Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi.
Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Fanlar akademiyasi kabi tashkilotlar tomonidan Misrning Al-Azhar majmuasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Tayyib boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Iordaniya, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Rossiya, Turkiya, Ukraina, Shveysariya, Qirgʻiziston va Qozogʻiston kabi mamlakatlardan 70 ga yaqin ulamolar, islomshunos olimlar, nufuzli taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning ochilishida Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Rustam Qosimov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va boshqalar qatnashmoqda.
Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda asriy anʼana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish, eʼtiqod erkinligini taʼminlash, xususan, ezgulik va yaxshilikka asoslangan islom dinining asl mohiyatini targʻib qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Islom dini rivojida beqiyos oʻrin egallaydigan Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan mazkur anjumanda muhokama etiladigan mavzular islomning asl mohiyatini targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etishi, konferensiya yakuni boʻyicha qabul qilinadigan hujjatlar esa islom madaniyati va sivilizatsiyasini yana-da taraqqiy ettirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Gʻayrat XONNAZAROV. Alisher ISROILOV (surat), OʻzA