O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Londonda O‘zbekiston bo‘yicha Barcha partiyalar parlament guruhi majlisi bo‘lib o‘tdi
2020-02-13 | Siyosat
2020-yilning 11-fevral kuni Buyuk Britaniya parlamentida O‘zbekiston bo‘yicha Barcha partiyalar parlament guruhi (APPG) yangi tarkibining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, unda parlamentning ikkala palatasi deputatlari, Buyuk Britaniya tashqi siyosat idorasining Amerika va Yevropa ishlari bo‘yicha davlat vaziri Kristofer Pincher va O‘zbekiston Elchisi Said Rustamov ishtirok etdilar.
Tadbir davomida parlamentariylar tomonidan APPG rahbariyati a’zolari saylandi, Buyuk Britaniya TIV va O‘zbekiston Elchixonasining O‘zbekiston-Britaniya hamkorligining holati va istiqbollari to‘g‘risidagi baholari tinglandi va Barcha partiyalar parlament guruhi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari aniqlandi.
Jamoatlar palatasining Konservativ partiyadan deputati Endryu Bridjen APPG rahbari etib saylandi, uning o‘rinbosarlari qatoriga mamlakat parlamenti Lordlar palatasi va Jamoatlar palatasining bir qator obro’li a’zolari kirdi.
Elchi o‘z nutqida O‘zbekistondagi keng ko‘lamli modernizatsiya jarayonlari, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, shuningdek, O‘zbekiston-Buyuk Britaniya munosabatlarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil so‘zlab berdi. Britaniya parlamentariylari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan respublikani rivojlantirishning asosiy qoidalari va ustuvor vazifalari bilan ham tanishtirildi.
Buyuk Britaniya TIV rahbari o‘rinbosari Kristofer Pincher O‘zbekistondagi chuqur islohotlar dasturi Buyuk Britaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini, Britaniya tomonining ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini qayd etdi.
Oralarida 2019-yil dekabr oyida O‘zbekistonda o‘tkazilgan parlament saylovida ishtirok etgan xalqaro kuzatuvchilar ham bo‘lgan APPG a’zolari O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlik uchun yangi istiqbollarni ochuvchi respublikadagi sezilarli o‘zgarishlarni olqishladilar. Parlamentariylar Britaniya-O‘zbekiston muloqotini, jumladan parlamentlararo yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirishga amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdilar.
O‘zbekiston bo‘yicha Barcha partiyalar parlament guruhi (APPG) – Britaniya parlamentidagi Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik jamiyati 2009-yilda parlamentlararo aloqalarni va umuman O‘zbekiston-Britaniya munosabatlarini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan. Guruhga parlamentdagi ikki palata deputatlari hamda mamlakatdagi barcha siyosiy partiyalarning vakillari kirishadi.