O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniya o‘rta korxonalari federal birlashmasining yillik yig‘ilishida ishtirok etdi
2020-01-29 | Iqtisodiyot
2020-yilning 27-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi GFRda bo‘lib turish doirasida Germaniya o‘rta korxonalari federal birlashmasining yillik yig‘ilishi ishida ishtirok etdi. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov tadbirga faxriy mehmon sifatida taklif etilgan.
Germaniya o‘rta korxonalari federal birlashmasi (Bundesverband mittelständische Wirtschaft, BVMW) 1975-yilda tashkil etilgan va mamlakat kichik va o‘rta biznesi manfaatlarini namoyon etuvchi sohalararo birlashma hisoblanadi. Hozirda BVMWning 270 mingdan ortiq a’zosi bo‘lib, Germaniyada 300 dan oshiq va chet ellarda 30 ga yaqin vakolatxonalarga ega.
Germaniyada kichik va o‘rta korxonalar soni 9 mln.dan ko‘proqni tashkil etib, o‘rta sinf mamlakat iqtisodiyotining asosi hisoblanadi (Germaniyadagi barcha tashkilotlarning 99 foizi). Aynan ular 70% ish o‘rinlarini yaratishadi va an’anaviy tarzda yangi g‘oyalarning generatori sifatida o‘rtaga chiqadi. Mamlakatdagi innovatsiya va patentlarning ko‘pchiligi ham kichik va o‘rta biznes tomonidan ishlab chiqiladi.
Birlashmaning navbatdagi yig‘ilishida Germaniyaning Federal va hududiy hukumatlar vakillari hamda 1000 dan ortiq nemets kichik va o‘rta tashkilotlari rahbarlari, ilmiy va ekspert-tahliliy doiralar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarining Germaniya Iqtisodiyot va energetika federal vaziri Peter Altmayer, Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder, Germaniya Bundestagi raisi o‘rinbosari Xans-Peter Fridrix va BVMW Prezidenti Mario Oxoven bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tib, ularda ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va ularni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari to‘g‘risida hamda xalqaro kun tartibning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.