O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Parrandalarni yetishtirishda innovatsion texnologiyalar
2020-03-04 | Innovatsiya
Joriy yilning 3-mart kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi va Vengriyaning “Agrofeed” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Parrandalarni yetishtirish uchun innovatsion texnologiyalar“ mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminardan ko‘zlangan maqsad olimlar, mutaxassislar va tadbirkorlar e’tiboriga mazkur kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan hamda foydalanilayotgan innovatsion texnologiyalarni havola etishdan iborat.
Joriy yilda manfaatdor tomonlar ishtirokida 10 ga yaqin shunday ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Asosiy ma’ruzachilar “Agrofeed” kompaniyasi mutaxassislari — Aleksandr Yanchevskiy va Tamas Toperzer broyler tovuqlarni oziqlantirish haqida ma’ruzalar bilan qatnashdi. Ta’kidlash joizki, hozirda yurtimizda omuxta ozuqa ishlab chiqarishni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. O‘z navbatida bu mahsulotni parranda yetishtirilayotgan hududning tabiiy sharoiti va parrandalarning yashash sharoitlarga bog‘liq holda o‘zgartirish talab etiladi.
Erishilgan natijalar bilan bir qatorda parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi barcha mamlakatlarga xos bo‘lgan bir qator muammolar xal etilishi lozim. Bunga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mavjud ishlab chiqarish ob'yektlarini yangidan qurish va modernizatsiya qilish hamda tayyor mahsulotlarni eksport qilish geografiyasini kengaytirish kiradi.
Xususan, hozirda parrandachilik mahsulotlarini qayta ishlash darajasi past bo‘lib qolmoqda: bu soha asosan tovuqlar bilan chegaralangan bo‘lib, boshqa turlardagi parrandalar (kurka, g‘oz, o‘rdak, tuyaqush va boshqalarni) yetishtirishni rag‘batlantirishga e’tibor berilmayapti. Bundan tashqari, qushlar orasida parranda kasalliklarini erta aniqlash uchun zamonaviy biologik laboratoriyalar yo‘qligi tufayli turli kasalliklar keng tarqalgani ham e’tiborga molik.
Aniqlangan kamchilik va muammolarni hal etishda O‘zbekistonda parrandachilikni rivojlantirish hamda import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar turlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar ham hisobga olinmoqda.
Seminarda olimlar, mutaxassislar, tadbirkorlar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda Vengriyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi vakillari qatnashdilar.