Poytaxtimizda mamlakatimizning BMT aʼzoligiga qabul qilinganiga 28 yil toʻlishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi tomonidan Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
“Oʻzbekiston va BMT hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari” mavzusidagi ushbu davra suhbatida Parlament quyi palatasi deputatlari, BMT doimiy vakolatxonasi va maxsus tuzilmalari rahbarlari, Tashqi ishlar vazirligi masʼul xodimlari, tadqiqotchi olimlar, talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda Oʻzbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʻrtasidagi 1992-yil 2-martda tamal toshi qoʻyilgan hamkorlikning muhim bosqichlari va ustuvor yoʻnalishlari muhokama etildi.
Maʼlumki, BMT faoliyati yer yuzida kechayotgan har qanday global siyosiy jarayonlarni muvofiqlashtirish va boshqarish, mintaqaviy nizolarni bartaraf etishga koʻmaklashish, tabiiy ofatlarning oldini olish va kambagʻallikka qarshi kurashish kabi dolzarb masalalarga yoʻnaltirilgan. Mazkur tuzilma aʼzo davlatlarning barqaror rivojlanishga erishish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydigan yagona va obroʻli xalqaro tashkilot hisoblanadi.
Davra suhbati davomida dunyo miqyosida tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, davlatlararo doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, xalqaro iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy-gumanitar munosabatlarni kengaytirish, inson huquq va erkinliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari ekanligi eʼtirof etildi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz BMT safidagi eng faol davlatlardan biriga aylangani qayd etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyeyovning BMT Bosh assambleyasi 72-sessiyasida yangragan tashabbuslari ham mintaqaviy ham global miqyosda muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi.
2019-yilda BMTning “Barqaror rivojlanish maqsadlari” nomli strategiyasi eʼlon qilindi va Oʻzbekiston ham insoniyatning 2030-yilgacha rivojlanishini nazarda tutuvchi 17 global maqsadlarga erishishga qaratilgan ulkan jarayonga faol qoʻshildi.
Qayd etish joiz, respublikamizda Davlat dasturlariga muvofiq qabul qilinayotgan va hayotga tatbiq etilayotgan, Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan qonunlar BMTning barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishish yoʻlini tanlagan Oʻzbekiston taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
Bu jarayonda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan qonun ijodkorligi va parlament nazoratini oʻrnatish boʻyicha faoliyat doirasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar belgilab olingan. Jumladan, hukumat idoralarining respublikada barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan faoliyatlari toʻgʻrisidagi muntazam hisobotini tinglash rejalashtirilgan.
Davra suhbati yakunida muhokama qilingan masalalar, bildirilgan fikr-mulohazalar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.