O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligida uchrashuv
2020-01-30 | Siyosat
2020-yilning 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Berlin shahrida Germaniya Federativ Respublikasi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligining parlament davlat kotibi Norbert Bartle bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama moliyaviy va texnik hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Norbert Bartle Germaniyada O‘zbekiston hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar katta qiziqish bilan kuzatilayotganligini va islohotlarning amaliy natijalari e’tirof etilayotganligini ta’kidladi. “Biz O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim davlat va mintaqadagi muhim sherikimiz deb bilamiz, shuning uchun aloqalarimizni mustahkamlashdan manfaatdormiz”, - dedi u.
So‘nggi uch yil ichida respublikaga ko‘rsatilgan moliyaviy va texnik yordam hajmi 11 baravarga oshib 143,8 mln. yevroni tashkil etgani Germaniya hukumati O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashining muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi. Ushbu mablag‘lar doirasida respublikada kasbiy ta’lim, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, Orolbo‘yi aholisi uchun tibbiy xizmatni yaxshilash va boshqa sohalardagi loyihalar amalga oshiriladi.