O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yangilanayotgan Oʻzbekiston istiqbolli kadrlarni chorlaydi

2020-01-07 | Jamiyat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Umid” jamgʻarmasi bitiruvchilarining “Yangilanayotgan Oʻzbekiston uchun yangi avlod kadrlari” mavzusida birinchi xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Yaponiya, Avstraliya, Janubiy Koreya kabi 18 davlatdan kelgan hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 300 dan ziyod “Umid” jamgʻarmasi bitiruvchisi ishtirok etdi.

Ikki kun davom etgan konferensiyada mamlakatimiz vazirlik va idoralarida masʼul lavozimlarda xizmat qilayotgan, xorijiy mamlakatlarda ishlayotgan vatandoshlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijalarini tahlil qildi, istiqboldagi rejalarning samarali ijrosi yuzasidan ekspertlar fikrlari oʻrganildi, jamiyatni yanada demokratlashtirish, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan islohotlarni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Anjumanda mehmonlarga “Yangilanayotgan Oʻzbekiston – bugungi orzular, rejalar va ertangi istiqbollar” mavzusidagi videorolik orqali mamlakatimizda roʻy berayotgan chuqur va izchil oʻzgarishlar, mavjud imkoniyatlar, yaratilayotgan sharoitlar haqida maʼlumot berildi.

Konferensiya yalpi majlisida “Umid" jamgʻarmasi bitiruvchilari, bugungi kunda vazirliklarda rahbarlik lavozimida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning maʼruzalari tinglandi. Ushbu maʼruzalar asosida tashkil etilgan shuʼba yigʻilishlarida mamlakatimiz taraqqiyoti uchun dolzarb masalalar Vatanimiz taqdiriga befarq boʻlmagan isteʼdodli, malakali mutaxassislar tomonidan munozara, savol-javob shaklida qizgʻin muhokama qilindi. Bunda asosiy eʼtibor mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish, taʼlim sohasini rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, mamlakatning innovatsion rivojlanish strategiyasi va uning afzalliklari, qishloq xoʻjaligiga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish singari istiqbolli yoʻnalishlarga qaratildi.

– AQSHning Missuri shtatida 1999-2001-yillari ijtimoiy yoʻnalishlar boʻyicha magistratura bosqichida tahsil oldim, – deydi Oʻzbekistonning Turkmanistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Akmaljon Qoʻchqorov. – Oʻzbekistonga qaytganimdan keyin Tashqi ishlar vazirligida ish boshladim. Oʻtgan davr mobaynida shu tizimda ishlab, elchi darajasigacha koʻtarilishga muvaffaq boʻldim. Afsuski, oʻtgan yillarda sobiq “Umid” jamgʻarmasi bitiruvchilarini qoʻllab-quvvatlashga tizimli yondashilmadi. Shu bois, chet elda oʻqigan yigit-qizlarning koʻpchiligi Oʻzbekistonda tayinli ish topolmasdan yana xorijga chiqib ketishga majbur boʻldi.

Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan taʼlim sohasini tubdan rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyati yangi shakl va mazmunda qayta tiklangani buning isboti.

Bu jarayonda nafaqat yetuk mutaxassislar tayyorlash, balki dunyoning yetakchi oliy oʻquv yurtlarida tahsil olib, hozir chet elda ishlayotgan, yuragida Vatanga sadoqat tuygʻusi joʻsh urgan insonlarni yurtimizga qaytarish ham ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Shu maʼnoda, mazkur xalqaro konferensiyaning oʻtkazilishi olamshumul voqeadir.

Anjumanda ishtirok etish uchun dunyoning turli davlatlaridan kelgan yurtdoshlarimiz Oʻzbekistonda vazir yoki boshqa koʻplab yuqori lavozimlarda xizmat qilayotgan “Umid” jamgʻarmasi bitiruvchilari bilan koʻrishdi va ularning aksariyatida mamlakatimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlarga daxldorlik tuygʻusi, yurt ravnaqiga qaratilgan ishlarga hissa qoʻshish ishtiyoqi ortdi.

Konferensiyaning ikkinchi kuni Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Layner” oromgohida davom etdi. Beshta shuʼba majlisida mamlakatimizda investitsiya, adliya, innovatsiya, taʼlim va qishloq xoʻjaligi sohalarida rivojlanishni taʼminlash masalalari muhokama etildi. Munozara, muhokama va savol-javoblar yagona – Oʻzbekistonni yanada rivojlantirish, xalqimiz farovonligini oshirish, turmush sharoitini yaxshilashga hissa qoʻshishdek ezgu maqsadlarga qaratildi.

100 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashgan investitsiya shuʼbasi yigʻilishida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi direktori vazifasini bajaruvchi Adham Bekmurodov Oʻzbekiston bilimli yoshlarning yangicha, ilgʻor fikr va gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini qayd etdi. Shu bois, sobiq “Umid” jamgʻarmasi bitiruvchilarining taklif va tavsiyalariga alohida eʼtibor qaratilishini taʼkidladi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xoʻjayevlar raisligidagi seksiya yigʻilishlari ham rasmiyatchilikdan xoli, qizgʻin kechdi. Qatnashchilar orasida Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya kabi rivojlangan davlatlarda tahsil olgan, ayni paytda xorijda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz faolligi sezilib turdi. Mamlakatimizda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlarga daxldorlik hissini tuya boshlagan vatandoshlarimiz tomonidan aniq taklif va tavsiyalar, joyi kelganda eʼtirozli fikrlar yangradi.

Masalan, mamlakatimizda oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida raqobatni kuchaytirish zarurligi, oliy taʼlim tizimida integratsiya jarayonini rivojlantirish, yaʼni oʻqish, malaka oshirish va kasbiy faoliyatni shakllantirish oʻrtasidagi uygʻunlikka erishish, kadrlarni toʻgʻri yoʻnaltirish, qishloq xoʻjaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali yuqori hosildorlikka erishish kabi dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan fikrlar koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi.

– Konferensiyada qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha oʻz takliflarimni taqdim etdim, – deydi Rossiyaning “Caravan Garden” kompaniyasi bosh menejeri Jamshid Abdullayev. – Kompaniyamiz Birlashgan Arab Amirliklariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport qiladi. Endi bevosita Oʻzbekistonning sarxil meva-sabzavotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri eksport qilishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, eksport jarayonida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish, soha boʻyicha axborot almashish, urugʻchilik, fermer xoʻjaliklari uchun yangi nav koʻchatlar olib kelish, klasterlarni rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldik.

Konferensiya ishtirokchilari tomonidan yakdil taʼkidlanganidek, tabiiy, iqtisodiy, tarixiy va madaniy jihatdan yuksak salohiyatga ega Oʻzbekiston inson resursiga juda boy. Ayni salohiyat “Umid” jamgʻarmasi bitiruvchilariga ham bevosita taalluqli. Shu maʼnoda, anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad – “Yangilanayotgan Oʻzbekiston uchun yangi avlod kadrlari” xalqaro konferensiyasi bilimli, navqiron, ayni kuchga toʻlgan avlod vakillari oʻrtasida doimiy aloqa oʻrnatish uchun oʻziga xos platforma yaratishga erishildi.
 

Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA muxbiri

Поделиться