O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sivilizatsiyalar muloqoti – xalqaro hamkorlikning muhim vositasi
2020-01-22 | Madaniyat
Toshkentda 21-yanvar kuni “Sivilizatsiyalar muloqoti: globallashuv davrida hamjihatlikni va anʼanaviy qadriyatlarni saqlash” mavzusida ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Seminarda mamlakatimiz va chet ellik mutaxassislar oʻrtasida sivilizatsiyalararo muloqot masalalarida atroflicha fikr almashildi.
SHHTning Oʻzbekistondagi xalq diplomatiyasi markazi direktori Rahmatulla Nazarov jadal surʼatda kechayotgan bugungi globallashuv sharoitida xalqaro hamkorlikning muhim omili boʻlgan bunday muloqotlar dolzarb ahamiyat kasb etishi, mamlakatlararo ikki tomonlama va koʻp tomonlama aloqalarni, xususan, madaniy-gumanitar sohadagi munosabatlarni mustahkamlashda xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanish muhimligini taʼkidladi.
Anjumanda, shuningdek, Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Ronni Xayne, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Xelena Frezer, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon MakGregor soʻzga chiqdi.
Oʻzbekiston sivilizatsiyalararo muloqotda oʻziga xos va betakror namuna boʻlishi mumkin. Zero, zaminimiz koʻchmanchi, togʻli, sugʻorma, oʻtroq koʻrinishlaridagi turfa madaniyatga asoslangan Urartu, Kushon davlatlari sivilizatsiyalari, qolaversa, Yunon-Baqtriya aralash sivilizatsisi makoni hisoblanadi.
Ayniqsa, Islom svilizatsiyasi xalqlarimiz tarixida beqiyos oʻrin tutadi. Buyuk ajdodlarimizdan meros milliy-madaniy boyliklarimizni oʻrganish, asrash va kelajak avlodga yetkazish maqsadida 2017-yil Prezidentimiz qarori bilan Oʻzbekistonda Islom sivilizatsiya markazi tashkil qilindi. Xalqaro Imom Buxoriy, Imom Termiziy ilmiy tadqiqot markazlari faoliyat boshladi.
– Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davrida amalga oshirilayotgan islohotlar allaqachon oʻz natijalarini bera boshladi, – dedi Konrad Adenauer jamgʻarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Ronni Xayne. – Ijobiy oʻzgarishlar yanada izchil, muvaffaqiyatli davom etishi uchun jamiyatda, umuman, Markaziy Osiyo davlatlarida oʻzaro hurmat, diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik hukm surishi juda muhim. Oʻzbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlarini mintaqaga namuna sifatida koʻrsatish mumkin.
Seminar davomida umuminsoniy va milliy qadriyatlarni saqlash, jamiyatda taʼlim va maʼrifatning rolini oshirish, jahon xalqlarining boy milliy madaniy, tarixiy merosi va anʼanalarini oʻrganish zarurligi xususida fikr yuritildi. Bu oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlash, dinlararo va konfessiyalararo muloqotni faollashtirish imkonini berishi shubhasiz.
Anjumanda, shuningdek, “Oʻzbekistonda xavfsizlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar”, “Konfessiyalararo tinchlik va totuvlikni mustahkamlashning asosiy yoʻnalishlari va usullari”, “Yosh avlodni milliy va anʼanaviy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda mavjud muammolar”, “Sivilizatsiyalararo munosabatlarda dinning oʻrni”, “Oʻzbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlashdagi muammolar va yechimlar” kabi 15 dan ortiq dolzarb mavzudagi qiziqarli maʼruzalar ham havola etildi.
Maʼruzalar yuzasidan savol-javob, munozaralar uyushtirildi.
Saidmurod RAHIMOV, Farhod ABDURASULOV (surat), OʻzA