Urganch shahrida boʻlib oʻtgan ikkinchi Oʻzbekiston – Qozogʻiston hududlararo hamkorlik forumida Toshkent viloyati delegatsiyasi qozogʻistonlik hamkorlar bilan 22 million dollarlik kelishuvga erishdi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, forumda Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov rahbarligidagi viloyat delegatsiyasi Qozogʻiston Respublikasining qator viloyatlari va biznes doiralari vakillari bilan qator muhim kelishuvlarga erishgan.
Jumladan, viloyat hokimi R.Xolmatov Turkiston, Chimkent, Kustanay viloyatlari hokimlari U.Shukeyev, M.Aytenov, A.Muxambetov, Turkiston shahri hokimi R.Ayupov bilan hududlararo hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish toʻgʻrisida bitim imzoladi.
Forum doirasida shuningdek, viloyat hokimligi va Qozogʻistonning “Ecoton Sharq” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida 10 million dollarlik, “Azia Kraft” korxonasi bilan 2 million dollarlik investitsion kelishuvlar, Qozogʻistonning boshqa qator biznes doiralari bilan esa jami 10 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi.
Avazbek Xudoyqulov, OʻzA