O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
TIVda uchrashuv
2020-02-03 | Siyosat
2020-yilning 31-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov mamlakatimizga tashrif buyurgan Shvetsiya Qirolligi parlamenti delegatsiyasi rahbari, Riksdag Spikeri birinchi o‘rinbosari Asa Lindestam bilan uchrashdi.
Uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni, ikki va ko‘p tomonlama siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim, kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik masalalari va O‘zbekiston-Shvetsiya kun tartibidagi boshqa masalalari muhokama qilindi.
Tomonlarni qiziqtirgan barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va konstruktiv hamkorlikni jadallashtirishning muhimligi ta’kidlandi.
Shu nuqtayi nazardan 2019-yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan qo‘shma biznes forumining muvaffaqiyatli yakunlari va turli sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishning istiqbollarini muhokama qilish uchun ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning qayta yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shvetsiya tomoni mamlakatimizda yangi siyosiy muhit o‘rnatilganini ko‘rsatgan 22-dekabr kuni o‘tgan O‘zbekiston parlamenti saylovining ijobiy natijalarini qayd etdi va mamlakatimizni istiqbolda rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarni aniqlab bergan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini olqishladi.