Toshkentda Oʻzbekiston – Koreya Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot hamkorlik markazining ochilishi marosimi boʻlib oʻtdi.
Marosimda Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va xavfsizlik vaziri oʻrinbosari Yun Jon In boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.
2019-yil 17-dekabr kuni Koreyaning Sejong shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi oʻrtasida hamkorlik markazi tashkil etish toʻgʻrisida bitim imzolanib, loyihani amalga oshirish uchun Janubiy Koreya tomonidan 3 yil muddatga 2 million AQSH dollari miqdorida grant ajratilishi belgilangan edi.
– Hamkorlik markazi raqamli iqtisodiyotga yoʻnaltirilgan boʻlib, Oʻzbekiston hukumatining davlat xizmatlari sifatini jahon standartlari darajasiga koʻtarish maqsadiga toʻla mos keladi, – dedi Yun Jon In. – Biz yuqori texnologiyalar sohasida erishgan yutuqlarimizni baham koʻrishga qaror qildik. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz.
Markazning asosiy vazifasi mamlakatimizda Elektron hukumat tizimini tahlil va tadqiqotlar asosida rivojlantirish boʻyicha strategik yoʻnalishlarni ishlab chiqishdan iborat. Shuningdek, raqamli iqtisodiyotni takomillashtirish, axborot tizimlarini joriy etishni muvofiqlashtirish, davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini oshirishga qaratilgan marketing va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazish, elektron tijorat sohasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish markaz faoliyati sirasiga kiradi.
Tadbir doirasida Elektron hukumat sohasida hamkorlik qilish boʻyicha Oʻzbekiston – Koreya kengashining uchrashuvi ham boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish, oʻquv dasturlarini tashkil etish va elektron hukumat sohasida tajriba almashish, qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish yuzasidan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha kelgusi rejalar belgilab olindi.
Saidmurod RAHIMOV, OʻzA