassisligini tamomlagan, shuningdek, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan xodimlari lavozim maoshiga quyidagi miqdorda har oylik qoʻshimcha ustama toʻlanadi:
klinik ordinatura (rezidentura) va magistratura mutaxassisligini tamomlagan xodimga – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining yetti baravariga teng miqdorda;
falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan xodimga – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining oʻn besh baravariga teng miqdorda.
Mazkur bandda nazarda tutilgan xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
5. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Innovatsion sogʻlikni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda:
a) uch oy muddatda jamoat salomatligi va sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatlari sohasida oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash boʻyicha alohida tibbiyot oliy taʼlim muassasasini tashkil qilish va oʻquv jarayonini 2020/2021 oʻquv yilidan boshlashni nazarda tutadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) 2021-yil 1-yanvarga qadar:
N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti hamda Turkiya Baxchishehir universitetining filiallari va klinikalarini Oʻzbekistonda tashkil etish yuzasidan;
mamlakatimizdagi tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida xalqaro reytinglarga kiruvchi nufuzli xorijiy tibbiyot taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida xalqaro fakultetlar, shuningdek, filiallarni ochish yuzasidan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Vazirlik Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster va Akfa universitetlarini jalb qilgan holda ushbu universitetlar hamda tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab sogʻliqni saqlash sohasi uchun menejer mutaxassislarni (Master of Healthcare Administration) tayyorlash boʻyicha magistrlik yoʻnalishini joriy qilish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020/2021 oʻquv yilida sogʻliqni saqlash sohasi uchun 20 nafar menejer mutaxassisni magistrlik yoʻnalishi boʻyicha davlat granti asosida tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash choralarini koʻrsin.
7. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-avgustga qadar mutaxassislik yoʻnalishlarida asosiy hisoblangan xalqaro tan olingan mualliflarning adabiyotlari, shuningdek, profilaktika, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini qoʻllash boʻyicha xorijiy darsliklarni mualliflik huquqlari talablariga rioya qilgan holda belgilangan tartibda oʻzbek tiliga tarjima qilish asosida tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqsin.
Bunda ushbu tadbirlarni moliyalashtirish Vazirlik va tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Vazirlik hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2020-yil 1-sentyabrdan Nukus, Andijon, Buxoro, Samarqand, Urganch va Fargʻona shaharlarida joylashgan tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida belgilangan tartibda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengashlar tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
9. Vazirlikning:
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutini Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) etib qayta tashkil etish;
Toshkent shahridagi 1-son Respublika klinik shifoxonasi negizida Markazning koʻp tarmoqli klinikasini tuzish;
tibbiyot oliy taʼlim muassasalari mavjud boʻlmagan hududlarda (Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida) hududiy koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida Markazning filiallarini ochish;
Markazda 2021-yilgi Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi mablagʻlari hisobidan xalqaro standartlarga javob beradigan oʻquv-simulyatsion markazini tashkil qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki:
Markaz Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Markazning koʻp tarmoqli klinikasi muassisi Markaz hisoblanadi hamda uning faoliyati Markaz tomonidan muvofiqlashtiriladi;
Markaz direktorining davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida Markazning koʻp tarmoqli klinikasi bosh shifokori hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Markaz faoliyatini tashkil qilish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.
11. Uzluksiz kasbiy tibbiyot taʼlimida toʻplanadigan kreditlar hajmi 4-ilovaga muvofiq belgilansin.
12. Tibbiy-sanitariya va farmatsevtika kadrlarining uzluksiz kasbiy malakasini oshirish tizimida 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab akkreditatsiyadan oʻtmasdan, Vazirlik tomonidan har yili tasdiqlanadigan oʻquv dasturlari asosida oʻqitish huquqi quyidagi muassasa va tashkilotlarga taqdim etilsin:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan va pullik asosda – respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va hududiy koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari;
Belgilansinki, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, shu jumladan, birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalari xodimlarining uzluksiz kasbiy malakasini oshirish mazkur bandda belgilangan muassasa va tashkilotlar tomonidan joylarda tashkil etiladigan sayyor sikllar va masofadan turib oʻqitish asosida amalga oshiriladi.
Vazirlik uzluksiz kasbiy malaka oshirish tizimida tibbiyot xodimlarini oʻqitish bilan shugʻullanadigan tashkilotlarga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda maxsus oʻquv kurslarini tashkil qilishda yaqindan koʻmaklashsin.
13. Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
shifokorlar uchun har 5 yilda malaka toifasini olish boʻyicha majburiy attestatsiyadan oʻtish tartibi kiritiladi hamda ularga qulaylik yaratish va shaffof oʻtkazilishini taʼminlash uchun attestatsiyani onlayn tartibda audio va videokuzatuv ostida tashkil etish tizimi joriy etiladi;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish uchun toʻlov bekor qilinadi.
14. Tibbiy-sanitariya va farmatsevtika kadrlari uchun malaka oshirishni nazarda tutuvchi uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini joriy etgan tibbiyot oliy taʼlim muassasalari (shu jumladan, nodavlat tibbiyot oliy taʼlim muassasalari), respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning filiallari, ilmiy-tadqiqot institutlari, hududiy koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari va nodavlat tibbiyot tashkilotlariga malaka oshirishdan muvaffaqiyatli oʻtgan mutaxassislarga oʻtilgan oʻqish kreditlari koʻrsatilgan holda Vazirlik tomonidan belgilanadigan namunadagi sertifikat rasmiylashtirish huquqi berilsin.
15. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 7-aprel