O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Asalarichilik: tajriba, amaliyot va samara

2020-02-12 | Iqtisodiyot

Bugungi kunda dunyo mamlakatlarida asal¬arichilik sohasini rivojlantirishga, asal mahsulotlarini yetishtirishga bo‘lgan etibor va talab yil sayin ortib bormoqda. Ayniqsa, ekologik toza asal ishlab chiqarishga bo‘lgan ehtiyoj nihoyatda yuqori.

Xo‘sh, 100 foiz tabiiy mahsulot hisoblangan asl yetishtirish, uni qayta ishlash va eksport qilish borasida mamlakatimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
 
Prezidentimizning 2017 yil 16 oktabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori sohani rivojlantirishning yangi imkoniyatlarini ochdi.
 
Buni Namangan viloyatida olib borilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar misolida ham ko‘rish mumkin.
 
– Davlatimiz rahbarining ushbu qarori asalarichilikni rivojlantirishning barcha mexanizmlarini qamrab olgani bilan ahamiyatli, – deydi O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Ayubxon Toshboev. – Xususan, tarmoqni boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish masalasi kun tartibiga qo‘yilgani sohada sezilarli o‘zgarishlarga omil bo‘ldi. Zero, asalarichilik xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish, asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turlarini yanada ko‘paytirish, asalni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, sohaning eksport salohiyatini oshirishda ilmiy yondashuv juda zarur. Har bir asalarichi o‘z holicha shug‘ullanaversa, sohani rivojlantirish mushkul. Viloyatda ham ushbu qaror asosida asalarichilikning umumiqtisodiyotdagi mavqeini mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda.
 
Namangan asalarichilik sohasida mamlakatimizda yetakchi o‘rinni tutib kelayotgan viloyat hisoblanadi. Bugungi kunda viloyatda havaskor, ya’ni yakka tartibda asalari boquvchi, sohada eksport-import amaliyotini yo‘lga qo‘ygan fermer xo‘jaligi, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi korxona kabi 500 dan ziyod sub’ekt asalarichilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan yetishtirilgan asal nafaqat o‘zimizda, balki tashqi bozorda ham xaridorgir.
 
2019 yilda “Sof asal” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Birlashgan Arab Amirligi davlatiga 16 tonna asal eksport qilingani fikrimiz isbotidir. Bundan tashqari, o‘tgan yilning o‘zida Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga 700 ming dollar qiymatiga teng asalari paketi yetkazib berilgan. Respublika miqyosida 220 ming asalari paketi eksport qilingan bo‘lsa, shundan 178 ming 350 tasi Namangan viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgani viloyatning asalarichilik salohiyati nechog‘li yuqoriligini ko‘rsatadi.
 
Namanganlik asalarichilar 2019 yil Toshkent shahrida O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan asalarichilik mahsulotlari yarmarkasida 13 ta nominatsiyada muvaffaqiyatli ishtirok etdi. 6 ta nominatsiyada 1-o‘rin va 2 nominatsiyada 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Jumladan, “Eng yaxshi jihozlangan stend” nominatsiyasida “Halilov Abdumutal” dehqon xo‘jaligi, “Sotish uchun tayyorlangan eng yaxshi asal namunalari” nominatsiyasida “Sof bol savdo”, “Asalarichilik faoliyati uchun ishlab chiqarilgan eng yaxshi asbob-uskunalar” nominatsiyasida “Shifo”, “Asalari mahsulotlarini eng ko‘p eksport qilgan asalarichi” nominatsiyasida “Trans Bat Nam servis”, “Eng ko‘p asal eksport qilgan asalarichi” nominatsiyasida “Sof asal” mas’uliyati cheklangan jamiyati kabi sub’ektlar birinchi o‘ringa munosib topildi.
 
– Shunday tadbirni viloyat miqyosida o‘tkazishni ham yo‘lga qo‘ydik, – deydi A.Toshboev. – O‘tgan yili “Chorsu” dehqon bozorida birinchi marta tashkil etilgan asalari mahsulotlari yarmarkasi asalarichilar hamkorligini mustahkamlash, sohani rivojlantirish borasida hamjihatlikni yo‘lga qo‘yishda katta ahamiyat kasb etdi. Bundan tashqari, yarmarka doirasida “Sof asal”, “Sof bol savdo”, “Lolabegim” singari asalarichilik xo‘jaliklari tomonidan Mehribonlik, Saxovat uylari, Nogironlar jamiyati, bir qator kam ta’minlangan oilalarga beminnat asal tortiq qilingani tadbir ijtimoiy ezgu maqsadni ko‘zda tutganligini ifoda etdi.
 
Akramjon Hakimov rahbarlik qilayotgan “Shifo asalarichilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati boy tajribaga ega, ya’ni 1988 yildan buyon asalarichilik bilan shug‘ullanib kelayotgan, yurtimizda birinchilardan bo‘lib shu sohada yuridik maqomdagi xo‘jalik sifatida ro‘yxatdan o‘tgan korxonadir.
 
– Asalari boqish bizga bobolarimizdan meros an’ana, – deydi Akramjon Hakimov. – Korxonamizni bundan o‘ttiz ikki yil muqaddam rahmatli otam Tohirjon Hakimov kooperativ maqomida tashkil qilgan edi. Ilgari havaskorlik bilan, baholi qudrat shug‘ullanib kelingan asalarichilikka bugunga kelib qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i sifatida katta e’tibor qaratilayotgani, ayniqsa, keyingi yillarda bu yo‘nalishdagi sub’ektlar uchun berilayotgan imtiyozlar imkoniyatlarimizni yanada kengaytirdi.
 
Darhaqiqat, bugun asalarichilikda o‘ziga xos sulola maktabini yaratgan, bu sohada katta hayotiy va amaliy tajribaga ega nuroniy Qosimjon Xo‘jaev, uning o‘g‘li – “Shuhrat” medali sohibi Nosirjon Jo‘raev kabi ko‘plab oilaviy asalarichilardan iborat “Shifo asalarichilik” jamoasi faoliyati diqqatga sazovor. Korxona asalarichilik mahsulotlarini yetishtirish, asalarichilik jihoz va asbob-uskunalari ishlab chiqarishdan tashqari, asalarini parvarishlash, uning kasalliklariga qarshi profilaktika, nazariy hamda amaliy masalalarda nafaqat viloyat, balki Farg‘ona vodiysi asalarichilariga ham ko‘maklashib kelayotgani diqqatga sazovor. Zero, bu yerda asalari mumini qayta ishlab, tayyorlab berish, yashiklar yasash, asal olish uskunalari va boshqa texnik jihozlar yetkazib berish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada MChJ tarkibida tashkil etilgan axborot-konsultatsiya markazi, savdo do‘koni, ishlab chiqarish sexlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
 
– Mehnat faxriylari Qosimxon Xo‘jaev, Nasriddin G‘ofurovlar bilan hamkorlikda “Asalarilar ozuqasi va qo‘shimcha ovqatlantirish uchun foydali maslahatlar” qo‘llanmasini chop ettirdik, – deydi A.Toshboev. – 2000 nusxada chiqarilgan kitobcha Toshkentda bo‘lib o‘tgan asalarichilik mahsulotlari yarmarkasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgani yurtimizda bu sohaga qiziqish tobora ortib borayotganligidan dalolat berdi. Biz bu yo‘nalishda ikkinchi qo‘llanmani tayyorlashni ham maqsad qilib qo‘ydik.
 
Ayni paytda mazkur korxona asalarichilari tomonidan 1 ming 500 yashikda 3000 asalari oilasi parvarish qilinmoqda.
 
– O‘tgan yili 700 million so‘mlik asalari mahsuloti ishlab chiqarildi, – deydi korxona bosh hisobchisi Boqijon Boltaxonov. – Qozog‘istonga 9 ming dollarlik, 2 ming 200 dona asalari paketi eksport qilindi.
 
Muxtasar aytganda, viloyatda asalarichilikni rivojlantirish borasida izchil izlanishlar olib borilmoqda. Yangiqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida asalarichilik yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani soha istiqboli yo‘lidagi ahamiyatli qadamlardan biri bo‘ldi.
 

Akromjon SATTOROV, O‘zA

Поделиться