Toshkentda Oʻzbekiston – Belarus agrar forumi hamda ikki mamlakat korxonalari mahsulotlari koʻrgazmasi ochildi.
Mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilayotgan forumda Belarus Respublikasining qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat vazirligi mutasaddilari, sohada faoliyat yuritayotgan 70 ga yaqin firma va kompaniya, ilmiy muassasalar, mashinasozlik, qayta ishlash korxonalari vakillaridan iborat katta delegatsiya ishtirok etmoqda.
Tadbir Belarus Respublikasi hukumati tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda mamlakatimizning Belarus Respublikasidagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur tadbir belaruslik tadbirkorlarning soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston bozoriga qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Forumda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov va Belarus Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Vladimir Dvornik ikki davlat rahbarlarining oʻzaro doʻstona munosabatlari asnosida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi.
Prezidentimiz parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida qishloq xoʻjaligi mamlakatimizni jadal rivojlantirish, xalqimiz farovonligini yuksaltirishda muhim soha boʻlib, mazkur tarmoqni jadal taraqqiy ettirishga strategik asosda yondashish gʻoyat dolzarb ekanini taʼkidlagan edi.
Hozirgi paytda qishloq xoʻjaligi mamlakatimiz iqtisodiyotida jadal rivojlanayotgan soha hisoblanadi. Sohaga ilgʻor texnologiyalar, innovatsion ishlanmalar, raqamli texnologiyalar joriy qilish ustida ham jadal ish olib borilmoqda. Bu borada Belarus Respublikasida erishilayotgan tajribani oʻrganish biz uchun foydali. Mazkur mamlakatda qishloq xoʻjaligida, jumladan, yerga ishlov berish, sut mahsulotlari ishlab chiqarish, chorvachilik, sabzavotchilik, qayta ishlash sohalariga, qandolatchilik sanoatiga beshinchi avlod aloqa texnologiyalari joriy etilmoqda.
Oʻzbekiston ham qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtirishda Markaziy Osiyoda eng ilgʻor mamlakat. Qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, sut va goʻsht mahsulotlari turini yana-da kengaytirish uchun ulkan salohiyatga ega. Bu esa ikki mamlakat tadbirkorlarining oʻzaro manfaatlariga birdek javob beradigan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini bermoqda.
Oʻzbekiston va Berarus hukumatlarining hamkorlikdagi saʼy-harakatlari tufayli 2019-yilda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayriboshlash hajmi avvalgi yilga qaraganda 52 foiz oʻsdi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Belarus sarmoyasi ishtirokidagi 71 korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning 16 tasi 100 foiz Belarus kapitali asosida tashkil etilgan. Biroq mamlakatlarimizning oʻzaro iqtisodiy aloqalarini yana-da kengaytirish, savdo va sanoat kooperatsiyani chuqurlashtirish boʻyicha foydalanilmayotgan imkoniyatlar hali koʻp.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yilda Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida Minsk shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston mahsulotlari koʻrgazmasida ikki mamlakat oʻrtasida 220 million AQSH dollari qiymatidagi 139 ta eksport shartnomasi, 70 million dollarlik 25 ta kelishuv imzolangan edi.
Qolaversa, Belarus kompaniyalari ishtirokida qiymati 90 million dollardan ortiq 30 dan ortiq loyiha ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar ayni paytda Oʻzbekistonning turli hududlarida hayotga joriy qilinmoqda.
Forumning birinchi kunida ishtirokchilar seksiyalarga boʻlinib, oʻzaro hamkorlik masalalarini, rejalashtirilayotgan qoʻshma loyihalarni muhokama etdi. Shuningdek, Belarus agrosanoat va mashinasozlik korxonalarining mahsulotlari bilan tanishdi.
Tadbir doirasida Belarus Respublikasining agrar sohadagi eksport imkoniyatlari, agrosanoat majmuasini rivojlantirishni ilmiy taʼminlashning dolzarb jihatlari, Belarus – Oʻzbekiston oʻrtasida qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, agrosanoat sohasining turli yoʻnalishlarida hamkorlik istiqbollari kabi tomonlarni qiziqtiradigan yana koʻplab mavzularda maʼruzalar oʻqiladi.
Saidmurod RAHIMOV, Muhammad AMIN (surat), OʻzA