O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qisqa raqamli 1003 Call-markaziga shu vaqtgacha 70 mingga yaqin murojaat kelib tushgan
2020-03-18 | Sog‘liqni saqlash
Avval xabar qilganimizdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 1003 yagona qisqa raqamli Call-markaz ishga tushirilgan edi. Fuqarolarimiz ushbu raqamga qo‘ng‘iroq qilib, koronavirus infektsiyasi yoki o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligi bilan bog‘liq savollariga mutaxassislardan tibbiy asoslangan javoblar va tavsiyalar olishmoqda.
Ta’kidlash joizki, Call-markaz tunu kun faoliyat ko‘rsatmoqda. Unda 200 nafardan ortiq professor o‘qituvchilar, shifokorlar 4 smenada uzluksiz fuqarolarning murojaatlariga javob berishmoqda.
Joriy yilning 15-mart kuni soat 21:00 da ishga tushgan Call-markazga bugun, 18-mart soat 13:00 gacha 69 212 ta qo‘ng‘iroq kelib tushgan.
- Eng ko‘p berilayotgan savollarga e’tibor beradigan bo‘lsak, birinchi kunlari aholi koronavirus infektsiyasi, uning yuqish yo‘llari va belgilari, profilaktika qoidalarini bilish uchun murojaat qilishgandi, - deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti prorektori Sur’at Gulyamov. - Uch kun davomida ommaviy axborot vositalari va internet nashrlari orqali bu kabi masalalar keng targ‘ib qilingani, aholining xabardorligi ancha oshganligi bois bugunga kelib, yuqoridagi savollar ancha kamaydi. Endi ko‘pincha muayyan vaziyatga oid savollar berilishi kuzatilmoqda.
O‘z o‘rnida aytib o‘tish joizki, operatorlarga tongi vaqtda bolalar, kechki payt esa erkaklar hazillashib telefon qilish hollari ham uchramoqda. Call-markazning qoidasiga ko‘ra, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, operatorlar barchaning savollariga javob berishi shart. Vaholanki, ayni shu paytda hazilkash fuqarolar sabab haqiqatan ham yordam va tavsiyaga muhtoj fuqarolar qo‘ng‘iroq qilib, tusha olmasliklari mumkin. Shuning uchun fuqarolarimizdan 1003 qisqa raqamiga zarurat bo‘lgandagina telefon qilishlarini so‘rab qolamiz.