O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati ikkinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot
2020-03-02 | Siyosat
2020-yil 28-fevral kuniToshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yalpi majlisda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlisda Senat a’zolari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq sohalarida islohotlarni izchil davom ettirish, mahalla va oila institutini mustahkamlash, bola huquqini himoya qilish bilan bog‘liq bir qator qonun hujjatlari va muhim masalalar muhokama qilindi.
Yalpi majlis ishi Oliy Majlis Senatining veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.
Senat a’zolari yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini muhokama qilishdan boshladi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yil 24 yanvar kuni parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish borasida muhim qadam qo‘yish va mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelgan, biroq O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi maqomini olmagan yurtdoshlarimiz muammosini qonunga muvofiq hal etish yuzasidan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini qayd etdi. 1995 yilgacha O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligini avtomatik tarzda berish taklif etildi. Bu 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning hayotidagi eng jiddiy muammo hisoblanadi.
Qonunning amaldagi tahriri 28 yil avval qabul qilinganligi va uning deyarli barcha normalari eskirib, zamon talablariga javob bermay qo‘yganligi ta’kidlandi. Qonunda fuqarolik sohasidagi ma’muriy tartib-taomillarni yanada soddalashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunchilik bazasini yaratish, shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish va bekor qilish borasidagi huquq va erkinliklarini ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash nazarda tutilgan.
Qonun bilan mustahkamlanayotgan yangi normalar haqida so‘z borganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyaning maqomi, asosiy vazifalari va vakolatlari belgilab qo‘yilganligi qayd etildi. Bundan tashqari, tug‘ilgan joyi yoki ota-onasining fuqaroligi bo‘yicha bolalarning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini belgilash tartibi mustahkamlandi. O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqishda idoralararo elektron hamkorlik mexanizmlari nazarda tutilgan.
So‘zga chiqqanlar qonun qabul qilinishi bilan sohaga doir qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti bir xilda bo‘lishi, inson huquqlari va erkinliklari ishonchli himoya qilinishi ta’minlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra parlamentning yuqori palatasi a’zolari “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdi.
Qonun Davlat statistikasi qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilganligi ta’kidlandi.
So‘zga chiqqanlar qonunning maqsadi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligini qayd etdi. Aholini ro‘yxatga olish - bu O‘zbekiston Respublikasining aholisi to‘g‘risida ishonchli va xolis axborot yig‘ish. Aholini ro‘yxatga olishning asosiy printsiplari quyidagilardan iborat: davriylik; umumiylik va bir paytdalik; ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi (nomma-nomligi); shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi; aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.
Qonunda aholini ro‘yxatga olishning quyidagi asosiy vazifalari belgilanmoqda: oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirish; aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash; aholini ro‘yxatga olishlar oralig‘idagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish; ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.
Aholini ro‘yxatga olish sohasini davlat tomonidan tartibga solish Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi - O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ularning bu sohadagi vakolatlari ochib beriladi.
Shu bilan birga, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining aholini ro‘yxatga olishdagi ishtiroki nazarda tutilmoqda, shuningdek, respondentlar va ro‘yxatga oluvchi xodimlarning huquq hamda majburiyatlari ochib berilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, qonun qabul qilinishi xalqaro standartlarga javob beradigan, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tizimli va kompleks tartibga soladigan moslashuvchan va ochiq-oshkora huquqiy doiralarni yaratishni davom ettirishga hamda bir qator dolzarb vazifalarni bajarishga ko‘maklashadi. Jumladan, aholi tarkibida yuz bergan global o‘zgarishlarni baholash, demografik siyosatni, odamlar salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar holatini yaxshilash, shuningdek, Barqaror taraqqiyot milliy maqsadlarini shakllantirish va monitoring qilish kabi vazifalarni bajarish ta’minlanadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin senatorlar yangi tahrirdagi “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun qonun hujjatlarini metrologiya sohasidagi xalqaro hujjatlar talablariga muvofiqlashtirish va qonun normalarini hukumatlararo “Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida kelishilgan siyosatni amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuv” ishtirokchi davlatlari milliy qonun hujjatlari va o‘lchashlar birliligini ta’minlash sohasidagi asos bo‘luvchi davlatlararo hujjatlarning qoidalariga uyg‘unlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqildi.
“Metrologiya to‘g‘risida”gi amaldagi qonunning keyingi moddalari bir xilda talqin qilinishini ta’minlash uchun asosiy tushunchalar “davlat metrologiya xizmati”, “metrologik kuzatuvchanlik”, “o‘lchashlar aniqligining ko‘rsatkichi” kabi terminlar bilan to‘ldirilmoqda. Bunday terminlar kiritilishi bilan “o‘lchash vositalarini qiyoslash” va “metrologiya xizmati” terminlarining ta’rifi o‘zgartirilmoqda.
Bundan tashqari, o‘lchash birligini ta’minlash sohasida faoliyat olib borayotgan sub'yektlar, xususan, davlat metrologiya xizmati, davlat boshqaruvi organlarining metrologiya xizmatlari va yuridik shaxslar metrologiya xizmatlari tomonidan metrologiya nazoratini o‘tkazish huquqlari belgilanmoqda. Shuningdek, alohida moddalarda metrologiya xizmatlarining huquqlari va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.
Qonunda o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlashga oid normativ hujjatlar turlarining quyidagi ro‘yxati belgilanmoqda: o‘lchash vositalarini qiyoslash uslubiyoti; o‘lchash vositalarini kalibrlash uslubiyoti; o‘lchashlarning bajarish uslubiyoti; sinov vositalarini attestatsiya qilish uslubiyoti.
Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, qonun qabul qilinishi o‘lchashning ishonchsiz natijalari vujudga kelishining va amalda qo‘llanilishining oldini olish orqali fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan o‘lchash birligini ta’minlash sohasidagi huquqiy normalarni amalga oshirish samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdi.
Qayd etilganidek, iqtisodiyotimizning globallashuvi tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan, xo‘jaliklararo, davlatlararo aloqalar rivojlanayotgan hamda mintaqaviy va xalqaro darajalarda qonunchilik birxillashtirilayotgan bir sharoitda ham milliy, ham xalqaro darajada bozor munosabatlarining asosiy elementlaridan biri hisoblangan xalqaro arbitraj tijorat nizolarini hal etishning muqobil, suddan tashqari shakli sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.
Shularni inobatga olib, mazkur qonun zarurati bir qator omillar bilan asoslanadi. O‘zbekiston Respublikasida xalqaro tijorat arbitraj sudlarining faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibini huquqiy tartibga solish, ular faoliyatining asosiy printsiplarini belgilash, xorijiy investorlar, shuningdek, milliy kompaniyalarni chet ellik hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlarida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash kabi omillar shular jumlasidan.
Biroq senatorlar ta’kidlaganidek, qonunda qator kontseptual kamchiliklar mavjud. Masalan, qonunning 3-moddasida uning qo‘llanilish sohasi belgilangan bo‘lsa-da, xalqaro tijorat arbitraji tushunchasi va tamoyillari ochib berilmagan.
Shuningdek, 6-moddada qonunning qo‘llanilish sohasini batafsil izohlash o‘rniga hal qilish uchun xalqaro tijorat arbitrajiga topshirilishi mumkin bo‘lgan nizolar sanab o‘tilgan. Senatorlarning fikricha, ushbu normada xalqaro tijorat arbitraji ko‘rib chiqishi mumkin bo‘lgan nizo predmeti to‘liq yoritilmagan. Bu va boshqa kamchiliklar tufayli qonunni jiddiy takomiliga yetkazish zarurligi ta’kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.
So‘ngra Oliy Majlis Senati a’zolari “Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdi.
Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevralda qabul qilingan “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilganligi ta’kidlandi.
Qonun bilan 22 mart “Mahalla tizimi xodimlari kuni” etib belgilanmoqda. So‘zga chiqqanlar qayd etganidek, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda mahalla institutining roli katta. Yurtimizning boy tarixi bilan chambarchas bog‘liq bu o‘ziga xos institutning mavqeini yanada oshirishda mahalla tizimi xodimlari faoliyati jamiyatda muhim ahamiyatga ega. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra yuqori palata a’zolari “Bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, qonun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan va Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiya talablarini har tomonlama hayotga tatbiq etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga, Fuqarolik protsessual kodeksiga, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, Oila kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchalarda oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola o‘z fikrini ifoda qilishga, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida so‘zlashga haqli ekanligi nazarda tutilmoqda.
Bunda qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’iy nazar, ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak. Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek, o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli.
Shuningdek, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritilib, unga ko‘ra bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan, ota-ona (ulardan biri) yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolaga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiiste’mol qilganda bola o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini so‘rab vasiylik va homiylik organiga, shuningdek, boshqa davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqli. Bunday murojaatlarni bola to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmaganligi sababli ko‘rib chiqmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun yangi modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga muvofiq, voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga ushbu qonunda belgilangan tartibda mustaqil ravishda murojaat berishga haqli.
Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga ham tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda. Bunga ko‘ra voyaga yetmagan, ya’ni yoshi o‘n to‘rtdan o‘n sakkizgacha bo‘lgan fuqarolarning, shuningdek, muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari sudda ularning ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar yoki homiylar tomonidan himoya qilinadi. Ammo bu hol voyaga yetmaganlarni va muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarni bunday ishlarda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum qilmaydi.
Senatorlar mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bola huquqlari kafolatlarini ta’minlashga ko‘maklashishini ta’kidladilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin senatorlar “Sud ishlarini yuritish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi, “Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunlari, Soliq kodeksi, shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va Ma’muriy sud ijrochiligi to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunidagi normalar ishlarni sudyalar o‘rtasida taqsimlash tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raislarining vakolati hisoblanishi, shuningdek, Oliy sudning tegishli sudlov hay’atlari majlislarida ishlarni ko‘rib chiqish uchun sudlov tarkiblarini shakllantirish sudlov hay’atlari raislarining vakolati hisoblanishi haqidagi normalarning mavjudligi sudlarda ishlarni elektron tizimdan foydalangan holda inson aralashuvisiz, avtomatik ravishda taqsimlash tartibini amaliyotga to‘liq joriy etish imkoniyatini yaratib beradi.
“Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritilib, natijada xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘rtasidagi nizolarni tezkor hal qilishga erishiladi. Shuningdek, 2020 yil 1 fevraldan boshlab yuridik shaxslar tomonidan da’vo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 150-moddasiga da’vogar tomonidan da’vo arizasi va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini javobgarga va uchinchi shaxslarga elektron tarzda yuborish imkoniyatini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Bunda da’vogar-soliq to‘lovchi da’vo arizasi va ilova hujjatlarini sudga taqdim etishdan oldin soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali boshqa soliq to‘lovchi-javobgar va uchinchi shaxslarga yuborish hamda hujjatlar yuborilganligi haqidagi tasdiqlovchi ma’lumotni keyinchalik sudga taqdim etish uchun axborot tizimi orqali yuklab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra parlament a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdi.
Ta’kidlanganidek, qonun mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jamiyatda barqarorlikni ta’minlash va islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Markaziy banki, Bosh prokuraturasi, Hisob palatasi, shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston Respublikasining 4 ta qonuni, 2 ta kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 12-maydagi “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi 222-II-sonli qarorining 1-ilovasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.
Shuningdek, kiritilayotgan qo‘shimchalarda Hisob palatasi byudjet va smeta-shtat intizomini buzganlikda aybdor shaxslarni belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha Hisob palatasi vakolatlarini amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati organlarining mansabdor shaxslari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish va uni ma’muriy sudga yuborish nazarda tutilmoqda.
“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining mansabdor shaxslari siyosiy partiyalarga a’zoligini cheklashni nazarda tutadigan qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilmoqda.
Ko‘rsatiladigan mikromoliyalash xizmatlarini oshirish, aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining mikromoliyalash xizmatlariga bo‘lgan oshib borayotgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, to‘lash qobiliyatini yaxshilash va ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish maqsadida “Mikromoliyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muayyan summadan oshmaydigan miqdorda mikromoliyalash xizmatlari summasini belgilashni, jumladan, qarz oluvchiga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 300 million so‘mdan oshmaydigan summada mikrokredit berishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida nazarda tutilgan Hisob palatasi vazifalari, funktsiyalari va vakolatlarini amalga oshirish maqsadida Byudjet kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni norma bilan to‘ldirilmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislarida ishtirok etish, uning ko‘rib chiqishi uchun masalalar kiritish va ko‘rilayotgan masala yuzasidan fikr bildirish bo‘yicha Hisob palatasi raisining vakolatlarini amalga oshirish belgilanmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Parlament a’zolari tomonidan “Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferentsiyasi Ustavini (Gaaga, 1951-yil 31-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, qonun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘ini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan va xalqaro xususiy huquq normalarini bosqichma-bosqich birxillashtirishga ko‘maklashishga qaratilgan.
Konferentsiyaning bitta va undan ortiq sessiyasida ishtirok etgan va uning Ustavini qabul qilgan davlatlar Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferentsiyasi a’zolari hisoblanishi ta’kidlandi. O‘zbekistonning Gaaga konferentsiyasiga a’zo bo‘lishi xalqaro oilaviy va xususiy huquq normalarini birxillashtirish tartib-taomilida mamlakat ishtirokini ta’minlash, jahon standartlarini hisobga olgan holda huquq tizimini yanada rivojlantirish, davlat fuqarolari huquq va manfaatlarini xorijda himoya qilish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, mamlakatimiz Gaaga konferentsiyasi Kengashiga kirish orqali uning ish dasturini belgilashda ishtirok etishi, Gaaga konferentsiyasi tomonidan ko‘rib chiqilayotgan yangi konventsiyalar yuzasidan muzokaralarda qatnashishi va xalqaro maydonda o‘z manfaatlarini targ‘ib qilishi mumkin.
Qonun mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashishini yanada chuqurlashtirishga ko‘maklashishi ta’kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra Senat a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini tasdiqlash masalasini ko‘rib chiqdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 8-moddasiga muvofiq, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tashkil etish va tugatish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarini tasdiqlash parlament yuqori palatasining vakolatlariga kiradi.
Mazkur Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligini, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida vazirlikning bo‘linmalarini tashkil etish nazarda tutilayotganligi sababli Farmon parlament a’zolari tomonidan ko‘rib chiqildi.
Bu hujjat ijtimoiy sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilganligi hamda mahalla va oila institutini mustahkamlashga ko‘maklashishi ta’kidlandi. Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan keyin Senat a’zolari Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va nogironlikni aniqlash masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni manzilli ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Tegishli xizmatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish borasida yagona siyosatni shakllantirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tashkil etilgan.
Biroq olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda kamchiliklar va yechimini kutayotgan muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, nogironlikni barvaqt aniqlash va oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan. Fuqarolarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar soni so‘nggi uch yilda 9 foizga oshgan.
Nogironlik profilaktikasi, bunday shaxslarni tibbiy-ijtimoiy va malakaviy reabilitatsiya qilish bo‘yicha yaqin, o‘rta yoki uzoq muddatli strategiyaning mavjud emasligi bunday shaxslarni tibbiy-ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratishga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu munosabat bilan ushbu parlament so‘rovini yo‘llash zarurati paydo bo‘ldi. Mazkur masala bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra Senat a’zolari O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi 2019-yil yakuni bo‘yicha axborotini eshitdi.
Ta’kidlanganidek, 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi IIV tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi bo‘yicha muayyan ish olib borildi. O‘tgan yilda qabul qilingan choralar natijasida jinoyatlarning 3139 taga yoki 10,5 foizga kamayishiga erishilgan. Respublikada mahallalarning 33,7 foizida yoki 3074 tasida birorta ham jinoyat sodir etilmagan. Voyaga yetmaganlar (830/656) va xotin-qizlar (3378/2705) o‘rtasida jinoyat sodir etish holatlari kamaygan.
Ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan samarali tadbirlar natijasida giyohvandlik, korruptsiya va iqtisodiy yo‘nalishlarga oid qariyb 4,5 mingta jinoyat aniqlangan.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan o‘rganishlar ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatdi.
Aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va hal etishdagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagan, oilalardagi janjallar ko‘p hollarda mahalla faollari va profilaktika inspektorlarining e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilishi keng tus olgan.
Bundan tashqari, 2019-yil 2-sentyabrda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan bo‘lishiga qaramasdan, IIVning bu boradagi ishlarni tartibga soluvchi buyrug‘i 2020 yil 3 fevral kuni qabul qilingan. Shu tufayli tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning faqatgina 3 nafariga himoya orderi berilgan. 142 ta qotillikning 70 tasi (49,2%) er-xotinlar o‘rtasida kelib chiqqan nizolar sababli sodir etilgan.
Mazkur jinoyatlarning aksariyatini o‘z vaqtida oldini olish choralari mavjud bo‘lsa-da, bunga joylardagi profilaktika inspektorlari, tegishli hokimlar, sektor rahbarlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yetarli e’tibor qaratilmagan.
Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to‘liq hal etilmasdan kelinayotganligi oqibatida 5032 nafar ayol jinoyat sodir etgan va bu jinoyatlarni sodir etish holatlari Toshkent shahri, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida yuqoriligicha qolgan.
Odam savdosi jinoyatlarining soni 2012-2019-yillar davomida olti barobarga kamayishiga (574/94) erishilgan bo‘lsa-da, ushbu davrda bolalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar ortib borayotganligini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, yoshlar bilan ishlashda hanuz ko‘plab muammolar saqlanmoqda. O‘tgan yili respublikada qayd etilgan har to‘rtinchi jinoyat (11787 ta) yoshlar tomonidan sodir etilgan.
Muhokama davomida senatorlar tomonidan Ichki ishlar vazirligi faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar bildirildi. Jumladan, profilaktika inspektorlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar yuzasidan kunlik axborot almashinuvini qat’iy nazoratga olish, shuningdek, jinoyat sodir etishga olib keladigan sabablarni monitoring qilish va tahlil qilish ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Respublikaning qator hududlaridagi ijobiy tajribalarni, jumladan, jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha Andijonning “Namunali hudud” kontseptsiyasini, xotin-qizlar bilan ishlashning Buxoro tajribasini, yoshlar bilan ishlashning Farg‘ona tajribasini boshqa hududlarga tatbiq etish zarurligiga urg‘u berildi.
Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2019-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotni ham eshitdi.
Ta’kidlanganidek, tashqi siyosiy aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha vazirlik tomonidan muayyan ish olib borilgan. Vazirlikning bevosita va faol ishtirokida 2019-yilda davlatimiz rahbari hamda xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar rahbarlarining 20 ta tashrifi tashkil etildi. Oliy darajadagi tashriflar va tadbirlar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Hukumati tomonidan xorijiy mamlakatlar va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 138 ta “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi.
Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida qator yuqori darajadagi tadbirlar, xususan, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahatlashuv uchrashuvi o‘tkazildi. O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ishtirokida sarmoyaviy biznes-forumlar o‘tkazildi, potentsial xorijiy investorlarning ko‘plab tashriflari amalga oshirildi.
Mamlakatimizning tashqi siyosiy faoliyati qonunchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha ikki tomonlama oliy va yuqori darajadagi tadbirlar doirasida 122 ta ikki tomonlama xalqaro shartnoma imzolandi, 28 ta ko‘p tomonlama xalqaro xujjat ratifikatsiya qilindi.
Shu bilan birga, vazirlik faoliyatida bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar mavjud. Jumladan, vazirlik va O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarining axborot-tahlil faoliyati natijadorligi o‘ta sust bo‘lib qolmoqda. Ishonchli ma’lumot manbalarining kamligi, asosan ommabop ma’lumotlarga tayangan axborotnomalarning tayyorlanishi har tomonlama chuqur ishlab chiqilgan dolzarb tashqi siyosiy tashabbus va takliflarning taqchilligiga olib kelmoqda.
Shuningdek, so‘zga chiqqanlar tomonidan iqtisodiy diplomatiya samaradorligining o‘ta pastligi qayd etildi. Vazirlik hisobotiga ko‘ra respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 1200 dan ortiq biznes-forumlar o‘tkazildi, 3700 dan ortiq o‘zaro tashriflar amalga oshirildi. Ammo ularning amaliy natijasi deyarli yo‘q, ayrim hollarda tadbirlar nomiga va samarasiz o‘tkazilmoqda.
Xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha har tomonlama puxta o‘ylangan aniq maqsadli rejalar ishlab chiqilishiga hanuzgacha yuzaki qaralmoqda. Xorijiy mamlakat kompaniyalarining takliflariga tegishli tashkilotlarning javob bermasligi, qayta aloqaning yo‘qligi natijasida loyihalarni ko‘rib chiqish muddati cho‘zilib ketmoqda. Idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish masalasi hanuzgacha to‘liq hal etilmagan. Ayol kadrlarni yuqori diplomatik lavozimlarga tayyorlash ishlari tizimli yo‘lga ko‘yilmagan.
Shu munosabat bilan senatorlar tomonidan vazirlik faoliyatini takomillashtirishga doir qator tavsiyalar bildirildi. Jumladan, Tashqi ishlar vazirligining axborot-tahlil faoliyati hamda vazirlik tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq va tezkor choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining ularga biriktirilgan respublika hududlarining tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirish uchun shaxsiy javobgarligi ko‘rsatildi. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng senatorlar ota-onalar qarovisiz qolgan, Mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu parlament so‘roviga berilgan javob ko‘rib chiqilgach, Senatning tegishli qo‘mitasi tomonidan bu yo‘nalishda muayyan ish olib borilganligi qayd etildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11- fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da 2019-2023-yillarda bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi qarori bilan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga qabul qilayotgan nomzodlarni (fuqarolarni) tanlashga va tutingan ota-onalarni tayyorlashga qaratilgan tegishli nizomlar tasdiqlangan. Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarining 43 nafar rahbar xodimi hamda 413 nafar pedagog xodimi attestatsiyadan o‘tkazilgan.
Shu bilan birga, bu yo‘nalishdagi qator kamchiliklar ham qayd etildi. Jumladan, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning huquqiy yordam olish va sud himoyasida bo‘lish huquqlari yetarli darajada ta’minlanmagan. Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolganlarni Mehribonlik uylariga joylashtirish faqat tuman (shahar) hokimlari ixtiyorida qolib ketayotganligi ularning kelgusi taqdirini belgilashda sub'yektiv yondashuv hal qiluvchi omil bo‘lib qolishiga olib kelmoqda. Bu esa ko‘p hollarda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolganlarni patrionat yoki oilalar qaramog‘iga berish ishlari samarali yo‘lga qo‘yilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bu va boshqa muammolarni muhokama qilib, senatorlar bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdi. Eng avvalo, qonunchilik bazasini mustahkamlash, ya’ni “Etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Bunda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni oilaviy hamda bolalar muassasalariga joylashtirish tartibi va shakllarini aniq belgilash muhimdir.
Bundan tashqari, shunday bolalarni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan nodavlat oilaviy muassasalarga joylashtirishning huquqiy asoslarini yaratish zarurligi ta’kidlandi. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Senatorlar davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi va Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postlari faoliyatini o‘rganish holati yuzasidan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020 yil 6 fevral kuni taqdim etilgan so‘rovga berilgan javobga muvofiq, parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda batafsil ko‘rib chiqilganligi ta’kidlandi.
Parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar ijrosini to‘laqonli ta’minlash, mazkur xizmatda korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, Majburiy ijro byurosi va boshqa davlat organlarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish borasida mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi.
Biroq amalga oshirilgan ishlar bilan birga, parlament so‘rovida ko‘tarilgan ba’zi masalalarning ijrosi to‘liq ta’minlanmaganligi oqibatida sohada ayrim tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, chegara bojxona postlari yaqinida avtotransport vositalari bilan bog‘liq tirbandliklarning oldini olish, jamoat tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash mexanizmi ishlab chiqilmagan.
Majlisda bu va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi. Jumladan, 2020 yilning 15 apreliga qadar chegara bojxona postlari yaqinida jamoat tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Uch oy muddatda mamlakatimizdagi chegara bojxona postlarida kecha-yu kunduz valyuta ayirboshlash, pul mablag‘larini naqd pulga almashtirish, naqd va naqdsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish terminallarini o‘rnatish choralarini ko‘rish zarurligi qayd etildi. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlis Senati a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosarini - Bola huquqlari bo‘yicha vakilni saylash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shuningdek, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibiga o‘zgartishlar kiritish masalasini ham ko‘rib chiqdi. Bu masala bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida 18 ta masala, shu jumladan, 9 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Senatorlar tomonidan ma’qullangan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari jamiyat hayotining barcha sohalarida huquqiy asoslarni mustahkamlashga hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar va islohotlar samaradorligini oshirishga, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.