Toshkent shahridagi yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida boks bo‘yicha xalqaro turnir yakunlandi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va mamlakatimiz boks federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan turnirda 200 nafardan ortiq bokschi g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Turnirda Humoyunmirzo Abdurasulov, Zikirjon Ummataliev, Hasan Rixsiboev, Shohrux Abdumalikov, Hasan O‘rozaliev, Boburbek Bobojonov, Samandar Toshpo‘latov, Jahongir Narziev, Fayzullo Ahmedov va Sobir Rejamatov o‘z vazn toifalarida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
– Keskin va murosasiz o‘tgan xalqaro turnirda g‘olib bo‘lganimdan xursandman. Barcha raqiblarim kuchli edi. Biroq murabbiylarimning to‘g‘ri ko‘rsatmalari sabab, barcha to‘siqlardan o‘tib, oltin medalni qo‘lga kiritdim, – deydi H.Abdurasulov. Maqsadim 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishdir.
Shuningdek, musobaqada Toshkent shahri jamoasi umumjamoa hisobida birinchi, Toshkent viloyati bokschilari ikkinchi, Andijon vakillari esa uchinchi bo‘ldi.
J.TOShXO‘JAEV, O‘zA