O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Litva delegatsiyasi - Samarqandda
2020-03-06 | Jamiyat
Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Litva Seymi spikerining o‘rinbosari Irina Shyaulene boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahrida bo‘ldi.
Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Litva o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari keyingi paytda rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratish tomonlar uchun manfaatli bo‘lishi qayd etildi. Xususan, turizm sohasida hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha takliflar bildirildi. Mehmonlar Samarqand shahrida ish boshlagan “Ta’lim va mutaxassislik” XIV xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi.
- Biz yangi O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishni maqsad qilganmiz, - deydi Irina Shyaulene. - O‘tgan yili Yevropa Ittifoqi tomonidan Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiya qabul qilindi. Bunda O‘zbekistonning ham alohida o‘rni bor. O‘zbekiston yoshlari Yevropa oliy ta’lim muassasalarida, xususan, Litvada o‘qishi, malaka oshirishlari uchun keng imkoniyatlar mavjud. Mazkur yo‘nalishda Toshkentda o‘tkazilgan tadbirlarda Litva davlatidan 4 ta universitet mas’ullari ishtirok etgan edi. Hozirgacha ikkita universitet bilan shartnoma va memorandum imzolandi. Oliy Majlis Spikeri o‘rinbosarlari, O‘zbekiston oliy va xalq ta’limi vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi vakillari hamda mahalliy hokimliklar bilan kelgusi hamkorlik bo‘yicha fikr almashdik. Nafaqat ta’lim sohasida, balki savdo-iqtisodiy sohalarda ham hamkorlik qilishni rejalashtirayapmiz.
Litva delegatsiyasi Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylar bilan ham yaqindan tanishdi. Yurtimiz tarixida alohida o‘rin tutgan temuriylar davri madaniyati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
G‘.HASANOV, O‘zA