O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Rossiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlari to‘g‘risida
2019-12-26 | Siyosat
2019-yilning 25-dekabr kuni Moskva shahrida O‘zbekiston-Rossiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov boshchilik qildi. Rossiya Federatsiyasidan Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Andrey Rudenko boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
2017-yil aprel oyidagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga va 2018-yil oktabr oyidagi Prezident Vladimir Putinning O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlarni bajarish jarayoni ko‘rib chiqildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida 2019-2024-yillarga mo‘ljallangan umumiy qiymati 25 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lgan ikki tomonlama hujjatlarni amalga oshirishni tomonlar nazorat qilmoqda.
Ta’kidlanganidek, strategik sherikchilikni mustahkamlashda o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Uning hajmi so‘nggi ikki yilda 1,5 barobarga oshdi. Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida tovar aylanmasi 5,8 mlrd. dollarni tashkil etib o‘tgan yilning mazkur davriga nisbatan 14,1%ga oshdi. Yil boshidan buyon 130 ta iqtisodiy delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari tashkillashtirildi.
Shu nuqtayi nazardan ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston viloyatlari Rossiyaning 70 ta subyektlari bilan samarali munosabatlar o‘rnatdi.
Maslahatlashuvlarda 2020-yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan ikki tomonlama tadbirlar, jumladan Hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiya va Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishlarini o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Rossiya kun tartibining boshqa dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.