Volontyor – kim? Volontyorlik faoliyati bilan kimlar shugʻullanishi mumkin? Volontyorlik faoliyati boʻyicha xalqaro va milliy tajriba qanday?
Shu va boshqa savollarga “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi tomonidan tashkil etilgan “Volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirish mexanizmlari: xalqaro va milliy tajriba” mavzusidagi davra suhbatida batafsil maʼlumot berildi.
Unda vazirlik, tashkilotlar vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Taʼkidlanishicha, volontyorlik faoliyati – jismoniy yoki yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bepul asosda amalga oshiriladigan, erkin xohish-irodaga koʻra bajariladigan, ijtimoiy jihatdan yoʻnaltirilgan, jamoat uchun foydali boʻlgan ixtiyoriy faoliyat hisoblanadi. Bu faoliyatning maqsadlari jismoniy va yuridik shaxslarga, umuman, jamiyatga yordam koʻrsatish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarda ularni tashkil etuvchilarning roziligi bilan ishtirok etish, jamiyatda fuqarolik nuqtayi nazarini, oʻzini oʻzi tashkil etishni, ijtimoiy masʼuliyat, birdamlik, oʻzaro yordam berish va rahm-shafqat tuygʻularini shakllantirishdan iboratdir.
Volontyorlik asli fransuzcha volontaire soʻzidan olingan boʻlib, “koʻngilli”, “oʻz xohishiga koʻra ish qiluvchi” maʼnolarini anglatadi. Volontyorlik harakati dunyoda keng tarqalgan.
Umumjahon volontyorlar deklaratsiyasi 1990-yilda XI Xalqaro volontyorlar assosiatsiyasining Kongressida qabul qilingan.
Tadbirda 2019-yil dekabr oyida Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni ijrosi doirasida ishlab chiqilayotgan “2020-2021-yillarga moʻljallangan volontyorlik faoliyati sohasidagi Davlat maqsadli dasturi” loyihasi muhokama qilindi.
“Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida oʻzining munosib oʻrnini topgan volontyorlik faoliyatini qonuniy asosda oʻzimizda joriy etish zarurligi qayd etilgan.
– Mazkur loyihani ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh tashkil etilgan, – dedi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi direktori Rustam Komilov. – Ishchi guruhga ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga koʻngillilarni jalb qilish tajribasidan kelib chiqib, “2020-2021-yillarga moʻljallangan volontyorlik faoliyati sohasidagi Davlat maqsadli dasturi” loyihasiga nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham kiritildi.
Taʼkidlanishicha, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari mamlakatimizda volontyorlik faoliyatini rivojlantirish, ularni ragʻbatlantirish, volontyorlik mehnatidan foydalanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasidagi sheriklik tizimini takomillashtirish kabi asosli takliflarni bergan.
Loyiha 24 banddan iborat. Uning 6-bandiga koʻra, joriy yilning sentyabr oyida Volontyorlik assotsiatsiyasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, volontyorlar II respublika forumini oʻtkazish, Umumjahon volontyorlar deklaratsiyasini oʻzbek tiliga tarjima qilish kutilmoqda.
Muhokamalar davomida tadbir ishtirokchilari tomonidan “2020-2021-yillarga moʻljallangan volontyorlik faoliyati sohasidagi Davlat maqsadli dasturi” loyihasiga NNT vakillari tomonidan tavsiya etilgan takliflar atroflicha koʻrib chiqildi va tasdiqlandi. Ushbu loyihaning qabul qilinishi mamlakatimizning barcha hududlarida volontyorlik faoliyatni rivojlantirish uchun asos boʻladi.
Xurshid QODIROV, OʻzA