Toshkent davlat yuridik universitetida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbati shu mavzuga bagʻishlandi.
Adliya vaziri oʻrinbosari, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori R.Hakimov, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi xalqaro koordinatori Kun Markvering mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini taʼkidladi.
Bu borada advokatlarning huquqiy maqomini oshirish va vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, advokatura instituti mustaqilligini taʼminlash masalalariga katta eʼtibor berilmoqda.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining yangi tahriri ishlab chiqilmoqda. Toshkent davlat yuridik universiteti loyiha muhokamasida faol ishtirok etmoqda. Shu bilan birga bu borada xorij tajribasi muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu davra suhbati ham xorij amaliyotini oʻrganish va qonun loyihasini yana-da puxta ishlab chiqish uchun muloqot maydoni boʻldi.
Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi vakili Saydullo Azimov yangi tahrirdagi Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilayotgan oʻzgarishlar, yangiliklar haqida toʻxtalib oʻtdi.
– Yangi tahrirdagi Jinoyat-protsessual kodeksi loyihasini ishlab chiqish maqsadida Bosh prokuraturada idoralararo komissiya hamda manfaatdor idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi. Loyihani tayyorlash jarayoni hozir ham davom etmoqda. Kodeks loyihasi mantiqiy ketma-ketlikda tizimlashtirilgan. Avvallari bu toʻliq tizimlashtirilmagan va koʻp muammolar kelib chiqqan. Ikkinchi jihati, umumiy sodda tilda bayon qilinishidir. Yaʼni bu kodeksni oʻqiydigan nafaqat huquqshunos, balki oddiy fuqaro ham tushunishi lozim. Ikkita yangi institut kiritildi. Bunga sabab esa amaliyotdagi mavjud muammolar, boʻshliqlar yoki qonunni talqin qilishdagi kamchiliklardir. Kodeksni qoʻllash qulay boʻlishi uchun raqamlashtirish joriy etilgan, – dedi S.Azimov.
Amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksi 14 boʻlim, 65 bob va 609 moddadan iborat boʻlsa, yangi tahrirdagi kodeks loyihasi 17 boʻlim, 91 bob hamda 832 moddani oʻz ichiga olgan. Yangi tahrirdagi kodeksda dastlabki eshituv instituti hamda jinoyat natijasida zarar koʻrgan shaxslarga ushbu jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni bartaraf etish mexanizmi nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, sud nazorati instituti, guvoh, chaqiriluvchilarni himoya qilish instituti, protsessual kelishuvlar instituti, koʻrsatuvlarni tasdiqlash instituti joriy etiladi. Tezkor qidiruv faoliyati natijasida olinadigan maʼlumotlarning shakliga protsessual statusni berish va ushbu dalillarni tergov yoki sud muhokamasida qoʻllash tartibi belgilanmoqda.
Yangi tahrirdagi kodeksda advokatlarning huquq va vakolatlarini kengaytirish nazarda tutilgan. Sudlar tomonidan boshqa davlatlar qarorlarini tan olish va ushbu qarorlarni ijro qilishga oid normalar takomillashtiriladi.
Ishtirokchilar ayblanuvchini (gumon qilinuvchi, sudlanuvchi) himoyalanish huquqi bilan taʼminlash, jabrlanuvchi, guvoh va boshqa shaxslarga huquqiy yordam koʻrsatish bilan taʼminlashning oʻziga xos xususiyatlari, davlat tomonidan himoyachini tayinlash masalalari, jinoyat protsessida taraflarning tengligini taʼminlash, advokatlar mustaqilligi va himoyalanish huquqi masalalarini muhokama qildi.
Jinoyat protsessida advokatlar roli bilan bogʻliq eng ilgʻor amaliyotlar haqida maʼlumot berildi. Himoya tomonidan dalillar toʻplash, iltimosnoma kiritish va sudga dalillarni taqdim etishning boshqa yoʻllari haqida fikr almashildi.
Nurillo NASRIYEV, OʻzA