O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandda MDH Chegara qoʻshinlari rahbarlari uchrashuvi boʻlib oʻtdi
2020-03-12 | MDH
Samarqand shahrida MDH tashkilotiga aʼzo davlatlar chegara qoʻshinlari rahbarlarining 5-mintaqaviy yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston respublikalari delegatsiyalari, shuningdek, MDH Chegara qoʻshinlari qoʻmondonlari kengashining Muvofiqlashtiruvchi xizmati vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida MDHga aʼzo davlatlarning Afgʻoniston bilan tashqi chegaralaridagi vaziyat va uning yaqin kelajakdagi rivojlanish tendensiyalari tahlil qilindi. Xususan, Afgʻonistonning shimoliy chegara hududlaridagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan birga, yigʻilish ishtirokchilarning eʼtibori jangarilar nazorati ostidagi hududlarda giyohvand moddalar ishlab chiqarish koʻlami oshib borayotgani va giyohvandlik vositalarini “shimoliy yoʻnalish“ boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqasidagi MDHga aʼzo davlatlarning tashqi chegaralari orqali olib oʻtishga urinishlar boʻlayotganiga qaratildi.
Yigʻilishda Hamdoʻstlik davlatlari hududiga xalqaro terroristik va ekstremistik tashkilotlarga aloqador shaxslarning kirib kelishiga qarshi kurash choralari ishlab chiqildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Protokol imzolandi. Uning tavsiyalari 16-aprel kuni Yerevan shahrida boʻlib oʻtadigan Chegara qoʻshinlari qoʻmondonlari kengashining navbatdagi yigʻilishida koʻrib chiqiladi.