Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur forumda Belarus Respublikasining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi mutasaddilari, mazkur sohada faoliyat yuritayotgan 70 ga yaqin firma va kompaniyalar, ilmiy muassasalar, mashinasozlik korxonalari vakillaridan iborat katta delegatsiya ishtirok etmoqda.
Tadbir Belarus tomoni tashabbusi bilan tashkillashtirilgan bo‘lib, “Produkt.BY” jurnali, Belarus Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi hamda mazkur mamlakatning O‘zbekistondagi elchixonasi forumning tashkilotchisi hisoblanadi.
Shuningdek, mazkur forumga O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasining Belarus Respublikasidagi elchixonasi hamkorlik qilmoqda.
Forumni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov hamda Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Vladimir Dvornik tabrik so‘zlari bilan ochib berdi.
Forum ishi davomida Belorus agrosanoati va mashinasozligi korxonalarining mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda ishtirokchilar Belarus Respublikasining agrar sohadagi eksport imkoniyatlari, Agrosanoat kompleksini rivojlantirishni ilmiy ta’minlashning dolzarb jihatlari, Belarus-O‘zbekiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va mashinasozligi, agrosanoat sohasining turli yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari bilan tanishadilar.
Forum o‘z ishini davom ettirmoqda.
Saidmurod Rahimov, O‘zA