O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Temur tuzuklari” besh tilda nashr etildi
2020-04-02 | Portaldagi o'zgarishlar
Sohibqiron bobomiz Amir Temurning bizgacha yetib kelgan “Temur tuzuklari” asarining qoʻlyozma va toshbosma nusxalari Mir Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiy tarjimasi asosida yaratilgan boʻlib, XVIII asrdan buyon dunyo olimlarining diqqat-eʼtiborini qozonib kelmoqda.
Markaziy Osiyoda hukm surgan xonliklar davrida ham bu asarga juda katta qiziqish bildirilgan. Shu bois, mazkur asarning forscha qoʻlyozmasi bir necha bor koʻchirilgan. Asli oʻzbek tilida bitilgan bu asarni taqdir taqozosi bilan yana shu tilga tarjima qilishga ehtiyoj tugʻilgan. Soʻnggi ikki asr davomida “Temur tuzuklari” bir necha bor tilimizga oʻgirilgan. 1836-yilda Qoʻqon xoni Muhammad Alixon (1822-1841)ning buyrugʻiga koʻra, Xoʻjand qozisi Nabijon Mahdum Hotif mazkur asarni qisman tarjima qilgan. 1856-1857-yillarda Xiva xonligida mazkur asarni Muhammad Yusuf Rojiy qisqartirilgan holda oʻzbekchalashtirgan. Oradan bir yil oʻtib, Xivada yana bir tarjimon Pahlavon Niyoz Devon – Komil Xorazmiy asari asosida, Muhammad Rizo Ogahiy tavsiyasiga koʻra, yangi asar yaratgan. Mazkur asarlarning qoʻlyozmalari bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanmoqda.
1967-yil taniqli alloma Alixontoʻra Sogʻuniy (1885-1976) asarning Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari idorasining kutubxonasida saqlanayotgan forsiy qoʻlyozmadan oʻzbek tiliga tarjima qilib, uning bir qismini “Guliston” jurnalida eʼlon qilgan.
“Temur tuzuklari” – podsholarning turish-turmush va axloq-odob normalarini belgilovchi risoladir. Asar ikki qismdan iborat. Birinchi qismda jahon tarixida mashhur fotih, sarkarda va isteʼdodli davlat arbobi sifatida nom qoldirgan Amir Temurning yetti yoshi (1342)dan to vafotiga (1405-yil, 18-fevral) qadar kechgan hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyati, aniqroq qilib aytganda, uning Movarounnahrda markaziy hokimiyatni qoʻlga kiritish, feodal tarqoqlikka barham berish va markazlashgan davlat tuzish, qoʻshni yurt va mamlakatlarni, masalan, Eron hamda Afgʻonistonni oʻz tasarrufiga kiritish, Oltin Oʻrda hukmdori Toʻxtamishxon (1376-1395), butun Yevropaga qoʻrquv va dahshat solgan Turkiya sultoni Boyazid Yildirim (1389-1402)ga qarshi va nihoyat, buyuk jahongirning Ozarbayjon, Gruziya va Hindistonga qilgan harbiy yurishlari ixcham tarzda bayon etilgan.
Ikkinchi qism jahongirning nomidan aytilgan va uning toju taxt vorislariga atalgan oʻziga xos vasiyat va pand-nasihatlaridan iborat. Unda davlatni idora qilishda kimlarga tayanish, toju taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qoʻshin boshliqlarini saylash, sipohiylarning maoshi, mamlakatlarni boshqarish tartibi, davlat arboblari va qoʻshin boshliqlarining burch va vazifalari, amirlar, vazirlar va boshqa mansabdorlarning toju taxt oldida koʻrsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash tartibi va boshqalar xususida soʻz yuritiladi.
“Temur tuzuklari”ning yurtimiz tarixidagi oʻrni va ilmiy ahamiyatini eʼtiborga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan ushbu tarixiy asar oʻzbek, rus, ingliz, fransuz va fors tillarida bir jild shaklida jamlanib, nashr etildi.
Oʻylaymizki, ushbu xayrli ish barcha hamyurtlarimizni buyuk tariximiz va ajdodlarimizning benazir ilmiy merosi bilan tanishishlariga yana bir imkon yaratadi.