Poytaxtimizdagi “Xalqlar doʻstligi” saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
“Xalqlar doʻstligi” saroyi old maydoni... Vatanimiz bayrogʻi hilpirab turibdi. Harbiy texnika va qurol-aslahalar namoyishga qoʻyilgan. Ularni ota-onalar farzandlari bilan tomosha qilmoqda, yoshu qari, poytaxtimiz mehmonlari shu yerda jam boʻlgan. Barchaning yuz-koʻzida hayotdan mamnunlik hissi zohir. Bir soʻz bilan aytganda, bu maydonda tinchlik va farovonlik tantana qilmoqda. Shunday lahzalarda kishi koʻnglida vatanparvarlik tuygʻusi yanada joʻsh uradi, qalbda mehr qoʻr oladi.
Konsert saroyi harbiylar va ularning oila aʼzolari bilan gavjum. Bayram munosabati bilan bu yerga senatorlar, deputatlar, hukumat aʼzolari, Qurolli Kuchlar faxriylari, diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari taklif qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 28 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini mudofaa vaziri B.Qurbonov oʻqib eshittirdi.
Milliy armiyamiz jangovar salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy va intellektual tayyorgarligini yuksaltirish boʻyicha ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Harbiy qism va boʻlinmalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Harbiylarni uy-joy bilan taʼminlash, oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, armiya va xalq birligini taʼminlash borasida joylardagi davlat hokimiyati organlarining rolini oshirish boʻyicha ishlar yangi sifat bosqichiga koʻtarildi. Yosh avlod qalbida mustahkam hayotiy pozitsiya va Vatanimiz taqdiri uchun yuksak masʼuliyat tuygʻusini shakllantirish maqsadida vatanparvarlik tarbiyasi sohasida mohiyat eʼtiboriga koʻra noyob tizim yaratilib, uning doirasiga mamlakatimiz aholisining keng qatlamlari qamrab olindi.
Amalga oshirayotgan saʼy-harakatlar, armiya va xalqning faol hamkorligi natijasida Qurolli Kuchlarimiz tom maʼnoda jamiyatning ajralmas qismiga, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotining ishonchli kafolatiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylanib bormoqda.
– Davlatimiz rahbarining bayram munosabati bilan yoʻllagan tabrigi qalbimizni faxr, hayajonga toʻldirdi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism komandiri, podpolkovnik Rahmatullo Rahmonov. – Xizmatlarim yuqori baholanib, “Mardlik” ordeniga loyiq koʻrilganimdan juda minnatdorman. Bundan keyin ham yurtimizning muqaddas tuprogʻini pok asrashga hamisha astoydil harakat qilamiz. Erishayotgan yutuqlarimizdan, avvalo oilam, yaqinlarim va hamkasblarim ham xursand.
Tantanali konsertda harbiy sportchilar tomonidan xalqaro musobaqalarda erishgan yutuqlari, qoʻlga kiritgan yuqori natijalari alohida eʼtirof etildi. Yoshlar tomonidan bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temurning “Temur tuzuklari”dan ibratli iqtiboslar keltirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidagi harbiy orkestr jamoalari, sanʼat ustalari va ijrochi yoshlar, harbiy sohadagi badiiy va havaskor jamoalarning dasturi barchaga manzur boʻldi.
Abdulaziz MUSAYEV, Aʼlo ABDULLAYEV (surat), OʻzA