O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiya Elchisi bilan uchrashuv
2020-02-21 | Siyosat
2020-yilning 20-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Yaponiya Favqulodda va Muxtor Elchisi Yoshinori Fujiyama bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida Afg‘oniston yo‘nalishidagi ikki mamlakat hamkorligini kengaytirish, xususan, tinch muzokaralar jarayonini boshlash bo‘yicha sa’y-harakatlar, shuningdek, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklashga qaratilgan iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat, mojaroni hal qilish va ushbu mamlakatda uzoq muddatli va barqaror tinchlik o‘rnatish bo‘yicha xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Suhbat chog‘ida Elchi butun dunyo sivilizatsiyasi uchun katta tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston hududidagi Budda me’morchiligining ajoyib arxeologik durdonlariga tashrif buyuradigan Yaponiya turistlari soni sezilarli darajada ko‘payishiga ishonch bildirdi.