O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Limonchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

2020-02-24 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Soʻnggi yillarda respublikada limonchilik tarmogʻini boshqarish tizimini isloh qilish, limonzorlar maydonini kengaytirish hisobiga mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmini koʻpaytirish borasida izchil choralar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, respublikada 2018-2019 yillarda 46 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy kredit liniyalari jalb qilinib, 730 gektar maydonda zamonaviy limonzorlar barpo etildi, limon yetishtiriladigan issiqxonalar umumiy maydoni 1 221 gektarga yetkazildi.

Shu bilan birga, innovatsion texnologiyalar asosida yangi, serhosil va jahon bozorida raqobatbardosh boʻlgan limon navlarini yaratishga yetarli eʼtibor berilmayotganligi, sifatli axborot-konsalting xizmatlarini koʻrsatish talab darajasida yoʻlga qoʻyilmaganligi, kooperatsiya munosabatlari toʻliq shakllanmaganligi oqibatida sohadagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmayapti.

Respublikada limonchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish, ilmiy-tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish, ilgʻor va zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni qoʻllash asosida yuqori sifatli sanoatbop va eksportbop limon yetishtirish hajmini oshirish, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini keng joriy etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasining:

“Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasi nomini “Sitrus, subtropik va tropik oʻsimlik yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda – Uyushma) deb oʻzgartirish;

tajriba tariqasida Akademik M.Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida Uyushma ishtirokida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Sitrus, subtropik va tropik oʻsimliklar ilmiy-amaliy markazini (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Markazning asosiy vazifalari quyidagilar ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

kooperatsiya shartlari asosida sitrus, subtropik va tropik oʻsimliklar plantatsiyalarini tashkil etish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish hamda mahsulot yetishtiruvchilarga yetkazish;

sertifikatlangan va kafolatlangan limon koʻchatlarini yetishtirish boʻyicha maxsus koʻchatxonalarni tashkil etish hamda limon koʻchatlarini yetishtiruvchi xoʻjaliklar bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

mavjud issiqxonalarni modernizatsiya qilish hamda serhosil, eksportbop limon navlari kolleksiyasini va koʻrgazmali limon plantatsiyalarini yaratish;

sitrus, subtropik va tropik oʻsimliklar, eksport va import mahsulotlarini sertifikatlash;

sitrus, subtropik va tropik oʻsimliklar, shuningdek, manzarali oʻsimliklar, gullar va koʻkalamzorlashtirish ekinlari koʻchatlarini yetkazib berish;

mahsulot ishlab chiqaruvchilarni mineral oʻgʻitlar va kimyoviy moddalar bilan taʼminlash;

sitrus, subtropik va tropik oʻsimliklarni qayta ishlash, yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish va xizmat koʻrsatish;

sohani rivojlantirish boʻyicha xorijiy texnologiyalar, fan va ishlab chiqarishdagi yutuqlar, yangiliklarga oid rolik va maxsus koʻrsatuvlar tayyorlash.

Markaz faoliyati bank kreditlari, tashabbuskorlar mablagʻlari, xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari, homiylik xayriyalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Uyushma bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Markazga Akademik M.Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hududidan bino va issiqxona uchun 12 gektar yer maydoni ajratilishini;

Uyushma, Akademik M.Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda xususiy sherik oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuzilishini taʼminlasin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi, Uyushmaning 2020-yil 1-martdan boshlab limonzorlarni barpo etishning quyidagi tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirish agentligi:

yangi barpo etiladigan limonzorlar uchun standartlarni (koʻchat navi
va sifati, ekish sxemasi, issiqxonaga qoʻyiladigan talablar, resurs tejovchi texnologiyalar hamda boshqalar) belgilaydi;limonchilik tarmogʻini rivojlantirishda ilgʻor xorijiy tajriba va resurs tejovchi innovatsion texnologiyalar joriy etilishini tashkil
qiladi;

limonzorlarni tashkil etish xarajatlarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli resurslari va grant mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻradi;

qayta ishlash korxonalari va eksport qiluvchi tashkilotlar ishtirokida tashkil etiladigan kooperatsiyalar (klasterlar) rahbarlari va limon yetishtiruvchilar uchun oʻquv-seminarlarni tashkil qiladi;

sertifikatlangan va kafolatlangan limon koʻchatlarini yetishtirish boʻyicha maxsus koʻchatxonalarni tashkil etadi hamda limon koʻchatlarini yetishtiruvchi xoʻjaliklar faoliyatini muvofiqlashtiradi;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari:

kooperatsiya (klaster) asosida ishlaydigan qayta ishlash korxonalari
va eksport qiluvchi tashkilotlar roʻyxatini shakllantiradi hamda ularga limon yetishtiruvchilarni biriktiradi;

limonzorlar uchun talab qilingan yer maydonlarining qisqa muddatlarda ajratilishini va belgilangan standartlar asosida barpo qilinishini taʼminlaydi;

hosildorlikni oshirish va mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish, belgilangan agrotexnik tadbirlarni oʻz muddatida amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilaydi;

v) qayta ishlash korxonalari va eksport qiluvchi tashkilotlar ishtirokida tashkil etiladigan kooperatsiyalar (klasterlar):

limon yetishtiruvchilar bilan oʻzaro hamkorlik asosida kooperatsiya faoliyatini yoʻlga qoʻyish, yetishtirilgan mahsulotni saralash, qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va eksport qilish boʻyicha samarali ish yuritish tizimini joriy qiladi;

limonzorlarni barpo etadi va ularni lizing shartlari asosida uzoq muddatga tadbirkorlik subyektlariga beradi, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun mutaxassis ajratadi, ilmiy asoslangan agronomik tavsiyalar berib boradi;

limon yetishtiruvchilar talabi asosida ularni limon koʻchatlari, mineral oʻgʻitlar, yonilgʻi-moylash mahsulotlari va boshqa moddiy-texnika resurslari bilan taʼminlaydi;

soha olimlari va koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan mutaxassislarni jalb qilib, limon yetishtiruvchilarning malakasini oshirib boradi;

g) mahsulot yetishtiruvchilar:

kooperatsiya talablari asosida limon koʻchatlarining toʻliq ekilishini, agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlaydi;

limonzorlarni barpo etish boʻyicha xarajatlarning kelishilgan qismi boʻyicha dastlabki toʻlovlarni amalga oshiradi;

tuzilgan shartnomalarga muvofiq yetishtirilgan mahsulotlarning belgilangan vaqtda va sifatda yetkazib berilishini taʼminlaydi.

4. Quyidagilar:

2020-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda ishga tushadigan limonchilik yoʻnalishidagi loyihalarning manzilli roʻyxati
1-ilovaga muvofiq;

limon yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan hududlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilansinki:

a) limonzorlar paxta va gʻalladan boʻshagan hamda foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarida resurs tejovchi texnologiyalarni qoʻllagan holda barpo etiladi;

yangi limonzorlar “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratiladigan, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan barpo etiladi;

b) 2020-yil 1-martdan boshlab kooperatsiyalarga birlashgan limon yetishtiruvchi fermer va dehqon xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi korxonalari va tadbirkorlik subyektlariga:

yangi limonzorlarni barpo etish va koʻchatlarni xarid qilish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarning har bir gektari uchun 30 million soʻmdan oshmaydigan miqdori Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan;

limon mevalarining eksporti bilan bogʻliq transport (temir yoʻl va aviatsiya transporti) xarajatlarining 25 foizigacha boʻlgan miqdori Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan subsidiya sifatida qoplab beriladi.

6. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, kooperatsiyalarga birlashgan limon yetishtiruvchi fermer va dehqon xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi korxonalari va tadbirkorlik subyektlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish, sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–4549-son qarorida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etiladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi:

tijorat banklari bilan birgalikda limonchilik sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining kamida 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlari jalb etilishini;

“Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki bilan birgalikda xalqaro moliya institutlarining 100 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy kredit liniyalarini limonchilik sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda limonchilik boʻyicha 2020-2024 yillarga moʻljallangan fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ilmiy-texnik loyihalarni shakllantirsin hamda ularning grant tanlovlari asosida amalga oshirilishini taʼminlasin.

Bunda limon koʻchatlarining issiqxona va ochiq maydonda parvarish qilinadigan yangi navlarini yaratish, onalik koʻchatzorlarni tashkil etish, zararkunanda hamda kasalliklarga qarshi kurashish, innovatsion texnologiyalarni joriy qilishga alohida eʼtibor qaratilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Akademik M.Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutiga:

bir oy muddatda limonchilikni rivojlantirish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda resurs tejovchi texnologiyalarga asoslangan limonzorlarni barpo etish va parvarishlash, mahsulot yetishtirish, saqlash hamda qayta ishlash boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish va joylarga yetkazish;

ikki oy muddatda limon ekish, parvarishlash, yetishtirish, hosilni yigʻishtirib olish, qayta ishlash, saqlash, saralash va eksport qilish masalalari boʻyicha fermer hamda dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yer egalari va tadbirkorlik subyektlari uchun joylarda oʻquv-seminarlarini oʻtkazish;

yetakchi xorijiy institutlar bilan limonchilikni rivojlantirish va ilgʻor innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish boʻyicha ilmiy-amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ilmiy xodimlar va mutaxassislarning malakasini oshirish hamda tajriba almashish ishlarini tashkil etish vazifalari yuklatilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Toshkent davlat agrar universiteti huzurida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sitrus, subtropik va tropik oʻsimliklarni yetishtirish boʻyicha kichik innovatsion korxona tashkil etish choralarini koʻrsin.

Bunda korxonaning asosiy vazifasi “fan – taʼlim – ishlab chiqarish”ning uzviy integratsiyasini taʼminlash, dars mashgʻulotlarini ishlab chiqarish bilan bogʻliq holda amalga oshirish va talabalarda amaliy koʻnikmalarni shakllantirish ekanligiga eʼtibor qaratilsin.

11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Toshkent davlat agrar universiteti bilan birgalikda universitetning 3-bosqich talabalari orasidan saralab olingan talabalar uchun sitrus, subtropik va tropik oʻsimliklarni yetishtirish texnologiyalari boʻyicha zaruriy bilim va malakaga ega boʻlgan mutaxassislar tayyorlovchi maxsus guruhlarni tashkil etsin.

Bunda oʻquv auditoriyalarini jihozlash, zamonaviy texnologiya vositalari bilan taʼminlash Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi, homiylik mablagʻlari hamda xalqaro moliya institutlari grantlari hisobidan amalga oshiriladi.

12. “Oʻzstandart” agentligiga xalqaro darajada tan olingan standartlar talablariga mos mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish, sitrus, subtropik va tropik oʻsimliklar, jumladan, limon mahsulotlarini ushbu standartlar talablari asosida sertifikatlash ishlarini jadallashtirish yuklatilsin.

13. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasiga sitrus, subtropik va tropik oʻsimliklar boʻyicha ilgʻor texnologiyalar, fan va ishlab chiqarishdagi yutuqlarga oid maxsus koʻrsatuvlarni muntazam namoyish etib borish yuklatilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirish agentligi:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Uyushma bilan birgalikda ikki oy muddatda 2020-yilda qoʻshimcha 2,5 ming gektar yer maydonida amalga oshiriladigan limonchilik yoʻnalishidagi loyihalarning manzilli roʻyxatini shakllantirsin;

zarur hollarda, Uyushma taklifiga asosan mazkur qarorning 1 va 2-ilovalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi A.D.Vaxabov, qishloq xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Sh.J.Teshayev – ushbu qaror ijrosining tashkil etilishini, 2020-yilda amalga oshiriladigan limonchilik yoʻnalishidagi loyihalarning tarmoq jadvallari ishlab chiqilishi va ishga tushirilishi, limonzorlar uchun ajratiladigan subsidiyalarning maqsadli yoʻnaltirilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A.Xodjayev, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi direktori N.E.Najimov – davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Sitrus, subtropik va tropik oʻsimliklar ilmiy-amaliy markazi faoliyatini tashkil etish, sohada kooperatsiya munosabatlarini shakllantirish hamda ilmiy-tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish choralarini koʻrsin;

Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari F.J.Rahimov, “Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasi boshqaruvi raisi T.A.Jalilov – xalqaro moliya institutlari mablagʻlari jalb etilishi, tashqi bozorlar konyunkturasi boʻyicha marketing tadqiqotlari oʻtkazilishi va limon eksporti geografiyasi kengaytirilishini taʼminlasin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari – limonzorlar barpo etish uchun yer maydonlarini ajratish, kooperatsiya munosabatlarini shakllantirish asosida ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish hamda eksport salohiyatini oshirish choralarini koʻrsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlarining qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosarlari – limonzorlar barpo etish va hududlarni limonchilikka ixtisoslashtirish choralarini koʻrsin, “Sitrus, subtropik va tropik oʻsimlik yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasi faoliyatiga koʻmaklashsin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                    SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2020-yil 19-fevral

Поделиться