O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti delegatsiyasi bilan uchrashuv
2020-02-12 | Sog‘liqni saqlash
2020-yil 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge boshchiligidagi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda sog‘liqni saqlashni rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy ustuvorliklaridan biri ekani alohida qayd etildi. So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda mamlakat salmoqli natijalarga erishdi, bu jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etildi. Ushbu yutuqlarni tasdiqlab, JSST delegatsiyasi rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlat va jamiyat hayoti hamda faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan sog‘liqni saqlash sohasida tarixda misli ko‘rilmagan sur’atda islohotlar olib borilayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonning vaktsinatsiya sohasidagi yutuqlari, jumladan deyarli butun aholi vaktsinatsiya bilan qamrab olingani e’tirof etildi.
Global tahdidlar va xavflar haqida so‘z borganda JSST delegatsiyasi rahbari O‘zbekistonda koronovirusga qarshi olib borilayotgan ishlarga urg‘u berdi. Mamlakatda virus tarqalishining oldini olish bo‘yicha salmoqli profilaktik ishlar olib borilgani ta’kidlandi. Bularning barchasi, shubhasiz, aholi salomatligini himoya qilishga O‘zbekiston qo‘shayotgan munosib va muhim hissa hisoblanadi.
Shu bilan birga, bezgak, polimiyelit va mamlakat miqyosidagi boshqa kasalliklarga to‘liq barham berish borasida O‘zbekiston erishgan yutuqlar e’tirof etildi, bu JSSTning tegishli sertifikatlari bilan tasdiqlangan.
Hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari haqida so‘z borganda parlament bilan yaqin hamkorlik qilishga urg‘u berildi. Bu sog‘liqni saqlash sohasida qabul qilingan xalqaro standartlarni qonunchilik darajasida mustahkamlash imkonini beradi.
BMT barqaror rivojlanish maqsadlari masalalari bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish nuqtai nazaridan onalik va bolalikni muhofaza qilish, xususan JSSTning “Xavfsiz onalik” loyihasini birgalikda amalga oshirish, jamiyatda uchraydigan kasalliklar profilaktikasini davom ettirish sohasida hamkorlik qilish ustuvorliklari ham muhokama etildi.