O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlik

2020-03-13 | Sog‘liqni saqlash

Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. L.Kuppens taʼkidlaganidek, JSSTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlashdagi faoliyati Milliy palata bilan oʻzaro munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan. Buning uchun birinchi navbatda oʻzaro maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish muhim.

JSST vakolatxonasi rahbari bunday almashinuvlarni boshlash uchun Oʻzbekistondagi sogʻliqni saqlash holatini tahlil qilish sohasidagi BMTning mazkur boshqarmasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari va uni takomillashtirish boʻyicha tavsiyalari bilan tanishtirdi.

L.Kuppens soʻzlariga koʻra, mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikda 2017-yildan buyon JSST mutaxassislari tomonidan Oʻzbekistondagi sogʻliqni saqlash sohasidagi ahvolni tahlil qilish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bunda, biror sohadagi maʼlumotlar mavjud boʻlmagan hollarda, ekspertlar qoʻshni davlatlar tajribasiga asoslanib ularni yaratishda yordam berdilar.

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, sogʻliqni saqlash sohasidagi saʼy-harakatlarning katta qismi yuqumli kasalliklarning oldini olishga qaratilgan. Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasida sil va OIV infeksiyasining yangi holatlari qayd etilmoqda. Shu bilan birga, statistika maʼlumotlariga koʻra, oʻlim holatlarining 80 foizi yuqumli boʻlmagan kasalliklardir. Bu koʻrsatkichni pasaytirish uchun profilaktika choralarini kuchaytirish lozim. Bularning barchasi tizim sifatida sogʻliqni saqlash sohasini kuchaytirishni talab qiladi. Shuning uchun JSST saʼy-harakatlari aynan shu sohadagi tizim yaratilishi va uni ushlab turuvchi mutaxassislar salohiyatini oshirishda yordam berishga qaratilgan.

JSSTning ushbu yoʻnalishda qoʻllaydigan xalqaro tajribasi sogʻliqni saqlash tizimining yaratilishi va ishlashi uchun zarur boʻlgan 6 asosiy qismning muhimligini koʻrsatmoqda. Ular orasida esa quyidagilar mavjud: strategik rahbarlik va menejment, sifatli xizmat koʻrsatish, axborot tizimi va raqamlashtirish, dori-darmonlar va davolash texnologiyalari, diagnostik laboratoriyalar qulayligi, sogʻliqni saqlash uchun inson resurslari va moliyalashtirish.

Jahon miqyosida barcha mamlakatlar oldida turgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga Oʻzbekistonning erishishi haqida gapirganda, yuqorida sanab oʻtilgan barcha yoʻnalishlarni tegishli ravishda ishlab chiqish zarurligini tushunish kerak.

JSST ekspertlari koʻmagida Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimini 2019-2025-yillarda rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqdi va hozirgi paytda Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu Konsepsiyada koʻzda tutilgan har bir strategik yoʻnalishni ochib beradigan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqmoqda.

Milliy palata raisi Ravshan Izamov sogʻliqni saqlash bilan bogʻliq barcha huquqiy hujjatlar ushbu davlat tuzilmasi mutaxassislari tomonidan ekspertizadan oʻtkazilishini va eng yaxshi xalqaro standartlar va yondashuvlar asosida tavsiyalar berilishini taʼkidladi.

Tomonlar barcha manfaatdor tomonlarning, jumladan, Milliy palata, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti vakolatxonasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi va boshqalarning birlashishi islohotlarning mamlakat aholisiga tibbiy yordamni yaxshilash va sogʻlom turmush tarzi tamoyillarini tezlashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan va hali Oʻzbekiston oldida turgan bosqichlari samaradorligini oshirishga hissa qoʻshadi, degan umumiy fikr bildirdi.

Xususan, JSST bugungi kunda sogʻliqni saqlash sohasida qabul qilingan moliyalashtirish tizimidagi oʻzgarishlar, shuningdek, Majburiy tibbiy sugʻurtaning joriy etilishi boʻyicha pilot loyihasini amalga tatbiq etish masalalari bilan shugʻullanuvchi idoralararo guruhda Milliy palataning faol ishtiroki ahamiyatini qayd etib oʻtdi. Bu shunisi bilan muhimki, sogʻliqni saqlash va majburiy tibbiy sugʻurtalashni raqamlashtirishning bir qismi boʻlgan, Oʻzbekistonning barcha shifokor va farmatsevtlarini roʻyxatdan oʻtkazish amaliyoti Milliy palata tomonidan amalga oshirilmoqda.

Suhbat davomida tomonlar sogʻliqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish uchun raqamlashtirish muhimligini alohida taʼkidladi. Lian Kuppensning soʻzlariga koʻra, ushbu sohada salohiyatni oshirish, raqamlashtirish sohalari va uning ahamiyatini chuqur anglash juda muhim masala boʻlib qolmoqda. JSST oʻz dasturiy taʼminotiga ega boʻlgan turli loyihalarni integratsiya qilinishi kerak boʻlgan yagona milliy platforma yaratish gʻoyasini ilgari surmoqda. Shuningdek, kadrlar salohiyatini oshirish, masalan, paramediklarga diagnostikani kodlashni oʻrgatish uchun ham koʻp yoʻnalishli ishlar muhimdir.

Aynan ushbu majburiy tibbiy sugʻurtaning joriy etilishi kafolatlangan tibbiy yordamning yagona paketini ishlab chiqishni anglatadi. Unda hamma narsa, shu jumladan, umumiy amaliyot shifokori, hamshiraning xizmatlari, zaruriy mezonlar va boshqalar hisobga olinishi kerak.

Muzokaralar natijasida tomonlar doimiy ravishda hamkorlik qilish, maʼlumot almashish va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan boshqariladigan va ilgari surilayotgan loyihalarga Milliy palataning ekspertlarini jalb qilish toʻgʻrisida kelishuvga erishdi.

Поделиться